16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

KELAJAKKA QO‘L KO‘TARMANG!

Bola huquqlari – himoyada

Bir necha yil avval guvoh bo‘lganim – ushbu voqea qalbimni larzaga  solgan edi. Yosh qo‘shni ayol vafot etdi. Turmush o‘rtog‘i esa uning yilini ham kutmasdan ikki bolasi bilan eridan ajrashgan bir ayolga uylanib oldi. Shu vaqtga qadar ro‘shnolik ko‘rmagan, ikki bolasi bilan ijarama-ijara sargardon yurgan ayol birdaniga dang‘illama hovliga, tayyor uy-joyga, farovon turmushga ega bo‘ldi. Xalqimizda «Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin» degan naql bor. Bu ayol ham shu uy-joylarni qurguncha rahmatli bo‘lib ketgan qo‘shnimizning qancha mehnat qilgani, yelib-yugurgani, hatto sog‘ligini yo‘qotib, hayotdan ko‘z yumgani haqida o‘ylamadi. Ro‘zg‘ordagi tartib, badastirlikni ko‘rib, o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Hali 7 yoshga ham kirmagan Adhamni birinchi kundan turtkilay boshladi. O‘zining bolalari bilan  pista chaqib, po‘chog‘ini terdiradi, hali kuchi yetmaydigan ishlarni – pollarni artish, idishlarni yuvish kabi yumushlarni bajarishga majburlaydi. Biror bir yumush bolakayning esidan chiqsa, ayamasdan uradi. «Dadangga aytsang, o‘ldiraman», deb tahdid qiladi. Bola shunchalik qo‘rqadiki, xatto tushlarida ham «Urmang, urmang», deb alahsiraydigan bo‘ladi. O‘gay onaning qahri shunchalik qotdiki, hatto bir tishlam nonni ham go‘dak uchun ko‘p ko‘rardi.

Otaning esa bu qiynoqlardan xabari yo‘q edi. Aslida xabari yo‘q deyish ham noto‘g‘ri. Chunki makkora ayolning makri otaning ko‘zini, qalbini ko‘r qilgandi. Yaxshiyamki, sinf rahbarining sezgirligi, onalik mehri fojianing oldini oldi…

Sir-u sinoatga to‘la bu hayotda tasavvur qilishimiz qiyin shu kabi voqealarga ahyon-ahyonda bo‘lsa ham duch kelamiz. Afsuski, beshafqat hayotning ana shunday ayanchli ko‘rgiliklari borligi ham haqiqat. Adham ham bir mahallar onajonisining tilab olgan, yer-ko‘kka ishonmay parvarish qilayotgan gul-niholi edi. Hamma yaxshi narsalarni onajonisi unga ilinar, kosachasidagi ovqatini oxirigacha yesa, onajonisi uchun bayram bo‘lib, shunaqa maqtar ediki… Dunyoda Adhamdan aqlli bola yo‘q edi. Onasi shunday derdi.

Bugun esa o‘gay onasini ko‘rsa, o‘zidan-o‘zi qo‘lchalari titraydigan bo‘lgan. «Buncha ko‘p ovqat yeysan», deya baqirishidan qo‘rqib, shirin choyini ham oxirigacha icholmaydi… Kecha hadeb tuflingni teshib kelaverasanmi, deb oyoqchalariga rosa tepdi. Bo‘lmasa, futbolni ham oyoq yalang o‘ynaydi…

Maktabdan uyiga qaytish bir og‘ir, bir azob… Ilgari maktab darvozasi yonida onajonisi kutib turar, u kelgach sevinib-sevinib birga qaytishardi. Bugun esa… Bir mahallar qadrdon bo‘lgan darvozadan ichkariga kirishga yuragi betlamaydi. Astagina ichkari hatlaydi. Jovdirab atrofga qaraydi. O‘gay onasining qahrli nigohlariga duch kelishdan hadiksiraydi. Bir mahallar qushdek erkin yuradigan uyi endi xavotirli, qo‘rqinchli maskanga aylangan. Har lahzasida iztirob, hadik…

