16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

Sanoatlashgan intensiv bog‘lar barpo etiladi

Qashqadaryoda 2026-2028–yillarda 12 ming gektardan ortiqroq maydonda sanoatlashgan intensiv bog‘lar barpo etiladi.

Bu Prezidentning iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bog‘ va tokzorlarni yangilash, sanoat usulidagi intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish orqali qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar yaratish, sanoatlashgan bog‘larni oqilona va aniq hisob-kitoblar asosida joylashtirish maqsadida 2026-yil 9-iyunda qabul qilingan «Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Umuman, hujjatga asosan respublika miqyosida ko‘rsatilgan davrda 172 ming gektar sanoatlashgan bog‘lar barpo etish belgilangan. Jumladan, viloyatimizda eski bog‘larni sanoatlashgan intensiv bog‘larga aylantirish yo‘li bilan 5000 gektar, yer uchastkalarini o‘zlashtirish va auksion savdolariga chiqarish hisobiga 6016 gektar, paxta va g‘alla joylashtiriladigan maydonlarni qisqartirish asosida 1000 gektar, jami 12016 gektar maydonda yangi sanoatlashgan intensiv bog‘lar tashkil qilish rejalashtirilgan.

Shundan 2895 gektari joriy yilda – 1800 gektari eski bog‘larni sanoatlashgan intensiv bog‘larga aylantirish yo‘li bilan, 1070 gektari yer uchastkalarini o‘zlashtirish va auksion savdolariga chiqarish hisobiga, 25 gektari paxta va g‘alla joylashtiriladigan maydonlarni qisqartirish asosida barpo etiladi. Keyingi yilda esa bu ko‘rsatkich umumiy hisobda 3166 gektarni tashkil etadi: mos ravishda 1385; 1366; 415 gektar.

2028-yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengayib, 5955 gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bog‘lar yaratiladi. Bunda, eski bog‘larni sanoatlashgan intensiv bog‘larga aylantirish yo‘li bilan 1815 gektar, yer uchastkalarini o‘zlashtirish va auksion savdolariga chiqarish hisobiga 3580 gektar, paxta va g‘alla joylashtiriladigan maydonlarni qisqartirish asosida 560 gektar maydonda zarur agrotexnik va tashkiliy tadbirlar bajarilib, yangi ko‘chatlar ekiladi.

E’tiborli jihati, farmonga ko‘ra, bog‘ yaratishga doir hujjatlar asosida sanoatlashgan intensiv bog‘ barpo etadigan tadbirkorlik subyektlariga davlat tomonidan salmoqligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash paketi ham taqdim etiladi. Xususan, 2026-yil 1-iyuldan bog‘ yaratishga doir hujjatlar asosida eskirgan bog‘larni yangilash va sanoatlashgan bog‘larni barpo etishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etiladi:

tijorat banklari orqali 7 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada har bir gektarga 120 million so‘mgacha miqdorda kreditlar;

 xorijiy davlatlardan «in-vitro» usulida yetishtirilgan va sertifikatga ega mevali ko‘chatlarni import qilish uchun tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari orqali 18 oygacha muddatga milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 4 foiz), har bir mevali ko‘chat uchun 5 AQSH dollarigacha ekvivalentida kreditlar ajratiladi;

xalqaro moliya institutlaridan meva-sabzavotchilik sohasi uchun jalb qilingan resurslar hisobidan ochilgan kredit liniyalaridan tadbirkorlarga milliy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha yillik stavka 14 foiz (shundan, bank marjasi 4 foiz) etib belgilanadi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan har bir gektar yerni foydalanishga kiritish, yangi intensiv bog‘ va tokzorlarda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, ko‘chatlarni shpalerga ko‘tarish kabilar bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash tartibida, jami 18 ta yo‘nalish bo‘yicha subsidiyalar ajratish ham ko‘zda tutilgan.  Misol uchun, ekinboplik xulosasi mavjud «in-vitro» sharoitida yetishtirilgan har bir mevali ko‘chatga 25 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, sanoatlashgan intensiv bog‘ barpo etadigan tadbirkorlik subyektlari tegishli soliq imtiyozlari asosida ham moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.

Yana bir yangilik, endi eskirgan bog‘larni yaroqsiz deb topish, ular o‘rnida sanoatlashgan bog‘lar barpo etish yoki haydaladigan yerlar turiga o‘tkazish to‘g‘risida xulosa qabul qilish vakolati Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga ham beriladi. Shuni unutmaslik kerakki, agentlik tomonidan xulosa berilgan sanadan boshlab:  12 oy davomida yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilmagan taqdirda, ushbu bog‘lar joylashgan maydonlar uchun yer solig‘i va suvdan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 3 baravarga oshiriladi;

 24 oy davomida yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilmagan taqdirda, ushbu bog‘lar joylashgan maydonlarda suv olish taqiqlanadi.

Farmon bilan Qashqadaryoda 2026-2028-yillarda sanoatlashgan bog‘larni barpo etish tadbirlariga viloyat hokimligi mas’ul etib biriktirilgan bo‘lib, AT «Aloqabank» hamkorlikda ishni tashkil qilishga ko‘maklashadi.

O‘z muxbirimiz