Qashqadaryoga oid
Ma’lumki, «O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» – mamlakatimizdagi nufuzli faxriy unvonlardan biri bo‘lib, ta’lim-tarbiya ishlarida yuksak natijalarga erishgan, soha rivoji uchun alohida xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchilar va tizim xodimlariga beriladi.
Shu vaqtgacha Qashqadaryodan kimlar ushbu unvon bilan taqdirlangan? Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.

Boqi HASANOV
(1937-2001)
Boqi Hasanovning bolaligi urush yillarida o‘tgan. 1944-yilda otasidan «qoraxat» keladi. Shunga qaramay, yaxshi o‘qishga, yorug‘ kelajagi uchun mustaham poydevor yaratishga qattiq harakat qiladi. 1961-yildan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlay boshlaydi. Biroz o‘tib ishdan ajralmagan holda Qarshi pedagogika institutining kimyo-biologiya fakultetiga sirtdan o‘qishga kiradi. Institutni tamomlab, tumandagi 54-maktabda kimyo, biologiya fanlaridan dars bera boshlaydi. U 2001-yilga qadar ushbu ta’lim tashkilotida ishlagan.

To‘raxon ASADULLAYEV
(1941-2019)
Kasbi tumanida tug‘ilgan. 1966-yilda Qarshi davlat pedagogika institutini o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Shundan so‘ng butun faoliyati ta’lim sohasida kechdi. «O‘qituvchi ijodkorligi – dars samaradorligi» mavzuidagi metodik qo‘llanmasi chop etilgan. Pedagogik faoliyati davomida bilimi, tajribasi, kasbiga sadoqati, qolaversa, darslarni tashkil etishdagi o‘ziga xos uslublari bilan e’tibor qozongan.

Ma’mur BOYMURODOV
(1942-2014)
Koson tumanida tug‘ilgan. 1968-yilda Qarshi davlat pedagogika institutining geografiya fakultetini tamomlagan. Tumandagi 62-maktabda geografiya fani o‘qituvchisi sifatida ish boshlagan.
Bilimli, izlanuvchan muallim geografiya darslarini chuqurlashtirilgan dastur asosida o‘qitishi, ijodkorligi, turli ko‘rgazmali vositalardan keng foydalangan holda o‘quvchilarga mavzuni tez va oson yetkazib bera olishi bilan tilga tushgan.

Hanifa HAQNAZAROVA
(1944-2023)
Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. Yoshligidan ilmga chanqoq, harakatchan qiz kelgusida oliy ma’lumot olib, ustozlari kabi muallima bo‘lish orzusi bilan ulg‘ayadi. Bu orzu 1964-yilda uni Qarshi davlat pedagogika institutiga boshlab keladi. 1969- yilda Shahrisabz tumanidagi 32-maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ish boshlaydi.
Hanifa Haqnazarova nafaqat maktab jamoasi, balki tuman pedagoglari orasida ham tashabbuskorligi, izlanuvchanligi, yuksak bilim va tajribasi, har bir darsni ijodiy yondashgan holda tashkil etishi bilan hurmat qozongan.

Jo‘ra KARIMOV
(1946)
Qarshi tumanining Yakkayog‘och qishlog‘ida tug‘ilgan. 1968-yilda Qarshi davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetini tamomlagan. Pedagogik faoliyatini 1968-yilda boshlagan. 1979-yildan nafaqaga chiqquniga qadar tumandagi 9-maktabda fizika o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.
Jo‘ra Karimov fizika darsini o‘zi yasagan ko‘rgazmali qurol asosida o‘tkazgan. Baholar ko‘rsatkichi, elektr harakati ko‘rgazmalari ko‘rgazmali qurollar tanlovida sovrinli o‘rinni egallagan.

Nu’mon MEYLIKOV
(1947)
Kitob tumanida tug‘ilgan. 1968 yilda Buxoro davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetini tamomlagan. 1968-yildan 1996-yilga qadar Kitob tumanidagi turli maktablarda fizika fani o‘qituvchisi, ilmiy bo‘lim mudiri, maktab direktori kabi vazifalarda samarali mehnat qilgan. 1996-yildan nafaqaga chiqquniga qadar tumandagi 1-litsey-internatda ilmiy bo‘lim mudiri, fizika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.

Turdi MO‘MINOV
(1948)
Qarshi tumanining Xitoykenti mahallasida tug‘ilgan. 1971-yilda Qarshi davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.
Faoliyatini Kasbi tumani xalq ta’limi bo‘limi huzurida tashkil etilgan yetakchilar tayyorlash kursida boshlagan. Sakkiz yildan ortiq vaqt davomida ushbu kursda bo‘lg‘usi yetakchilarga dars bergan. 1979-yilda Qarshi tumanidagi 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lib ishga o‘tib, nafaqaga chiqquniga qadar o‘quvchilarga saboq berdi.

Bo‘ston RAHMONOVA
(1949-2023)
Qarshi tumanida tug‘ilgan. Yoshligidan ijodga havasi baland, o‘zi ham she’rlar, kichik hikoyalar mashq qilib turadigan, ijod namunalari tuman, viloyat, respublika doirasidagi nashrlarda e’lon qilinishga ham ulgurgan Bo‘ston Rahmonova maktabni tamomlab, Toshkent davlat universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kiradi. 1971-yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, Nishon tumanidagi maktabda ish boshlaydi. Bir muddat bog‘cha mudirasi bo‘lib ishlaydi. 2000-yildan boshlab Qarshi tumanidagi 20-maktabda ona tili va adabiyot fani muallimasi bo‘lib faoliyat yuritadi.

