deydi «Shuhrat» medali sohibasi Gulnora Choriyeva
Shahrisabz shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi «Tikuvchi Anoragul» xususiy korxonasi rahbari Gulnora Choriyeva uchun bu yilgi Tadbirkorlar kuni alohida esda qolarli bo‘ldi. Chunki, uning milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, kashtachilik, gilamdo‘zlik, so‘zanachilik kabi ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan noyob hunarlarni asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlari e’tirof etilib, u kasb bayrami arafasida «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
– Momolarimiz qo‘llarida sayqal topgan milliy hunarmandchiligimiz namunalari meni bolalikdanoq o‘ziga rom etgan edi, – deya eslaydi u. – Havas bilan qo‘limga igna va ip olib, zavq bilan nimalardir tikishga harakat qilardim. Yillar davomida shu ish bilan shug‘ullanib, tajriba orttirdim. Bugun ortga qarab, 35 yillik tajribamga nazar tashlar ekanman, har bir yaratilgan mahsulot, har bir tayyorlagan shogird, yonimga kirib mehnat qilgan ayol – men uchun katta yutuq bo‘lganini his qilaman. Zero, hunar insonni nafaqat kasb egasi qiladi, balki uning hayotdagi o‘rnini belgilaydi, o‘z kuchiga ishonch bag‘ishlaydi.
Hunarmand 2005-yilda «Tikuvchi Anoragul» xususiy korxonasini tashkil etdi. U bugun nafaqat milliy mahsulotlar tayyorlaydigan manzil, balki xotin-qizlarni foydali mehnatga jalb etayotgan, ularga kasb o‘rgatayotgan va daromad manbai yaratayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega subyektga aylangan.
Bu yerda hunar ustalarining qo‘li bilan yaratilgan har bir mahsulotda nafaqat mehnat, balki mehr va qalb qo‘ri ham mujassam. Binobarin, milliy hunarmandchilik – bu faqat buyum yaratish emas. U avlodlar xotirasini saqlash, milliy qadriyatlarni kelajakka yetkazish demakdir. Gulnora Choriyeva ana shu mas’uliyatni chuqur his qilgan holda ish olib bormoqda. Uning uchun qo‘l mehnati asosida tayyorlangan har bir serjilo mahsulot Shahrisabz hunarmandchilik maktabi bardavomligi belgisidir.
Ma’lumki, mamlakatimizda hunarmandlar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan katta e’tibor, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyoz va rag‘batlar soha rivojiga keng yo‘l ochmoqda. Gulnora Choriyeva ham ana shunday sharoitlardan ilhomlanib, korxona faoliyatini kengaytirish, tayyorlanayotgan mahsulotlar turlarini ko‘paytirish va yangi bozorlarga chiqish maqsadida tinmay izlanadi.
– Milliy hunarmandchilik namunalarimizni xorij davlatlarida namoyish etish harakatidamiz, – deydi u. – Shunda eksportga ham ko‘proq hissa qo‘shamiz. Hozirda ancha kamyob bo‘lib ulgurgan kigizchilik va kigizga kashta solish yo‘nalishida ish olib boryapmiz. Bu tashabbus bilan milliy hunarmandchiligimizning yana bir qadimiy turini qayta tiklash, yangi mahsulotlar yaratish va qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etishga erishamiz.
Ayni paytda «Tikuvchi Anoragul» xususiy korxonasida yoshlarga hunar o‘rgatish, ularni kasbli qilish va shu asosda milliy hunarmandchiligimizning davomiyligini ta’minlash ustida ham jadal ishlar ketmoqda.
– Mukofot, kamtarona mehnatimiz yuksak darajada e’tirof etilishi bizni yangi marralar olishga undadi, kuch berdi, – deydi hunarmand. – Yanada ko‘proq mehnat qilib, faoliyatda katta yutuqlarga erishish uchun bor bilim, kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Chunki men uchun hunar – meros, mehnat – sharaf, xalqqa xizmat qilish esa eng ulug‘ maqsaddir.
Shohista BOZOROVA

