16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

DEPUTATLARNING UYIDA GAZDAN MUAMMO YO‘QMI?

Mahalliy Kengashda

Bugun xalqni davlatdan rozi qilish maqsadi mamlakatimiz  siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etayapti. Aholi murojaatlari bilan ishlash masalasi ana shu yo‘nalishdagi eng mas’uliyatli vazifalardan bo‘lib qolayotgani ham sir emas. Zero, ular aholini qiynayotgan muammolarni aks ettirar ekan, har qanday adolatli yechim odamlarning kayfiyatini belgilaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida Qashqadaryodan Prezident Xalq va virtual qabulxonalariga 48 ming 920 ta murojaat tushgan. Shundan 2 ming 330 tasi (yana bir ma’lumotda esa 2 ming 978 tasi) «Hududgaz Qashqadaryo» gaz ta’minoti filiali faoliyatiga daxldor ekan. Eng ko‘p ko‘tarilgan (1 ming 883 ta) masala – suyultirilgan gaz bilan ta’minlash.

Xo‘sh, bunga filial direktori Ulug‘bek Ernazarov qanday izoh berdi. Bu «Hududgaz Qashqadaryo» mansabdorining Xalq deputatlari viloyat Kengashida tinglangan hisobotidan ayon bo‘ladi.

 Uning ta’kidlashicha, hozirgi kunda viloyat bo‘yicha 587 mingdan ortiq aholi iste’molchilariga belgilangan jadval asosida suyultirilgan gaz yetkazib berish ishlari tashkil etilgan. Biroq, ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulot hajmlarining ehtiyojga nisbatan kam yetkazib berilishi natijasida 35-40 kundan ortiq muddatda suyultirilgan gaz olayotgan iste’molchilar soni 466 mingtaga, 50 kundan ortiq muddatda ta’minlanayotgan iste’molchilar soni esa 121 mingtaga yetgan.

Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida viloyatdagi aholi iste’molchilari uchun 40,6 ming tonna suyultirilgan gaz ajratilib, rejaga nisbatan 1,2 ming tonna yoki haqiqiy ehtiyojga nisbatan 10,4 ming tonna kam mahsulot yetkazib berilgan. Natijada uni tarqatish davriyligi hatto 65-67 kunni tashkil etayotgani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, aholi iste’molchilariga suyultirilgan gaz mahsulotini 40-45 kunda belgilangan miqdorda yetkazib berish uchun viloyatga har oyda o‘rtacha 8,5 ming tonna mahsulot ajratish zarur.

Tahlillardan ko‘rinadiki, joriy yilning dastlabki olti oyida «Hududgaz Qashqadaryo» gaz ta’minoti filialiga tushgan murojaatlar soni  o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 401 taga (yana bir ma’lumotda esa 551 taga) ko‘paygan. Demak, aholida gaz ta’minoti va filial vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha savollar ko‘paygan.

Kengash esa Ulug‘bek Ernazarovning hisobotini ma’lumot uchun qabul qilish va unga qonun hujjatlari bilan yuklangan vazifalarning ijro etilishi holatini qoniqarli deb topish to‘g‘risida qaror qilgan.

Demak, mansabdor qo‘lidan kelganini qilayapti. Suyultirilgan gaz ta’minotida bo‘y ko‘rsatgan muammolarga esa vaqtida va yetarlicha mahsulot yetkazib bera olmayotgan ishlab chiqaruvchilar aybdor ko‘rinadi. Deputatlarning uyida esa gazdan muammo yo‘q bo‘lsa kerak. Aksincha, ularni masalaning konkret yechimi borasidagi ishlar qiziqtirar, shu ketishda kuz-qish mavsumida bosh ko‘taradigan muammolar ko‘lami yanada kengroq bo‘lishi ehtimoli tashvishga solardi. Unday bo‘lmadi. Balki tinglanayotgan hisobot mavzusi murojaatlar yuzasidan bo‘lgani uchun ularning aksariyatini yuzaga keltirgan masala chetga surilib qolgandir… 

Xo‘sh, viloyatda haqiqiy ehtiyojga mos hajmda gaz olish uchun kim o‘rtaga chiqishi kerak? Umuman, buning imkoni bormi? Taqsimotdagi adolat qayerda ta’minlanadi? Mana, Kengash hisobotni tingladi, endi nima o‘zgaradi?