16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

BAXTLI KUNLARDA EMAS, BAXTSIZ DAMLARDA INSON HAYOTDA O‘Z O‘RNINI TOPISHGA INTILADI

Saralangan satrlar

Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir avlodidan keyin adabiyot maydoniga Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Shuhrat kabi ijodkorlar dadil ot surib kelganki, o‘zbek adabiyoti ko‘plab sara asarlar bilan boyigan, xalqning bebaho ma’naviy merosiga aylangan. Mazkur muhtasham safda Said Ahmad ham borki, “Ufq”, “Jimjitlik” romanlarini ko‘pchilik o‘qigan, “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektakli, kinofilmini deyarli barcha sevib tomosha qilgan.

Kitobxonlar, san’at ixlosmandlari Said Ahmadning yumoristik mahoratini alohida e’tirof etishadi. Vaholanki, adib hayoti iztirob va qiyinchiliklar orasida kechgan. U 1947-yilda “xalq dushmani” sifatida hibsga olingan. Uylanganiga yarim yil to‘lmay turib, qatag‘on qilingan va umrining zabardast yillarini konda ishlab o‘tkazgan. Yozuvchi Stalin o‘limidan so‘ng oqlangan.

Ayni shu yillar mashaqqatlari “Yo‘qotganlarim va topganlarim” asarida to‘la ifodasini topgan. Kitobda Said Ahmadning ustozlari va rafiqasi Saida Zunnunova haqidagi xotiralar, shuningdek, O‘tkir Hoshimov, Ne’mat Aminov, Tog‘ay Murod, Nosir Fozilov, Maqsud Qoriyev, Ozod Sharafiddinov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Murod Muhammad Do‘st kabi ijodkorlar bilan bog‘liq kechinmalar, hayotiy lavhalar o‘rin olgan.

Bilasiz, mustaqillikdan so‘ng Said Ahmadga O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston Qahramoni unvonlari berildi, kitoblari ko‘plab adadda nashr etildi, bir so‘z bilan aytganda, yozuvchi izzat ko‘rdi.

“Yo‘qotganlarim va topganlarim” nafaqat o‘tgan asr o‘zbek adabiy jarayoni, balki ko‘plab tarixiy voqealar hususida ta’sirchan ma’lumotlar berishi bilan ahamiyatli.

*  *  *

Oybek o‘sha paytlarda bolalari bilan tor bir uyda yashardi. Ijod qilish uchun mutlaqo sharoit yo‘q edi. Er-xotin o‘ylab-o‘ylab yashab turgan xonaning shifti bilan poli oralig‘ida boloxona qilishdi. Oybek unga narvonda chiqar, to sahargacha muk tushib yozardi. Yozib charchagan paytlarda qaddini rostlasa, boshi shiftga tegardi.

*  *  *

Rashidov Oybekni nihoyatda hurmat qilardi. O‘zbekning shundoq mumtoz yozuvchisi borligidan quvonardi. “Oltin vodiydan shabadalar” romaniga o‘zi muharrirlik qilgandi. U uyushmaga raislik qilgan vaqtda romanga hujum qilishga botinmagandilar. Rashidov bunday qilishga yo‘l qo‘ymasdi ham.

*  *  *

Oybek raqiblarining ilhomchisi, “sardori” to‘g‘risida Abdulla Qahhor shunday degandi: “Hammayoqqa o‘t tushsa-yu, yongan uyning mo‘risidek bo‘lib bir o‘zi qolsa”.

*  *  *

Men G‘afur akani so‘nggi marta “Mushtum” redaksiyasi joylashgan ikkinchi qavat zinasida uchratdim. Mirmuhsin bilan tushlik qilib chiqayotgan edik. O‘sha kuni biz ovqat qilayotganimizda olti balldan ortiq kuch bilan yer qimirlagan edi. Hammamiz ovqatni tashlab hovliga tushgan edik. Qaytib kirayotgan G‘afur aka pillapoya panjarasiga suyanib turibdi. Mirmuhsin:

– Qo‘rqdingizmi, domla? – deb so‘radi. G‘afur akaning rangi oqargan edi.

