Saralangan satrlar
Tohir Malik o‘zbek adabiy fantastikasining asoschilaridan biri, “Shaytanat” romani asosida ishlangan 20 qismli badiiy film o‘z davrida chinakam shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. “Hikmat afandining o‘limi”, “Falak”, “Somon yo‘li elchilari”, “Chorrahada qolgan odamlar”, “Alvido, bolalik”, “So‘nggi o‘q” asarlari, “Jinoyatning uzun yo‘li” ilmiy-tahliliy risolasi, “Mehmon tuyg‘ular” nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar to‘plami kitobxonlar orasida ancha mashhur. Adibning “Amir Temur davri adabiyoti”, “Varaxsha”, “Unvoni inson”, “Sohilsiz dengiz”, “Zulmat saltanati”, “Moshtabib” ssenariylari asosida hujjatli filmlar suratga olingan.
“Murdalar gapirmaydilar” Tohir Malikning boylik vasvasasi, nafs qutqusi va insoniy fojialar haqida hikoya qiluvchi qissasi bo‘lib, asar inson qalbini iymon nuri ila yoritishga, hech bir zulm jazosiz qolmasligi va oxirat qayg‘usi haqidagi falsafiy xulosalarga bag‘ishlangan. Quyidagi lavhalar shu asardan.
* * *
Moziyda o‘tgan valiylardan biri “Dunyo – o‘tkinchi mehmonxonadir. Dunyodagi eng ulug‘ boylik – dunyoga berilmaslikdir. Dunyoni afzal bilgan kishi zillatga, xorlikka hukm etilib, halok bo‘lur”, degan ekan. Yana roviylar derlarki: dunyo yasatilgan kelinchakka o‘xshaydir. Ko‘zlar unga termulgan, qalblar unga mushtoq, nafslar esa unga oshiqdur. U makkor esa, barcha oshiqlarni shafqatsiz holda birma-bir halok qiladir. Hayotdagi tiriklar o‘lganlardan, keyingilar oldingilardan ibrat olmaslar…
Hisob-kitob qilinmasdan burun nafsini tiygan kishi yutadi. Nafsi bilan g‘aflatda qolgan esa zararga uchraydi.
* * *
Qabriston bizga sukunat olami bo‘lib ko‘rinadi. Aslida oh-u faryodlar o‘lkasidir! Biz bu faryodlarni eshitmaymiz, bilmaymiz. Shu bois biz mayyitlarning kechmishidan ibrat olmaymiz. Agar tinglay olganimizda edi…
“Murdalar gapirmaydilar”, deymiz. Bizga shunday tuyular? Balki ular gapirarlar, biz eshitmasmiz? Eshitsakmi edi…
* * *
Emishki, bir o‘rmonda bolta paydo bo‘lib, daraxtlarga qirg‘in keltiribdi. Og‘ochlar unga qarshi chora topolmay, qari Emandan maslahat so‘rashibdi. “Bolta deganlaring nima o‘zi? U nimadan ishlangan?” deb so‘rabdi Eman. “Bolta – temirdan yasalgan bir matohdir”, deb javob beribdilar. “O‘zi-ku, temir ekan, dastasi-chi? Dastasi ham temirdanmi?” deb so‘rabdi Eman. “Yo‘q, – debdilar, – dastasi – og‘ochdan, o‘zimizdan”. “Dastasi o‘zimizdan bo‘lsa, unga chora yo‘q”, degan ekan Eman.
* * *
Qamoq olamining ikki tartib-intizomi bor. Birinchisiga huquq idoralari tartib berganlar. Bunisi qog‘ozga tushgan, muhrlangan. Unga ko‘p holda amal qilinmaydi. Ikkinchisi qog‘ozga yozilmagan, muhrlanmagan. Ammo unga bexato tarzda bo‘ysuniladi. Qonundagi o‘g‘rilar tomonidan joriy etilgan tartib-qoidalarning buzilishi ulug‘ bir fojia sanalib, buzg‘unchi kechirilmaydi.
