16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

FUQAROLARNING SUDGA BO‘LGAN ISHONCHINI OSHIRISHGA HAR BIR SUDYA MAS’UL

  «Odil sudlov – 2030»

Prezident tomonidan joriy yil 14-avgustda imzolangan «Odil sudlov – 2030»: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida»gi farmon bilan haqiqiy ma’noda jabhadagi katta o‘zgarishlarning keyingi bosqichi boshlandi. Hujjatga asosan tasdiqlangan «Odil sudlov – 2030» strategiyasi  Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda sud protsessiga zamonaviy huquqiy mexanizm va institutlarni joriy qilish orqali xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etishni ko‘zlashi bilan ahamiyatli.

Unda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi 2030-yilga kelib aholining ishonchiga sazovor bo‘lgan, sifatli va barqaror odil sudlovni amalga oshiradigan, inson huquqlari va erkinliklarini samarali himoya qiladigan, zamonaviy raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt asosida faoliyat yuritadigan, shuningdek, davlat hokimiyatining korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasizlik, yuksak professionalizm va ochiqlik namunasi bo‘lgan bo‘g‘iniga aylanishi lozim.

Viloyat sudi sudyasi, yuridik fanlari nomzodi Husan TURSUNOV bilan suhbatimiz ana shu mavzuda bo‘ldi.

– Farmon bilan sud tizimini isloh qilishning uzviy va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan olti ustuni belgilab berildi. Bular – «xalqchil sud», «adolat qo‘rg‘oni», «kafolatlangan adolat», «adolat posbonlari», «raqamli odil sudlov» va «xalqaro e’tirof». Strategiya ushbu muhim yo‘nalishlar asosida Yangi O‘zbekiston sud hokimiyatining yangilangan qiyofasini shakllantirishga qaratilgan islohotlarni nazarda tutgan bo‘lib, sudlar faoliyatining shaffofligi, sud jarayonlari va sud faoliyatiga oid axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali sud tizimining ochiqligini ta’minlash va jamiyatda sudga bo‘lgan mutlaq ishonchni qaror toptirish, sudlarni byurokratiyadan butunlay xoli tizimga aylantirish;

inson huquqlari ustuvorligini so‘zsiz ta’minlaydigan, har qanday ta’sir va aralashuvlardan xoli, mustaqil odil sudlov tizimini mustahkamlash;

qonuniy, adolatli va asoslantirilgan sud qarorlarini qabul qilish, ularning sifati va barqarorligini ta’minlash orqali fuqarolarning buzilgan huquqlarini sudda tiklash kafolatlarini kuchaytirish;

xalq xizmatida bo‘lgan, yuksak ma’naviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qat’iy rioya qiluvchi sudyalar korpusini shakllantirish;

sud ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, qulay va tezkor sud muhokamasi imkoniyatini yaratish;

inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish masalalarini qamrab olgan.

Farmonga asosan «Odil sudlov – 2030»: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasini 2026-2028-yillarda amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi ham tasdiqlanib, unda 57 ta vazifa, ularni amalga oshirish mexanizmi va shakli, ijro muddati, mas’ul ijrochilari aniq belgilab qo‘yilgani ahamiyatli. 

Shuningdek, strategiya doirasida 2030-yilga qadar sud tizimini isloh qilishning belgilangan olti ustuni bo‘yicha erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta asosiy maqsad ham alohida ifodalab o‘tilgan. 

Demak, jabhadagi o‘zgarishlarning bu bosqichi yanada keng ko‘lam va qamrovda kechadi. 2027-yil 1-iyuldan hududlararo sudlarni tashkil etish masalasi ana shu jarayonda bo‘ladigan muhim yangiliklardan biri sanaladi. Dastlab 5 ta, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona hududlararo sudlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ular viloyat sudlari tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha qarorlarni taftish instansiyasida qayta ko‘rib chiqadi.

Bu yangi tizimning eng e’tiborga molik jihati shundaki, bir sudning o‘zida turli instansiya vakolatlarining jamlanishiga chek qo‘yiladi. Viloyat sudining muayyan qarori alohida hududlararo sudda boshqa sud tarkibi tomonidan qayta tekshirilishi, ularni baholashda xolislik va mustaqillik tamoyili muqarrar ishlashiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning hududiy qamrovini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan,  2030-yilga qadar 208 ta tuman va shaharlarda fuqarolik sudlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Yana, strategiyada 2028-yildan sud ma’murchiligi institutini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bu o‘zida sudyalarni odil sudlov bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan tashkiliy vazifalardan ozod qilish, boshqaruvni ixchamlashtirish, resurslarni boshqarish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun maqbul sharoitlar yaratish maqsadlarini mujassam etgani bilan ham muhim. Ushbu tizim sudlarning tashkiliy, moddiy-texnik, moliyaviy, axborot-texnologik ta’minotini professional boshqarishga ixtisoslashadi. Bu esa asosiy vazifamiz bo‘lgan odil sudlovni amalga oshirish, qonuniy va adolatli sud qarorlarini qabul qilishda muhim rol o‘ynaydi, albatta.

