16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

YAXSHISI, KITOB O‘QIY QOL…

Nuqtai nazar

Qishloqdan sinfdoshim qo‘ng‘iroq qildi. U yoq, bu yoqdan ozroq suhbatlashdik. Turli mavzulardagi gurunglardan so‘ng iddaoga o‘tdi:

– Jo‘ra, bir qo‘shiq chiqibdi, maza qilib eshitdim. Shuni kim aytganini topib ber. Senga ham «Telegram»dan jo‘natib qo‘ydim.

– Mayli…

Xayr-xo‘shdan so‘ng ichimga bir yorug‘lik kirdi. Umri tirikchilik ko‘yida, qir-adirlarda chorvasiga andarmon o‘tayotgan do‘stim qo‘shiqqa maftun bo‘lganidan sevindim. O‘zimga o‘zim aytaman: mana, san’atning kuchi!

Qurolim faqat so‘z bo‘lgani uchunmi, qo‘shiq tinglayotganda uning she’ri  matni, mazmuniga jiddiy e’tibor qilaman. Sinfdoshimni maftun etgan ashulaning musiqasi ham diqqatimni tortdi. Turli xalqlar san’ati ohangi uyg‘unlashtirilgan, ritm o‘ziga tortadi. Biroq qo‘shiq boshlangach, hafsalam pir bo‘ldi. So‘zlari juda g‘aliz va ma’nosiz edi.

Mana o‘sha matn:

Tog‘lar uzoq turar,

O‘zini baland demas.

Daryolar uzoq oqar,

Qayerga yetishini aytmas.

Faqat inson qalbi

So‘rayverar yana va yana

Nima topish uchun…

U yog‘iga sabrim yetmadi. Matnni she’r qolipiga solishni-ku aytmang, mazmun qidirsak ham kalavaning uchini topish mushkul.

Xo‘sh, bu qo‘shiqdan muddao nima?

Axborot asrida yashayapmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda millionlab ko‘rishlarga erishgan bu tarona allaqachon yoshlar orasida ommalashib ketibdi. Shahardagi ko‘p qavatli uylardan tortib, purviqor tog‘largacha aks sado bermoqda ekan.

Qoyil, kimdir bir necha daqiqa ichida «yangi qo‘shiq» yaratib qo‘yadi. Ovoz, musiqa, matn tayyor. Hatto ayrimlarida ijrochi sasi mashhur xonandalarning ovoziga ham juda o‘xshaydi. Texnologiyaning imkoniyatiga tasanno. Haqiqiy san’at hayratda…

Bugun sun’iy intellekt she’r to‘qiyapti, kuy bastalayapti, qo‘shiq yozayapti. Shu jarayonda u muhabbat, sog‘inch, ayriliq, ona mehri, Vatan tuyg‘usini inson kabi qalbdan o‘tkaza oladimi, dardni his qiladimi? Gap ana shunda.

Xalqimizda qo‘shiqchilik san’ati paydo bo‘lganidan buyon u ruhiy tarbiya vositasi bo‘lib kelgan. Keling, olis o‘tmishga sayr etmaylik. Kechagina biz bilan bir havodan nafas olgan ustoz hofizlar Sherali Jo‘rayev, Ortiq Otajonov, O‘lmas Saidjonovning ashulalarini bir eslaylik. Ulardagi ohang, dard, mazmun-mohiyat, qo‘shiqning o‘ziga xos g‘oyasi xalqimizning kechinmalari, o‘y-xayollari, orzu-umidlari, buguni, o‘tmishi va kelajagi bilan uyg‘un edi. Shuning uchun ular umrboqiy tuyulaveradi.

Tabiiyki, sun’iy intellekt bularni his qilmaydi. U faqat hisoblaydi. Berilgan buyruqqa ko‘ra, u minglab qo‘shiqlarni tahlil qilib, o‘xshash ohang va matn yaratadi. Ijod azobini bilmaydi, tunda uxlamay she’r yozgan shoirning hislarini sezmaydi, so‘z mohiyatida yashiringan ruhiy holatga tushmaydi. Sahnaga chiqishdan oldingi hayajon zavqini tuymaydi. Shuning uchun sun’iy intellekt yaratgan qo‘shiqlarda texnika bor, ammo ruh yetarli emas.

Bir jozibador san’at namunasini yaratishning o‘zi bo‘lmaydi. Shoir she’r yozadi, bastakor kuy bastalaydi, xonanda mashq qiladi. Buning ortida mehnat bor. Hartugul men shunday tasavvur qilaman. Hozir esa ba’zi ayrimlar ikki-uchta tugmani bosib «ijodkor» bo‘lib qolyapti.