* * *
Dunyo ham ajoyibotlarga boy. “Yaxshi buzoq ikki onani emadi”, deganlaridek, ayrim mamlakatlarning bir emas, ikkita rahbari bo‘ladi. Birini “qonuniy president”, deydilar. Halolmi, g‘irrom yo‘l bilanmi – har holda saylanadi. Bu rahbarni yoqtirmaganlar o‘zlarini “muxolifot”, deb e’lon qiladilar-u bironta xorij yurtga borib, o‘zlariga yoqqan odamni “muvaqqat taxt”ga o‘tqazadilar. Bu endi “norasmiy president” bo‘ladi. Bu holat kichikroq doiraga keltirilsa, ya’ni oila deb atalmish o‘ziga xos “mamlakat”ga qiyoslansa, kundoshlarni eslatadi.
* * *
Bir qarasang atrofingda mehribon odamlar ko‘p. Ular senga yaxshilik qilgisi keladi-yu, ammo nima uchundir qilmaydi. Dardingga malham qo‘ygisi keladi-yu, ammo nimagadir qo‘ymaydi. Senga qo‘shilib yig‘lagisi keladi-yu, ammo nimagadir yig‘lamaydi. Boshing uzra baxt quyoshi charaqlab qolsa, uning nuridan sen bilan birga bahra olishga shoshilishadi. Bu baxt quyoshi yuzini abri balo qoplaguday bo‘lsa, pana-panaga qochadilar. O‘sha panada turib, senga bo‘lgan sadoqatlarini izhor etadilar.
* * *
Ona – farzandiga yopirilajak dard-u alamlar seli yo‘lidagi bir to‘g‘ondir. Ona yaratgan Alloh huzuriga qaytgach, bu to‘g‘on o‘z-o‘zidan yemiriladi.
* * *
Kimdir Yaratganning huzuriga borayotganiga shukur qilib ko‘z yumar, kimdir lahadda yolg‘iz yotishini o‘ylab qo‘rquv bilan jon berar, kimdir to‘plagan boyligi qolib ketayotganidan achinib o‘lar…
Bu dunyoni qanday tark etishidan qat’i nazar, barchalariga aza ochiladi. Bu dunyoda bir-birlari bilan tenglik qilmagan odamlar lahaddagi guvalaga bosh qo‘yishlari hamonoq tenglashadilar. Ammo bu tenglik ham uzoqqa bormas. Savol-javobdan so‘ng, amalga qarab ajralish yuz berar – birov to qiyomatga qadar qabr azobiga giriftor bo‘lar, birov esa bu azoblardan ozod etilar. Qiyomatda esa, uzil-kesil ajralish yuz berar…
* * *
Bandaning holi shu: go‘yo u yoki bu ishning gunoh ekanini bilmaganday yuraveradi. Boshi devorga urilib, zarba tufayli ko‘zlaridan uchqunlar sachraganida Tangrini eslaydi. So‘ng “gunohlarim bo‘lsa kechir”, deydi. Shunday degani ham katta gap. Ba’zan “E Xudoyim, qaysi gunohlarim uchun meni bunchalik qiynaysan?” deb zorlanib ham qo‘yadi. “Haromdan saqlansam edim, nafsimni tiya olsam edim, bunchalar xorlikka yo‘liqmas edim”, deb o‘zini ayblamaydi.
* * *
Ozod odam hech bir to‘siqsiz egalik qilish mumkin bo‘lgan narsaga egadir. Hech bir to‘siqsiz nimaga egalik qilishi mumkin? Faqat O‘Z-O‘ZIGA! Agar sen odamning o‘z-o‘ziga egalik qilmay boshqalarga ham hukm o‘tkazmoqqa jazm etganini ko‘rsang bilki, u ozod emasdir. U boshqalarga hokimlik qilishni istadimi, demak, u o‘z istagi, nafsi qulidir…
* * *
Bir nodon burgut… Qara-ya, burgutlarning ham nodoni bo‘lar ekan, o‘sha nodon burgut o‘rdak ovlamoqchi bo‘libdi. Endi o‘rdakka chang solaman, desa o‘rdak shartta suvga sho‘ng‘ib ketarmish. Shunda burgut astoydil qasd qilib o‘rdak tomon o‘qdek uchibdi. O‘rdak bu safar ham suvga sho‘ng‘igan ekan, “endi qutulib bo‘psan!” deb u ham sho‘ng‘ibdi. O‘rdak esa suv yuzasiga chiqib, qanotlarini yoyibdi-yu, uchib ketibdi. Burgut esa suvga bo‘kib o‘libdi.
