16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

1 OKTABRDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar haqida xabardor qilib borishda davom etamiz. Bu gal 2026–yil 1–oktabrdan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan

Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga tuman (shahar) shtablari qarorlari asosida tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmi joriy qilinadi.

*  *  *

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav kapitalida ushbu yuridik shaxslarning ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan huquqlarni hisobga olish Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi.

*  *  *

Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

soliq organlarida xavf darajasi past hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi;

tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati va fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.

*  *  *

Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha loyihalarga mablag‘ rejalashtirishda ushbu yo‘l ostida joylashgan ichimlik va oqova suv tizimlarining texnik holatini saqlash, zarur hollarda ularni rekonstruksiya qilish va ko‘chirish ishlari loyihaviy yechimlarda inobatga olinadi.

*  *  *

Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida:

har yili 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabalarga hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilaning bir nafar farzandiga, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucher beriladi.

*  *  *

Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

Xalqaro standartlashtirish tashkilotining ekologik menejment, issiqxona gazlarini boshqarish, ekologik xavfsizlik va yashil energiya xalqaro sertifikatlarini olib, mahsulotining 30 foizini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqargan korxonalarning sertifikatni olish xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismi Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

*  *  *

Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

«Yer banki» (istiqbolli uy-joy qurish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha manzilli ro‘yxat)dagi yer uchastkalari investitsiya kompaniyalari tomonidan bosh reja konsepsiyasi va qurish loyihalariga muvofiq bo‘lgan, hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi kelishuvidan o‘tgan va qurilishga ruxsatnoma berilgan, birinchi darajali loyiha hujjatlariga ega bo‘lgan qurilishga tayyor yer shaklida, qoida  tariqasida, yirik bo‘lmagan lotlarga ajratilgan holda ochiq elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida:

Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi hamda ularni kasbga o‘qitish bo‘yicha tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali vaucherlar ajratiladi.

*  *  *

Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar statistika hisobotlarini yil yakuniga ko‘ra shakllantirib boradi;

shakllantirilgan statistika hisobotlari Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalariga taqdim etib boriladi;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan xavfli chiqindilarning hajmi hamda ularning keyingi harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlar belgilangan tartibda Yagona hisobotlar tizimi orqali kiritiladi;

xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 20-sanasiga qadar yillik rejalarda nazarda tutilgan hosil bo‘lgan xavfli chiqindilarning hajmi hamda ularning keyingi harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan shaklda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi axborot tizimiga kiritib boradi;

yillik rejalarda nazarda tutilgan ko‘rsatkichlarning bajarilishi ustidan nazorat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan amalga oshiriladi.

*  *  *

Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jismoniy va yuridik shaxslarga o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari va avtomototransport vositalarini garovga yoki ipotekaga qo‘yishga, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq qo‘yish yoki uni bekor qilish;

telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish (faollashtirish) va o‘zi foydalanmayotgan telefon raqamlariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish haqida arizalar kiritish;

telefon raqami ulangan pulli xizmatlar haqida ma’lumot olish;

bank kartalarini bloklash (yopish) haqida emitentga arizalar yuborish;

fuqaroning nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda avtomatik tarzda uni Yagona portal orqali xabardor qilish va ular hisobini yuritish xizmatlari joriy etiladi.

Jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi kabi birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda o‘zida ushbu ma’lumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi ma’lumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan o‘zgartirishlar kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

*  *  *

Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasida islohotlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

Yagona identifikatorda identifikatsiya raqami olmasdan qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.

*  *  *

Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda eksport salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi O‘zbekiston-Koreya o‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparki bilan birgalikda hududlarda «Dizayner-modelyerlar maktabi», «Marketologlar maktabi» va «Texnologlar maktabi» tayyorlov kurslarini tarmoqdagi mutaxassis va ishchilar, kasanachi va kosiblar uchun davriy ravishda tashkil etib boradi.

*  *  *

Aholiga palliativ tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida:

respublikada palliativ tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona tizimi tibbiy va ijtimoiy xizmatlar integratsiyasi asosida tashkil etiladi;

palliativ tibbiy yordamga muhtoj shaxslarni aniqlash, xizmat olish uchun yo‘llash, hisobga olish va ularga xizmat ko‘rsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;

mobil palliativ brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi hamda ular orqali uy sharoitida tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ta’minlanadi;

statsionar sharoitdagi palliativ tibbiy yordam ushbu xizmatlarni ko‘rsatuvchi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari hamda xospislar tomonidan taqdim etiladi;

palliativ tibbiy yordamini ko‘rsatishda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining «sifatli tibbiy xizmatlar» tamoyillari, jumladan, samaradorlik, xavfsizlik, tenglik, integratsiya va resurslardan oqilona foydalanish mezonlari asosida milliy sifat indikatorlari joriy etiladi;

aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, hududlarda xospis muassasalari   bosqichma-bosqich tashkil qilinadi.

*  *  *

Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda ta’minotchi korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan suv tejovchi texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalarini raqamli QR-kodli maxsus yorliqlangan belgi ostida ishlab chiqarish va sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi (GPS treker)ni o‘rnatish tartibi joriy etiladi;

suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish ishlari majburiy tartibda tasdiqlangan minimal talab va meyorlar asosida amalga oshiriladi.

Suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan o‘z mablag‘lari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning yangi tizimi joriy etiladi;

boshoqli don ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonlar uchun subsidiya ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

yangi mevali bog‘ va uzumzorlarni barpo etishga belgilangan tartibda kreditlar ajratiladi hamda bunday loyihalarni amalga oshirishga faqat suv tejovchi texnologiyalarni to‘liq joriy qilish sharti bilan ruxsat beriladi;

suv tejovchi texnologiyalarni xarid qilish va qurish maqsadida tijorat banklari tomonidan har bir gektar yer maydoniga 20 million so‘mgacha ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori, biroq 10 foizlik punktidan oshmagan qismi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan qoplab beriladi;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning talabidan kelib chiqib, g‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun kredit mablag‘larini har yil noyabr oyidan boshlab ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

*  *  *

Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida:

vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori tadbirkorlik subyektining tanloviga ko‘ra, vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy muddatda jarima miqdorining 50 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lash sharti bilan jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etish;

qo‘llangan moliyaviy jarima summasini olti oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash shakllaridan birida ixtiyoriy ijro etilishi mumkin.

Vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, undirilgan mablag‘lar, shu jumladan, moliyaviy jarima hamda penya yo‘naltirilgan manbalar (tegishli budjet va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari   jamg‘armalari va boshqalar) hisobidan 15 kun muddatda mutanosib ravishda qaytariladi.

*  *  *

2026-2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlari xavfsizligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha barcha texnik va tibbiy jarayonlarni tartibga soluvchi standart operatsion jarayonlar hamda xavfsizlik bayonnomalari amaliyotga joriy qilinadi;

«ehtiyoj – qayta ishlash – yetkazish» zanjiri doirasida biznes jarayonlarini boshqarish tizimi joriy etiladi;

qon mahsulotlarini majburiy tartibda ikki  bosqichli skrining tekshiruvidan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan

Davlat xaridlari qiymatini baholashning shaffof tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

barcha davlat buyurtmachilari davlat xaridlarini amalga oshirishdan oldin davlat xaridlari predmetining o‘rtacha bozor va boshlang‘ich narxini mazkur qarorga muvofiq davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalining alohida modulida shakllantiradi;

davlat xaridlarida o‘rtacha bozor narxlari bo‘yicha elektron modul to‘liq ishga tushiriladi.

*  *  *

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

tuman (shahar) hokimliklari tasarrufidagi munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi turar joylar davlat ta’minotidagi hamda nomida mol-mulki yo‘q muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan oilalarga ustuvor ravishda ijara asosida beriladi;

muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga tuman (shahar), hududiy va respublika darajasidagi tibbiyot muassasalarida ambulator yoki rejali statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatilishi Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazi joylashgan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

*  *  *

Temir yo‘l orqali ichki qatnovlarda yuk tashish buyurtmanomalarini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida:

temir yo‘l orqali ichki qatnovlarda yuk tashish buyurtmanomalari Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtiriladi.

*  *  *

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga sifatli ta’lim olish imkoniyatini yaratish, ularni jamiyatga integratsiya qilish va individual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida:

davlat ta’lim tashkilotlarining maxsus pedagoglari uchun amaliy stajirovkalar tashkil etiladi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.