Boboxo‘ja BOBOYEV
(1949)
Kasbi tumanida tug‘ilgan. 1974-yilda Qarshi davlat pedagogika institutining boshlang‘ich ta’lim fakultetini tamomlagan. Pedagogik faoliyatini Kasbi tumanidagi 2-maktabda boshlagan.
Boboxo‘ja Boboyev dars jarayonlariga ijodiy yondashib, har bir mavzuni hayotiy voqealar, qiziqarli misollar bilan asoslab o‘tganini e’tirof etishadi. O‘quvchilarning mavzularni o‘zlashtirishida yuqori samaradorlikka erishgan.

Narzullo ARALOV
(1950)
Kasbi tumanida tug‘ilgan. 1972-yilda Toshkent davlat pedagogika institutining kimyo-biologiya fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1972-yilda boshlab, o‘quvchilarga kimyo-biologiya sirlarini o‘rgatgan.
Narzullo Aralov tomonidan kimyo-biologiya fanlarini har tomonlama samarali usulda tashkil etish bo‘yicha 500 dan ziyod ko‘rgazmali qurollar, 50 ga yaqin albomlar tayyorlangan.

Bo‘ritosh HAMROYEVA
(1950)
Qarshi shahrida tavallud topgan. 1967-yilda shahardagi 5-maktabni tamomlab, Qarshi davlat pedagogika institutining tabiat-geografiya fakultetiga o‘qishga kirgan.
Dastlabki pedagoglik faoliyatini shahardagi 14-maktabda boshlagan. So‘ng o‘zi saboq olgan 5-maktabda ishini davom ettirib, to 2012-yil – nafaqaga chiqquniga qadar yoshlarga kimyo va biologiya fanlaridan saboq bergan.
Bo‘ritosh Hamroyeva 1993-yilda kimyo fanidan chuqurlashtirilgan sinf ochishga muvaffaq bo‘lgan. Natijada muallimaning 28 o‘quvchisidan 24 nafari talabalik baxtiga musharraf bo‘lgan. Shundan so‘ng har yili o‘quvchilarining o‘rtacha 85-95 foizi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga qabul qilingan.

Toshpo‘lat RAHIMOV
(1950)
Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. 1973-yilda Samarqand davlat universitetining fizika-matematika fakultetini tamomlagan.
Pedagogik faoliyatini 1973-yilda Shahrisabz tumanidagi 37-maktabda boshlagan. 1976 yildan nafaqaga chiqquniga qadar tumandagi 30-maktabda o‘quvchilarga saboq bergan. Uning maktabda fizika va informatika xonasini zamon talabiga mos holda jihozlashi, darslarni tashkil etishda noan’anaviy usullardan keng foydalanishi ko‘p bora e’tirof etilgan.

Muftullo SADIROV
(1952-2023)
Koson tumanida tug‘ilgan. Maktabni tamomlagach, Qarshi davlat pedagogika institutining boshlang‘ich ta’lim fakultetiga o‘qishga kiradi. Muborak tumanidagi 12-maktabda ish boshlagan. 1981-yildan nafaqaga chiqquniga qadar tumandagi 9-maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.
Muftullo Sadirov faoliyati davomida domiy izlanishi, faolligi, darslarni turli noan’anaviy usullarda tashkil etishi bilan e’tibor qozongan. Turli zamonaviy dars ishlanmalaridan keng foydalangan.

Oydin ABDULLAYEVA
(1952)
Qamashi tumanining Langar hududiga yaqin Yangi qishloq qishlog‘ida tug‘ilgan. 1974-yilda Qarshi davlat pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlab, Yakkabog‘ tumanidagi Furqat nomli o‘rta maktabda ilk pedagogik faoliyatini boshlaydi. 1999-yildan nafaqaga chiqquniga qadar Qamashi tumanidagi 3-kasb-hunar maktabida o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan dars bergan. Turli tanlovlarda ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar safidan joy egallagan.

Dilorom RAHMONOVA
(1958)
Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. Yoshligidan ilmga chanqoq, barcha fanlarni puxta o‘zlashtirishga harakat qiladigan Dilorom Rahmonova umumiy o‘rta ta’lim maktabini a’lo baholar bilan tamomlab, 1976-yilda Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kiradi.
O‘qituvchilik faoliyati davomida tinimsiz mehnati, o‘qib-o‘rganishi, izlanishlari natijasida sohada ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan. 1993-yilda viloyat miqyosida o‘tkazilgan «Eng namunali fan kabineti» tanlovida 1-o‘rinni egallagan.

Nazokat VOHIDOVA
(1961)
Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. 1986-yilda Toshkent davlat pedagogika institutining psixologiya-pedagogika fakultetini tamomlagan Nazokat Vohidova shu yili Shahrisabz tumanidagi pedagogika bilim yurtida psixologiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ish boshlaydi. Nazokat Vohidova 2011-yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan. 2017-yilda esa Prezident farmoni bilan unga «O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» faxriy unvoni berilgan.

Baxtiyor ABDIYEV
(1965)
Kitob tumanida tug‘ilgan. Baxtiyor Abdiyevning nomi bugun nafaqat tuman yoki viloyat, balki respublika miqyosida ham mashhur. Bunga eng avvalo uning o‘zi va shogirdlarining qo‘lga kiritayotgan yutuqlari sabab. Xususan, Baxtiyor Abdiyev 10-sinflar uchun mo‘ljallangan «Algebra» darsligining hammualliflaridan sanaladi. Shogirdlari xalqaro olimpiada sovrindori bo‘lishgan. O‘nlab o‘quvchilari respublika miqyosidagi fan olimpiadalari, turli tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan.
Baxtiyor Abdiyevning sohada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlari hukumatimiz tomonidan ham munosib e’tirof etilib, 2013-yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2020-yilda unga «O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» faxriy unvoni berilgan.
BEKZOD tayyorladi.

