Rossiya prezidenti Vladimir Putin chet el fuqarolari uchun davlat bojlarini sezilarli darajada oshirishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Tegishli hujjat mamlakat rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilingan.
Yangi qonunga muvofiq, bir qator xizmatlar bo‘yicha davlat bojlari oshiriladi. Jumladan, Rossiya fuqaroligini olish uchun to‘lov 4,2 ming rubldan 50 ming rublgacha, ya’ni qariyb 12 barobarga ko‘tariladi.
Vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma rasmiylashtirish uchun boj qariyb 8 barobarga oshirilib, endi 15 ming rublni tashkil etadi.
Yashash guvohnomasini (doimiy yashash huquqini) olish uchun to‘lov esa 6 ming rubldan 30 ming rublga, ya’ni 5 barobarga ko‘payadi.
Shuningdek, chet ellik ishchilarni jalb qilish ruxsatnomasi uchun davlat boji joriy etiladi: har bir yollangan mutaxassis uchun 15 ming rubl.
Ayni paytda qonunda ayrim toifadagi shaxslar uchun imtiyozlar ham belgilangan. Jumladan, prezident farmoni bilan Rossiya manfaatlariga xizmat qiluvchi shaxslar deb e’tirof etilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, ularning oila a’zolari vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma va yashash guvohnomasi uchun davlat bojini to‘lamaydi.

