Tanlov
Viloyat hokimi sovrini uchun viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamkorligidagi «Eng yaxshi kitobxon uy bekasi» tanlovining tuman va shahar bosqichlari bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik.
Kitobxonlikni keng yoyish va targ‘ib etish, aholining kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirish, uy bekalarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali o‘tkazish hamda bilim va iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlash kabi maqsadlar ko‘zlangan tanlov 3 bosqichda: mahalla, tuman va viloyat miqyosida tashkil etildi.
Kitobxon uy bekalari mahalla bosqichida test savollariga javob berishgan bo‘lsa, tuman va shahar bosqichlari insho va savol-javob asosida o‘tdi. Eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar viloyatda o‘zaro bellashdi.
Tanlovning viloyat bosqichi teleformatda 3 ta shart asosida bo‘lib o‘tdi. «Badiiy asar bilimdoni» shartida «Lison ut-tayr», «Najot yo‘li», «Oydinda yurgan odamlar», «Yaldo kechasi», «Jeyn Eyr», «Kuchuk yetaklagan xonim», «Yashamoq» asarlari hamda «Malika Ayyor» dostonidagi syujetga oid biror epizod o‘qib eshittirildi va u qaysi asardan olinganini topish va shu asarni sharhlab berish so‘raldi.
«She’riyat» shartida Zulfiyaning «Shalola» hamda Shavkat Rahmon qalamiga mansub «Abadiyat oralab» she’riy to‘plamidan olingan va so‘zlari tushib qolgan misralarni izohlash orqali ishtirokchilar zukko va bilimdonliklarini namoyon etishdi.
So‘nggi shartda kitobxonlar tavsiya qilingan asarlardan tuzilgan savollarga javob berishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qamashi tumani Chim mahallasilik E’zoza Xushvaqtova 1-o‘rinni egallab, 50 million so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi. Qayd etish o‘rinli, E’zoza Xushvaqtova o‘tgan yilgi mavsumda turmush o‘rtog‘i bilan birga «Yosh kitobxon oila» tanlovi respublika bosqichida munosib ishtirok etgan.
Chiroqchilik Shahlo Farmonova 2-o‘rinni, g‘uzorlik Habiba Hamidova 3-o‘rinni egalladi. 2-o‘rin – 30 million so‘m, 3-o‘rin sohibasi 20 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
B.SAYFIYEV

