16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Oziq-ovqat narxlari nega oshmoqda?

Issiq ob-havo, yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishi va jahondagi beqarorlik dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashuviga sabab bo‘ldi. Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lum qilgan.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida oziq-ovqat narxlari indeksi iyun oyiga nisbatan 0,6 foizga oshib, o‘rtacha 131,1 punktni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda esa narxlar 1 foizga ko‘tarilgan.

Bunday o‘sishga yaqinda kuzatilgan issiq iqlim va energiya resurslari narxlaridagi o‘zgarishlar sabab bo‘lgan. Bu, o‘z navbatida, don mahsulotlari, o‘simlik yog‘lari va shakar bahosining oshishiga olib kelgan.

Materialda qayd etilishicha, ayniqsa don mahsulotlari narxlari sezilarli o‘sgan – iyun oyiga nisbatan 3,4 foiz, 2025-yil iyul oyi ko‘rsatkichiga nisbatan esa 6,9 foiz.

Iyun oyiga nisbatan makkajo‘xori bahosida ham o‘sishi kuzatilgan, narx 3,6 foizga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, go‘sht va sut mahsulotlari narxlari pasaygan: iyun oyi ko‘rsatkichiga nisbatan mos ravishda 2,8 va 0,7 foizga tushgan.

1-avgust kuni Bloomberg agentligi ekstremal issiq ob-havo, qurolli mojarolar va agrar sohada hosilning past bo‘lishi sababli jahonda oziq-ovqat narxlari sezilarli darajada ko‘tarilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Chunki, bu omillarning barchasi ta’minot zanjirlarini izdan chiqarib, o‘g‘itlar narxining oshishiga va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun xatarlarning kuchayishiga olib kelmoqda.