Turkiya turistik mavsumni yil bo‘yi davom etadigan tizimga aylantirish, shuningdek, mamlakatning barcha viloyatlarida soha faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilgan.
Uning ta’kidlashicha, Turkiyaning har bir go‘shasida «kashf etilishini kutayotgan go‘zallik» va «hikoya qilinishini kutayotgan tarix» mavjud.
«Biz tabiiy va madaniy merosimizni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga yetkazish barobarida turizmni to‘rt fasl va 81 ta viloyatga yoyish ustida ishlayapmiz», deb yozgan vazir.
Soha mas’ulining qayd etishicha, Turkiya o‘zining boy madaniy merosi, mehmondo‘stligi va betakror tabiati tufayli dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni qabul qilmoqda.

