Viloyat hokimining 2026-yil 22-iyundagi tegishli farmoyishi bilan hududda barqaror startap loyihalar ekotizimini shakllantirish, startap loyihalarni g‘oyadan masshtablashtirish va investitsiya bosqichiga olib chiqish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishning innovatsion yechimlarini izlab topish maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovda qatnashish uchun arizalar 15-iyulga qadar tanlov.qashqadaryo.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
Tasdiqlangan nizomga ko‘ra, tanlovda qatnashish ixtiyoriy bo‘lib, unda viloyatdagi oliy ta’lim tashkilotlari talabalari, magistrantlari, doktorantlari, yosh tadqiqotchilar va tadbirkorlar hamda 5 nafargacha a’zodan iborat tashabbuskor jamoalar ishtirok etishi mumkin. Ariza beruvchilarning yosh chegarasi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lishi shart.
Tanlovga kelib tushgan arizalar asosida 16-iyuldan 30-iyulga qadar oliy ta’lim tashkilotlarida ichki va OTTlariga oid bo‘lmagan erkin da’vogarlar hamda tashabbuskor jamoalar uchun viloyat markazida dastlabki saralash amalga oshiriladi. Agar oliy ta’lim tashkilotlariga oid bo‘lmagan erkin da’vogarlar hamda tashabbuskor jamoalar soni ko‘payib ketsa, zaruratga qarab tanlovning tuman (shahar) qo‘shimcha saralash bosqichi o‘tkazilishi ham mumkin.
Bunda, saralash yakunlariga ko‘ra, har bir oliy ta’lim tashkilotidan va tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan uchtagacha startap tanlovning 1-avgustdan 15- avgustga qadar tashkil qilinadigan viloyat final bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi. Loyihalar soni va sifati yuqori bo‘lgan taqdirda OTTlari qo‘shimcha 1-2 ta loyihani «zaxira nomzod» sifatida taqdim etishi mumkin.
Tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi 30-avgustga qadar uyushtiriladi.
Yo‘nalishlar va baholash mezonlari
Tanlov quyidagi o‘nta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha tashkil etiladi:
– axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va raqamli xizmatlar;
– agrotexnologiyalar va suv tejamkor yechimlar;
– ta’lim texnologiyalari;
– tibbiyot va ijtimoiy xizmatlar;
– moliyaviy texnologiyalar;
– davlat xizmatlari va hudud boshqaruvini raqamlashtirish;
– yashil texnologiyalar;
– turizm va xizmat ko‘rsatish;
– sanoat, logistika va mahalliy ishlab chiqarish;
– viloyatdagi aniq muammolarni hal etishga qaratilgan boshqa startaplar.
Taqdim etilgan loyihalarning har biri 8 ta mezon bo‘yicha 100 ballik tizim asosida ochiqlik, raqobat, shaffoflik, amaliyotga yo‘naltirilganlik va teng imkoniyatlar prinsiplariga qat’iy tayangan holda baholanadi.
Bunda startap o‘zida mujassam etgan muammoning realligi, aholi, tadbirkorlik subyektlari yoki hudud iqtisodiyoti uchun ahamiyati, uning ko‘lami va yechimga bo‘lgan ehtiyoj;
taklif etilayotgan yechimning yangiligi, mavjud yechimlardan farqi, raqobatda ustunligi va muammoni hal qilish samaradorligi;
ishchi namuna, prototip, dasturiy mahsulot yoki amaliy modelning mavjudligi, tayyorlik darajasi va sinov natijalari;
maqsadli mijozlar, bozor ehtiyoji, raqobat muhiti, mahsulot yoki xizmatdan foydalanuvchilarni jalb qilish imkoniyati;
viloyat hududida sinab ko‘rish, joriy etish, kengaytirish hamda real buyurtmachiga bog‘lash imkoniyati;
daromad olish modeli, asosiy xarajatlar, moliyalashtirishga ehtiyoj va loyihaning barqaror ishlash imkoniyati;
jamoa a’zolarining bilimi, tajribasi, vazifalar taqsimoti, loyihani amalga oshirish qobiliyati va unga sadoqati;
loyihani aniq va ishonchli taqdim etish, vaqtdan samarali foydalanish hamda mualliflarning hakamlar savollariga asoslangan javob berishi hisobga olinib, tegishli ballar taqdim etiladi.
G‘oliblar pul oladi va istiqbolli loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi
Tanlov nizomida belgilanganidek, sovrindorlar birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin, shuningdek, kelib tushgan startaplarning yo‘nalishi, dolzarbligi va xususiyatidan kelib chiqib, beshtagacha maxsus nominatsiya asosida taqdirlanadi.
Bunda, g‘oliblar diplom, kubok yoki statuyetka hamda mos tarzda 50, 30, 20 million so‘m mablag‘ bilan rag‘batlantirilishi; nominatsiyalar uchun 10 million so‘mdan mukofot berilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, barcha final qatnashchilariga tanlovda ishtirok etganligini tasdiqlovchi elektron sertifikat beriladi.
Tanlov g‘oliblari va istiqbolli deb topilgan startaplarni tadbirkor-mentor, texnik mutaxassis yoki soha ekspertini biriktirish; akseleratsiya yoki inkubatsiya dasturiga jalb etish; hamkor tashkilotlarning infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatini berish; biznes-reja, biznes-model, moliyaviy hisob-kitob va investitsiya taqdimotini tayyorlashga yordamlashish; banklar, xususiy investorlar, tadbirkorlar va venchur fondlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etish; mahalliy, respublika va xalqaro grantlar dasturlariga ariza topshirishga ko‘maklashish; loyihani real sektor, davlat tashkiloti, OTT yoki tadbirkorlik subyektida pilot sinab ko‘rish tarzida qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, sovrindorlar pul mukofoti to‘langan kundan boshlab 15 kun ichida loyihani keyingi olti oy davomida rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tanlov Tashkiliy qo‘mitasiga taqdim etgan holda ko‘rsatilgan davrda unda ko‘zda tutilgan maqsadlarga erishilishi monitoring qilib boriladi. Yakunda eng yaxshi natija ko‘rsatgan loyihalarni keyingi bosqichda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Qanday natijaga erishiladi?
Tanlov startaplar mualliflarini faqat mukofotlash emas, balki ularning loyihalarini mentorlik, pilot, akseleratsiya va investitsiyaga tayyorlash orqali rivojlantirishga qaratilgan amaliy mexanizm hisoblanadi.
Uning zamirida xolis aniqlagan eng istiqbolli startaplarni tadbirkorlar, investorlar va real sektor subyektlari bilan bog‘lash g‘oyasi mujassam. Shu tarzda o‘zaro amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, istiqbolli startaplar viloyat iqtisodiyoti uchun foydali yechimlarga aylantiriladi.
O‘z muxbirimiz