…Urush vaqtlari, bir tishlam non topish og‘ir bo‘lgan, qahatchilik kezlarida ham Onalar o‘zi yemay, begona bo‘lsa-da, go‘daklarni o‘ylashgan.  Shomahmudovlar oilasini dunyo biladi. Bu oila insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgan. Ikkinchi jahon urushi davrida turli millatlarning qarovsiz va yetim qolgan bir emas, naq 16 bolasini asrab olishgan. O‘qigan edim, urush yillarida o‘zbek oilalari jami 4,5 ming nafardan ziyod yetim bolalarni asrab olishgan ekan.  O‘zbekistonga yuborilgan yetim bolalarni olish uchun o‘zbek onalari vokzallarda soatlab poyezd kutishar ekan. Shomahmudovlar singari samarqandlik Samadovlar o‘n uch,  Qosimovalar o‘n bolani parvarishlab o‘stirgan.

Adhamning o‘gay onasi boshiga solayotgan sitamlarni ko‘rib-eshitib, «O‘zi ayollarimizga nima bo‘layapti?»,  degan fikr xayoldan o‘tadi.

Yaqinda  Ahmad Lutfi Qozonchining «O‘gay ona» asarini yig‘lab o‘qidim. Husn va ilmu odobda benuqson bo‘lgan o‘n to‘qqiz yoshli Fotima nega ikki yetim farzandning otasiga turmushga chiqdi? Fotimaning bunday fikrga kelishiga qo‘shnisi – kichik yoshida onasidan ayrilib, zolim o‘gay ona qo‘lida azoblanayotgan Ismoil ismli bolakayning ayanchli taqdiri sabab bo‘ladi. Saniha ismli bag‘ritosh o‘gay ona yetim bolalarini tinmay kaltaklar, ularga zulm qilardi. Bu achinarli holatni ko‘rib o‘sgan Fotimaning qalbi larzaga keladi va o‘ziga: «Agar men o‘gay ona bo‘lsam, zinhor bunday qilmayman, yetimlarni baxtli qilaman», deb so‘z beradi. Va oilasi vafot etib, ikki bolasi bilan qolgan Odilbekka turmushga chiqadi. Fotima go‘daklarni zulmdan asrashni o‘z zimmasiga oladi. Zulmning esa har qanday turi yomon, ammo eng yomoni yetimga qilingan zulm.

Jamiyatdagi «O‘gay ona bag‘ritosh bo‘ladi» degan salbiy qarash Fotimaning cheksiz mehri orqali chil-chil bo‘ladi. U bolalarga tuqqan onasidek mehr beradi. Fotima xonadonga kelgan ilk kunlaridanoq aynan Farid va Hilolga chin onalik mehrini berib, ularni go‘zal axloqli insonlar qilib tarbiyalaydi. Roman so‘ngida qo‘shni bola – Ismoil shifokorlik diplomini olib, Fotimaning huzuriga keladi. U diplomni Fotimaning oyoqlari ostiga qo‘yib, yig‘lagan holda: «Agar siz bo‘lmaganingizda, men bu kunlarga yetolmasdim, ko‘chalarda nobud bo‘lardim. Siz mening haqiqiy onamsiz!», deydi.

Tasavvur eting, bugun himoyasiz qolgan, mehrni sezmagan bola ertaga kim bo‘ladi? Kamsitilgan, kaltaklangan,  xo‘rlangan, xorlangan  bola kim bo‘lib voyaga yetadi?

Oila psixologi Shoira Isoqovaning so‘zlariga ko‘ra, bolaligida har qanday zo‘ravonlikka uchragan bolalarning asab tizimi ishdan chiqadi, bunday bolalar asabiy, agressiv, tajovuzkor bo‘lib ulg‘ayishadi. Qattiq jismoniy jazo olgan bolalar sog‘lig‘ida turli jarohatlar va surunkali stress kuzatiladi.