* * *
Dunyodagi odam zotining qarichi bir-biriga mos kelmaydi. Barmoq izlarining ham o‘xshashi yo‘q. Shu kabi baxt haqidagi tushunchalar ham bir-biriga o‘xshamaydi. Agar baxt o‘lchovli narsa bo‘lsa edi, uni har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, demoq mumkin edi. Agar baxt ko‘zga ko‘ringuvchi narsa bo‘lsa edi, uni har kim o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, desak yanglishmas edik. Ayrim odamlar rangni farqlay olmaganlari kabi baxt bilan baxtsizlikning chegarasini bilmaydilar. Mashoyixlar “senga asal bo‘lib tuyulgan asli zahardir, zahar bo‘lib tuyulgani esa asaldir”, deb bejiz ogoh etmaganlar.
* * *
Dunyo nimaga o‘xshaydi? Dunyo – yasatilgan kelinchakka o‘xshaydi. Ko‘zlar unga termulgan, qalblar esa mushtoqdir. Yasatilmish kelinchakka kimlar oshiq? Shubhasiz NAFS oshiqdir. Bu kelinchak oshiqlarning barchasini halok etadi. Hayotdagi tiriklar o‘liklardan, keyingilari oldingilaridan ibrat olmayaptilar. Uch xususni unutmaslik kerak: dunyoning o‘tkinchi ekanini, ne’matlarning ham o‘tkinchi ekanini, muqarrar o‘limning haq ekanini.
* * *
Taqdir degan bir odamning fahm-farosatda tengi yo‘q, oqila va go‘zal qizi bor ekan. Taqdir qiziga qarab: “Aql, Davlat va Umid degan uch odamdan sovchi kelyapti, qaysi biriga rozi bo‘lasan?” deb so‘rabdi. Shunda qiz: “Dada, aql – insondagi eng ulug‘ fazilatdir, Aqlga suyanib turib do‘stni dushmandan, hushyorni devonadan farqlash mumkin. Lekin aqlning bir aybi bor: kishini chalg‘itib, xatarli yo‘llarga solib qo‘yishi mumkin. Davlat esa ham ishbilarmon, ham hukmdordir. Lekin Davlat hech qachon, hech kimga vafo qilmaydi. Men Umidni ixtiyor qilaman. Chunki Umid hech qachon Insonga xiyonat qilmaydi, undan ajralmaydi. Butun jahon undan manfaatdor”, degan ekan. Biz ham o‘sha Taqdirning dono qiziga o‘xshab Umidni tanlasak, adashmaymiz.
* * *
Zulmdan qochmoqlikning, zulmga nafrat qilmoqlikning yo‘llaridan biri – zulm aslan qanday ekanini yaxshiroq va aniqroq ko‘rish, anglash, tahlil qilmoqlikdir. Nafsning kelajagi – zulmdir, zulmning kelajagi esa – xorlikdir.
* * *
Bu dunyoni tashlab ketganlar gapira olsalar edi, biz bu gaplarni eshita olsak edik, g‘aflatdagi yumuq ko‘zlarimiz moshdek ochilarmi edi…
Biz “gapirmaydilar”, deymiz, aslida ular gapiradilar, ammo biz eshitmaymiz, eshitsakmi edik, qalblarimiz poralanib ketarmi edi… ularning afsuslari, chekkan nolalaridan quloqlarimiz qomatga kelarmi edi…
Suyukli payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilgan ekanlar: “Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga – Allohga qasamki, sizlar mening so‘zlarimni ulardan (ya’ni o‘liklardan) yaxshiroq anglaguvchi emassizlar, faqat ular javob qila olmaydilar xolos…”
B.SAYFIYEV tayyorladi.