Binobarin, «Sudyalarning xulq-atvoriga oid Bangalor prinsiplari»da belgilanganidek, sudyaning sudyalik vazifalari faoliyatning  boshqa turlaridan ustundir. Sudya o‘z kasbiy  faoliyatini sudyalik vazifalarini bajarishga bag‘ishlaydi, bu nafaqat sud muhokamasida sud va lavozim majburiyatlarini bajarish hamda qarorlar chiqarish, balki suddagi lavozim yoki sud faoliyatiga aloqador bo‘lgan boshqa vazifalarni ham o‘z ichiga oladi.

Boshqacha aytganda, sudya uchun odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyat boshqa majburiyatlarga nisbatan ustuvor bo‘lib, u o‘z vazifalarini yuqori professional darajada odilona, tezkor va vijdonan bajarishi shart.

Joriy yil 12-sentabrdan kuchga kirgan «Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida»gi Qonun ham sudlar mustaqilligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Unga asosan, endilikda sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasining davlat budjetidan amalga oshiriladi. 

Strategiyaga qaytsak, sud tizimini to‘liq raqamlashtirish undagi muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Ya’ni, bunda «Raqamli sud» konsepsiyasi asosida sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish, sud ishlarining yuritilishi, hujjat aylanmasini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish va raqamli transformatsiyani yakunlash maqsad qilingan. Buning uchun elektron shaklda yuritiladigan sud ishlari bo‘yicha ularning qog‘oz shaklini yuritish tartibini bekor qilish; barcha sud majlislarini audioyozuv orqali majburiy qayd etish amaliyotini bosqichma-bosqich joriy etish; axborot tizimlarini idoralararo integratsiya qilish orqali sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga sud xabarnomalarini gibrid pochta xizmatidan bosqichma-bosqich voz kechgan holda elektron shaklda (sms yoki elektron pochta) yuborish amaliyotini yo‘lga qo‘yish; sud rahbariyati qabuli jarayonlarini raqamlashtirish orqali fuqaro va yuridik shaxslar vakillarining qabulga yozilishini onlayn formatga o‘tkazish, shuningdek, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibining shaffofligini ta’minlash kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Natijada sud majlislarini to‘liq audioyozuv orqali qayd etishga, sud xabarnomalari to‘liq elektron shaklda yuborilishini ta’minlashga, sud rahbariyati qabuliga yozilishni to‘liq elektron shaklga o‘tkazishga, sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizi elektron shaklda berilishiga, Oliy sudning axborot tizimlaridan foydalanuvchilar sonini kamida 5 baravarga oshirishga erishiladi.

E’tibor qaratish o‘rinli, strategiya asosida 2027-yil 1-iyuldan boshlab tergov sudyasi tomonidan qamoqqa olish va uy qamog‘i ehtiyot choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish tartibiga «asosli gumon» xalqaro standartini (Prima Facie) joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Bu sudga qadar ish yuritish bosqichida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolati bo‘lib,  tergov sudyasi shaxsni jinoiy ta’qib qilishning qonuniyligi va asosliligini, gumon yoki ayblov e’lon qilish uchun dalillarning maqbulligi va yetarliligini,    shaxsni ushlab turish uchun asoslarni, ehtiyot chorasini qo‘llash zaruratini chuqur tekshirishi lozim bo‘ladi. Zarur hollarda esa qo‘shimcha dalil va materiallarni talab qilib oladi.

Demak, sudya qamoqqa olish haqidagi iltimosnomani faqat rasmiy hujjat sifatida emas, balki shaxs erkinligini cheklash uchun yetarli huquqiy va faktik asoslar mavjudligini tekshirgan holda ko‘rib chiqadi. Bu xalqaro standart agar qamoqqa olish uchun yetarli asos bo‘lmasa, tilxat, garov, kafillik va boshqa muqobil ehtiyot choralarini qo‘llash imkoniyatini kengaytiradi.

Gap insonning shaxsiy daxlsizlik huquqi haqida borar ekan, «Xabeas korpus» instituti doirasini kengaytirish maqsadida tezkor-qidiruv tadbirlari hamda tergovga qadar surishtiruv va tergov harakatlarini o‘tkazish ustidan sud nazoratini kuchaytirish kutilayotgani diqqatga sazavor.

Zero, Bosh qonunimizda belgilanganidek, insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.

Albatta, inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etishda xalq xizmatida bo‘lgan, yuksak ma’naviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qat’iy rioya qiluvchi sudyalar korpusini shakllantirish eng ustuvor vazifalar qatorida belgilandi. Inchunin, sud tizimi islohotlarining samaradorligi, avvalo, sudyalarning professionalligi, halolligi, mustaqilligi va yuksak ma’naviy fazilatlariga bevosita bog‘liqdir.

Shunday ekan, odamlarning sudga bo‘lgan ishonchini oshirishga har bir sudya mas’ul. Buni teran anglagan holda har bir ish ortida inson taqdiri turganini, odamlar sudga so‘nggi umid bilan kelishini hech qachon unutmasligimiz, ularning o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘rishimiz, qabul qiladigan har bir qarorimiz, chiqaradigan xulosamiz qonunga, adolat va xolislik tamoyillariga asoslanishi, har qanday ta’sirdan xoli bo‘lishi shart. Bizni «Odil sudlov – 2030» strategiyasi asosida erishiladigan maqsadlarga shu yo‘l olib boradi. 

Abdurazzoq MURODOV yozib oldi.