Qattiq qahr, aytilgan haqorat va berilgan ozor uchun javobgarlik muqarrarligini hayot ko‘rsatayapti. Garchand o‘gay ona Adhamga zulm qilgan, azob bergan bo‘lsa-da, shafoatni aynan Adhamdan ko‘rdi. Erka, ichkilikka berilgan o‘z o‘g‘lining kaltaklaridan vaqti kelib, qiyinchiliklarda toblangan Adham uni himoya qila oldi. Nima eksang, shuni o‘rasan, degan xalq maqoli bilib aytilgan. Ma’naviyati sust onaning tarbiyasi o‘ziga o‘xshagan noshudni voyaga yetkazdi. Adhamni esa mehnatkash, aqli raso Ona dunyoga keltirgani ham bor haqiqat edi.

O‘gay ona timsolini ikki ayol – Adhamning onasi va Fotima harakatlarida – ikki xil tarbiya natijasini ko‘ramiz. Bu albatta odob-axloq bilan bog‘liq. Inson tug‘ilgan, ulg‘aygan muhit uning tarbiyasida muhim. Onasidan mehr ko‘rmagan, otasining tarbiyasini olmagan, xudbin, bemehr bo‘lib voyaga yetgan qizlar bola tarbiyasida ham o‘z xulq- atvorini namoyon etadi. Bolalarni qiynab, azoblab, ularga zug‘um, zo‘ravonlik qilish oila muhitida olingan yomon tarbiyaning achchiq mevasidir. Ma’naviyatsiz, qo‘liga kitob olmagan oilalarda qahri qattiq, qalbi so‘qir, beqadr qizlar voyaga yetadi.

E’tiborli jihati, bugun bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish qonunlarimiz bilan kafolatlanmoqda. Bu sohada qonunchilikning huquqiy asoslari tobora takomillashmoqda. Bola huquqlari bo‘yicha vakil instituti joriy etilgani ham bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.

Jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida 2025-yil 24-dekabrda Prezidentimizning «2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjat mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish va ularning barkamol bo‘lib o‘sishi, ishonchli himoya qilish maqsadidagi muhim qadam hisoblanadi.

Strategiyada oilalarni qo‘llab-quvvatlash, zo‘ravonlik oqibatida oilasidan ajratilgan bolalarga oilaviy muhitga maksimal darajada yaqin sharoitda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish, shuningdek, bola va oila uchun ijtimoiy xizmatlar tizimini takomillashtirish nazarda tutilgan. 2026-yil 1-fevraldan boshlab zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bolalarning xavfsiz va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyalangan muhitda yashashi va rivojlanishini ta’minlash, zo‘ravonlik xavfi ostida yashayotgan bolalarni erta aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish, idoralararo hamkorlik strategiyaning asosiy maqsadi va vazifasi hisoblanadi.

«Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» Davlat dasturida 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish nazarda tutildi.

Bolaga nisbatan har qanday zo‘ravonlik og‘ir jinoyat hisoblanadi. Bu kelajakka qarshi, qadriyatlarimiz, insoniylikka qarshi jinoyat. Jinoyat esa hech qachon tasodifan sodir etilmaydi. Bu qaysidir bo‘g‘inda nazoratning, mas’uliyatning sustligi, jamoatchilikning e’tiborsizligi. Oila, mahalla, maktab, mutasaddilarning beparvoligi. Shuning uchun ham nazorat hamma joyda bo‘lishi lozim. Menga nima demasligimiz, e’tiborsiz qaramasligimiz kerak. Har bir bola himoyada ekanini sezishi, ishonishi kerak. Bolaga nisbatan zo‘ravonlikni amalga oshirish yoki bunday holatlarni yashirish, yumshatish qonunbuzarlik ekanligi, qonun esa barchaga barobarligini teran anglashimiz lozim.

Komila KAROMOVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator