16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

O‘zgarayotgan Yakkabog‘

Bugun Qashqadaryoda hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, turistik jozibadorligini oshirish, aholi uchun munosib yashash va dam olish sharoitlarini yaratishga qaratilgan ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Yakkabog‘ tumanidagi Ayg‘irko‘l mahallasida barpo etilayotgan zamonaviy istirohat bog‘i ana shunday e’tiborga molik tashabbuslardan biri sanaladi.

Umumiy maydoni o‘n gektardan oshadigan bog‘da aholi va mehmonlar uchun turli ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish, sayr qilish hamda madaniy hordiq chiqarish imkoniyatlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Bu yerda qurilayotgan 650 o‘rinli muhtasham amfiteatr loyihaning muhim qismlaridan biridir. Qiymati 6 milliard so‘mga baholanayotgan mazkur  inshootda bayramlar, konsertlar, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Eng muhimi, kelgusida u tumanning madaniy hayotini yangi bosqichga olib chiqadigan jamoat maskani sifatida xizmat qilishi kutilayapti.

Yangi istirohat bog‘i uchun 18 milliard so‘mlik zamonaviy attraksionlar keltirilayotgani ham istirohat bog‘i loyihasining ko‘lamidan dalolat beradi. Bu, birinchi navbatda, bolalar va yoshlar uchun zavq-shavqqa to‘la, qiziqarli  vaqt o‘tkazish imkonini kengaytiradi, oilalarning birgalikda dam olishiga qulay sharoit hozirlaydi.

Bog‘ loyihasi uni iqtisodiy faollik uchun ham qo‘shimcha nuqtaga aylantirishni nazarda tutgani bilan ham ahamiyatli. Uning hududi va atrofida xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanishi uchun imkoniyat paydo bo‘ladi. Natijada tadbirkorlik subyektlari faollashadi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Shu tarzda istirohat bog‘i faqat aholi dam oladigan joy emas, balki mahalliy iqtisodiyotda harakatni kuchaytiruvchi infratuzilma obyekti sifatida ham bo‘y ko‘rsatadi.

Ma’lumki, yurtimizga kelayotgan chet ellik turistlarni tabiiy va tarixiy obyektlar, madaniy meros bilan bir qatorda joylardagi zamonaviy infratuzilma ham qiziqtiradi. Shu nuqtai nazardan, Ayg‘irko‘l mahallasidagi yangi istirohat bog‘i yaqin kelajakda Yakkabog‘ning turistik yo‘nalishlarini boyituvchi zamonaviy obyektlardan biriga aylanishi mumkin.

Viloyat hokimi Murotjon Azimov Yakkabog‘da bo‘lib, bog‘ loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

O‘z muxbirimiz

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.