16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Без рубрики

MUNOFIQNING ILMI TILIDA, MO‘MINNING ILMI ESA AMALIDADIR

Saralangan satrlar

Ma’lumki, inson tarbiyasida onalarning o‘rni beqiyos. Odatda erkaklar kuni bo‘yi ishda bo‘ladi. Farzandlar esa ko‘p vaqtini ona qarovida o‘tkazadi. Shunday ekan, onaning saviyasi, dunyoqarashi, turish-tutumi bolaga ko‘p jihatdan ta’sir qiladi. Ona serial ko‘rishdan, telefondan, g‘iybatdan, qo‘yingki, o‘zidan ortmasa, boladan tayinli natija kutish qiyin. Ona ilmga ixlosmand bo‘lsa, farzandlarining vaqti nimaga sarf bo‘layotganiga qayg‘ursa, dunyoqarashini kengaytirishga, bilimini oshirishga astoydil intilsa, bunday oiladan katta shaxslar, buyuk insonlar yetishib chiqadi. Har qanday buyuk inson ortida ayol turadi, degan gap ayni shu mazmunda aytilgan.

“Olim yetishtirgan onalar”. Turk adibining bu kitobida Hazrati Maryam, Muso, Ismoil alayhissalomlarning onalari, Omina, Xadija, Zaynab, Ruqayya va Ummu Gulsum, Fotima, Oisha, Ummu Salama onalarimiz, Ali ibn Abu Tolib, Anas ibn Molik, Baro ibn Molik, Hasan Basriy, Abdulqodir Jiyloniy kabi buyuk zotlar, mazhab yetakchilarining volidai muhtaramalari haqida, ularning farzandini ilm olishga rag‘batlantirishi yo‘lidagi xizmatlari aks ettirilgan. Bu kitobni o‘qigan kishining ayollarga ehtiromi yuksalishi barobarida farzandlariga ilm berishga ishtiyoqi oshadi.

*  *  *

Qur’oni karimda shunday bir oyat borki, shu birgina oyatda ota-onaga qanday muomalada bo‘lishimiz lozimligi mukammal suratda ko‘rsatilgan: “Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “Uff” dema, ularga ozor berma va ularga karamli so‘z ayt!” (“Isro” surasi, 23-oyat).

*  *  *

Haj yo Umra qilganingizda Hiro g‘orini, Nur tog‘ini ziyorat qilgandirsiz. Ka’badan Nur tog‘iga turizm shirkatlarining transporti bilan kelib, Muhammad sollallohu alayhi vasallam uzlatga chekingan Hiro g‘origa chiqqandirsiz. Bu yo‘l yoshu qari, hammani juda charchatadi. Hadija onamiz esa hech qanday transportsiz, 6 kilometr yo‘l yurib, tik bo‘lgan Nur tog‘iga chiqib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ovqat olib borardilar. Uyda farzandlari bo‘lgani holda va turmush o‘rtoqlaridan bir og‘iz sababini so‘ramasdan vazifalarni o‘rniga qo‘yardilar. Na farzandlarini unutardi, na xojasini.

*  *  *

Ali roziyallohu anhu Fotima onamiz haqida shunday deganlar: “Kun bo‘yi ish bilan mashg‘ul bo‘lib, charchab uyga qaytganimda Fotimaning yuziga boqsam, butun g‘am-anduhlarim, toliqishim yo‘q bo‘lardi”.

*  *  *

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Hammangiz cho‘ponsiz. Hammangiz o‘z suruvingizga javobgarsiz. Amir ma’murlarining cho‘ponidir. Erkak oilasining cho‘ponidir. Ayol ham uyi va bolalarining cho‘poni. Oqibat hammangiz cho‘ponsiz va farzandingizning cho‘poni. Hamda hammangiz qo‘l ostingizdagilarga javobgarsiz”.

*  *  *

Abdulloh ibn Amir roziyallohu anhu voqeani o‘zi bayon qiladi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyimizda o‘tirganlarida onam meni chaqirdi. “Qani tez kel, senga bir narsa beraman”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onamga: “Bolaga nima bermoqchisan?”, dedilar. “Unga bir xurmo bermoqchi edim”, dedilar. Muhammad sollallohu alayhi vasallam “Diqqatli bo‘l, agar unga hech nima bermasang, senga bir yolg‘on yoziladi”, dedilar”.

*  *  *

Imom Shofe’iy juda kichik yoshdayoq Qur’onni hifz qilgan. Onasi unga ilm yo‘lida eng katta suyanchiq bo‘lgan. Faqir va yo‘qsil ekanliklari ilm olishda ancha qiyinchiliklar tug‘dirsa-da, to‘siq bo‘lolmagan. Bu qiyinchiliklardan biri yozish uchun qog‘oz topolmagan. Onasi farzandi bilan qog‘oz topish uchun hukumat binosiga borgan. U yerdan keraksiz deb tashlab yuborilgan qog‘ozlarni yig‘adi. Qog‘ozning bo‘sh joylarini topib, to‘g‘rilab, farzandiga beradi. Mana shu qog‘ozlarga imom Shofe’iy Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadislarini yozib, hadis ilmida yuksak cho‘qqilarni zabt etgan.

*  *  *

Bir kuni imom Shofe’iy madrasada ustozining u bilan shug‘ullanmay, boylarning bolalari bilan shug‘ullanayotganini kelib onasiga aytadi. Onasi ko‘ngli o‘ksigan o‘g‘liga shunday tavsiya bergan: “Bolam, sen ham ustozing qaysi talaba bilan ko‘proq shug‘ullansa, uning yoniga borib o‘tir. Faqat tingla va ilm o‘rgan”. Shu tavsiya bilan imom Shofe’iy “Sunnat qo‘riqchisi” unvonini olgan. Bu buyuk unvonning tagida dardli bir onaning imzosi bordir!

*  *  *

Bir kuni onasi Sufyon Savriyga: “Ey o‘g‘lim! Ket va ilm o‘rgan. Men senga moddiy tomondan yordam beraman. O‘n hadis (harf) yozganingda o‘zingda biror o‘zgarish sezsang, ilm olishda davom et. Yo‘q, agar nafsingda har doimgi holatingdan biror o‘zgarish bo‘lmasa, behuda urinma”.

*  *  *

O‘rganganlarimiz bilan amal qilishimiz kerak. Amal qilmasak, quruq bilimdan foyda yo‘q. Unda “Jumu’a” surasida “Kitob ortilgan eshak” deya ta’riflangan kimsalardan bo‘lib qolamiz.

*  *  *

Munofiqning ilmi tilida, mo‘minning ilmi esa amalidadir.

*  *  *

Hazrati Umar roziyallohu anhuning yoniga yamanliklar kelishganida “Orangizda Uvays ibn Amir bormi?”, deb so‘rardilar. Nihoyat u keldi. Oralarida shunday suhbat bo‘ldi:

– Sen Uvays ibn Amirmisan?

– Ha!

Muroddan keyin Qarandan-a?

– Ha.

– Sening onang bormi?

– Ha!

– Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim. Shunday degandilar: “Sizga avval Murodda yashab, keyin qaranlik bo‘lgan Uvays ibn Amir Yamandan yordam kuchi bilan keladi. Uning onasi bor. U onasiga mehribon. U nimani istasa, Alloh uning istaganini beradi. Agar undan o‘zing uchun istig‘for so‘ray olsang, so‘ra”.

*  *  *

Imom Zahabiy hadis rivoyat qilgan ayollar haqida shunday deydi: “Hozirgacha hadis rivoyat qilgan ayollarning birortasi tomonidan xato yoki yolg‘on sodir bo‘lmagan. Muhaddis ayollarning ko‘pchiligi hadis ilmi bilan mashhur bo‘lgan oilalarga mansub”.

*  *  *

Shunday odamlar borki, ular suvga tushgan xasdek hech bir maqsadsiz dunyodan o‘tib ketadilar. Ular umr dengizida suzishmaydi, balki o‘zlarini oqimga topshirishadi. Sen unday bo‘lma. Yodingda tut, iqtidorli bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi. Vаqti kelganda, shu iqtidorni ko‘rsata bilmoq lozim. Iste’dodi bo‘la turib, jur’ati bo‘lmagan insonlar oxir-oqibat shu iste’dodni uvol qiladilar. O‘zligingni namoyon qil, nimalarga qodirligingni ko‘rsat, lekin hamisha oltin o‘rtaliqni saqla!

*  *  *

Bir qishloq dehqoni shaharga bodring olib kelibdi. Undan shaharlik kishi bodring sotib olmoqchi bo‘libdi va uni sinamoqchi bo‘lib “Poyezdni ko‘rganmisan?”, deb so‘rabdi. Qishloqlik kishi o‘zicha mulohaza qilib ko‘rib, bu shaharlikning oldida sir boy bermaslik uchun o‘zini ko‘pni ko‘rgan qilib ko‘rsatmoqchi bo‘libdi. Dehqon, bu gapirgan matohi birorta yeydigan narsa bo‘lsa kerak, deb o‘ylab “Poyezdni hatto yeganman-ku!”, debdi. Shaharlik odam uning ustidan kulib, bodring sotib ola boshlabdi. Dehqon uning xaltasiga chiroyli kichik-kichik bodringlarni solayotganini ko‘rgan shaharlik: “Nega kichkinalarini, xomlarini solasan, meni laqillatmoqchimisan, anavi yetilgan katta-katta, sap-sariq bo‘lib pishganlarini sol!”, deb koyibdi. Bodringning urug‘lab ketgan katta, sarg‘ayib qolganlarini sigiriga berib o‘rgangan dehqon shaharlikning bu “farosat”iga og‘zi ochilib qolibdi va uning aytganini qilibdi. Shunday ekan, bilib qo‘yginki, har tomonlama mukammal, aqlli yoki hamma sohani to‘la biladigan kishilar kam bo‘ladi. O‘zga insonni izza qilmoqchi bo‘lgan kishining o‘zi pand yeb qoladi. Birovning ustidan kuladigan odam o‘zining ham nuqsonlari borligini esdan chiqarmasin. Sen ham birovning ustidan kuladigan kishi bo‘lma!

*  *  *

Aytaylik, bir ish bilan safarga chiqding, biyobon sahrodasan, ichgani suving tugagan, yaqin qoldiki o‘lasan. Shunda meshda suv ko‘targan bir kimsa yo‘lingdan chiqdi. U, agar molu dunyongni yarmini bersang, suvimdan beraman, desa, albatta, o‘lmaslik uchun yiqqan xazinangning yarmini berasan. Bu holatda kim ham bermaydi, joni ko‘rinadi ko‘ziga. Suvni ichding. Manzilingga eson-omon yetding, lekin qulog‘ing tagida poylab turgan shunday bir xastalik senda paydo bo‘ldiki, haligi ichgan suvingni tashqari chiqarolmay qolding. Tabiblarni chaqirding, birortasi xastaligingga em topolmadi, peshob qilolmayapsan, darding zo‘raymoqda. Shunda bir tabib kelib aytdiki, qolgan molu dunyongni menga bersang, seni davolayman, dedi. Albatta, bunday chog‘da barcha molingni qo‘shqo‘llab tabibga topshirasan. Senda nima qoldi?! Bor-yo‘g‘i bir suv ichib chiqarib tashlashga teng boyliging bor ekan.

B.SAYFIYEV tayyorladi.