Yana bir xavotirli jihat: yoshlarning musiqiy didi o‘zgaryapti. Ular uchun qo‘shiqning ma’nosi emas, ritmi muhim bo‘lib qolyapti. Matn mazmuni ahamiyatsiz, muhimi, trendga chiqsa bo‘ldi.

Shunga monand, sun’iy intellekt eng ko‘p tinglanadigan uslublarni takrorlaydi. Natijada bir-biriga o‘xshash, mazmunsiz, «yengil» qo‘shiqlar ko‘payapti. Eng yomoni – ashulalarda milliy ohang va milliy ruh asta-sekin yo‘qolib borishi ehtimoli bor. Chunki algoritm milliy qadriyatni hisobga olmaydi.

Albatta, texnologiyalar rivojiga qarshi chiqib bo‘lmaydi. Sun’iy intellektni ham inkor qilish to‘g‘ri emas. U studiya ishlarini yengillashtirishi, yangi imkoniyatlar ochishi mumkin, lekin haqiqiy ijodkorning o‘rnini egallab olmasligi kerak. San’at – bu qalbning mahsuloti. Qalbsiz san’at esa shunchaki tovush bo‘lib qoladi.

Masalan, Alisher Navoiy asarlari nega asrlar davomida yashab kelyapti? Chunki ularda insonning ruhiy evrilishlari, qalbning boqiy dardlari va xalqimizning boy hikmatlari mujassam. Sun’iy intellekt esa hozircha faqat inson yaratgan narsalarni qorishtirib beryapti, xolos. Mashhur xonandalar ovozidan ruxsatsiz foydalanish – yana bir masala.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan ayrim yasama qo‘shiqlarda «xonanda» ovozi mashhur san’atkorlarnikiga juda o‘xshab ketadi. Bu esa axloqiy va huquqiy savollarni keltirib chiqaryapti. Axir taniqli ovozlar ham kimningdir ijodiy mulki-ku. Kimdir yillar davomida o‘z uslubini yaratadi, ovozini xalqqa tanitadi. Keyin esa allakim mashhurlik uchun sun’iy intellekt yordamida undan foydalanib kontent tayyorlaydi. Bu kelajakda katta bahslarga sabab bo‘lishi mumkin.

Muammo sun’iy intellektda emas. Muammo uning imkoniyatlaridan qanday foydalanishda. Agar texnologiya ijodkor ijodini sayqallasa – yaxshi. Aksincha, u san’atni yengil mahsulotga aylantirib qo‘ysa, kelajak avlod uchun jiddiy ma’naviy inqiroz xavfi tug‘ilishi mumkin.

San’at inson didini shakllantiradi, ruhni chiniqtiradi, avlodni milliy an’ana va qadriyatlarga sodiq qilib tarbiyalaydi. Tasavvur qiling, o‘zi yengil-yelpi qo‘shiqlar ko‘payib borayotgan bir paytda milliy qo‘shiqchilik san’atimizni battar inqirozga olib keluvchi omillarga ko‘z yumsak, keyin nima bo‘ladi? Yoshlarning didi, kayfiyati, hatto fikrlash tarzi qay ahvolga keladi? Ularning yurish-turishi, xatti-harakatlarida o‘zgarib qolmaydimi?!

Kun bo‘yi xayolda shu kabi savollar aylandi, taskin bera oladigan javob topolmadim. Shu fikrlar tafakkurimni cho‘lg‘ab, vaqt allamahal bo‘lganini ham bilmay qolibman. Ertasi tongda do‘stimga qo‘ng‘iroq qildim. Bunday qo‘shiqlarni eshitmagani ma’qulligini, unda mazmun yo‘qligini aytdim. U esa biroz sukut saqlab turdi-da, «Bir menmi, hamma eshityaptiku», dedi.

Ko‘chaga chiqdim, taksida ham shu qo‘shiq. Ostona hatlab uyga kirarkanman, o‘sha ohang jo‘rligida aytilayotgan qorishiq so‘zlar yana qulog‘imga chalindi.

… Shamol bosh daladan o‘tadi

Hech narsa qoldirmaydi.

Ortiga qayrilib qaramaydi,

Bulutlar osmon kezadi.

Nima qilishni bilmay turdim, «tarona»ga jo‘r bo‘layotgan farzandlarimga tiklanib,  beixtiyor javonda turgan kitoblardan birini oldim.

– Yaxshisi, kitob o‘qiy qol…

Bahodir HALIMOV