Darrov qo‘shni xonadan stul opchiqib qo‘yib berdik. G‘afur aka nafasini rostlab menga dedi:

– Opangga telefon qil. Akam tinch, deb ayt, o‘zi tinchmikin. Bolalar qo‘rqmadimikin, shuni bilib ber. – Keyin u Mirmuhsinning savoliga javob berdi. – Qo‘rqdim, akasi. Nega qo‘rqmas ekanman. Bolalarim bor. Opang bor. Nevaralarim bor. Albatta qo‘rqaman-da.

Uning bu gapi shoirona ko‘tarinkilikdan xoli, o‘zini botir ko‘rsatishga begona samimiy insoncha gap edi.

*  *  *

Qarang, naqadar buyuk o‘xshashlik. Pushkin olamdan o‘tgan kuni Lermontov, G‘afur G‘ulom ko‘z yumgan kuni Abdulla Oripov she’riyatga kirib keldi va she’riyat zanjiriga bitta oltin halqa bo‘lib ulandi.

*  *  *

She’rda baxshi bo‘lib o‘rta ma’lumot bilan kun ko‘rsa bo‘lar-ku, ammo prozada baxshilik ketmaydi.

*  *  *

Muhokama oxirida Abdulla Qahhorning o‘ziga so‘z berildi, u aytilgan gaplarga ortiqcha hayajonlanmay, bosiqlik bilan o‘z munosabatini bildira boshladi. Ammo “Abdulla Qahhor o‘z o‘tmishini yozgan, u o‘z o‘tmishiga tupurishi kerak edi”, degan gapga javob qaytarayotganda bir oz qizishib ketdi:

– Men bir temirchining o‘g‘liman. Bolaligim dam bosish bilan o‘tgan. Mening tupuradigan o‘tmishim yo‘q. Og‘zimda qanchaki tupuk yig‘ilib qolgan bo‘lsa, shu gapni aytgan odamning basharasiga tupuraman!

*  *  *

G‘afur aka katta-kichikka xafa bo‘lmasmikin, deb o‘tirmay, hazil qilaverardi. Hazilning og‘ir botganini bilsa, ertasiga uyiga borib bo‘lsa ham uzr so‘rab, ko‘nglidan chiqazib yuborardi. Oybek bachkanalikni suymasdi. Jiddiy, dono gaplarga o‘ch edi. Shayxzoda birovdan xafa bo‘lganini sira sezdirmay ichiga tashlardi. Mirtemir aka oldin yaxshilab uzr so‘rab, keyin hazil qilardi.

*  *  *

Abdulla aka shodligini ham, alamini ham oddiygina qilib aytib qo‘yaqolmasdi. Faqat Qahhorgagina xos bo‘lgan, eshitgan odam bir umr esdan chiqazolmaydigan qilib aytardi.

Yaxshilikni bilmaydigan bir yozuvchi to‘g‘risida shunday degan edi: “Bu odam to‘nkarilib qolgan qo‘ng‘izga o‘xshaydi. o‘nglab qo‘yadiganlarning qo‘lini sasitadi”.

Jurnal yoki gazetani o‘z saviyasiga moslab olgan redaktorlar to‘g‘risida bunday degandi: “Redaksiya eshigini o‘z bo‘yiga moslab qurib olgan, katta yozuvchilar bu eshikka sig‘maydi”.

Talantsiz yozuvchilar to‘g‘risida: “Bu odam adabiyotga eshikdan emas, o‘g‘ri mushukka o‘xshab tuynukdan tushgan”, “Manavinisi ko‘chadan o‘tib ketaturib, oyog‘i toyib soyuz eshigining ichkarisiga yiqilgan. Haligacha chiqib ketolmaydi”, “O‘zi yozolmaydi, adabiyotda men ham borman, deb majlislarda ovoz chiqarib turadi”, derdi.

Adabiyotga hadeb aralasha-veradigan ba’zi bir lavozimli kishilar to‘g‘risida kuyib gapirardi. “Nima uchun jarrohga bemorning u yeridan emas, bu yeridan kes, demaydi. Nima uchun uchuvchiga samolyotning u murvatini emas, bu murvatini bura, demaydi, nima uchun arqondagi darvozga, manavinaqa yurish kerak, deb ko‘rsatmaydi. Adabiyotni oson ish deb o‘ylasa kerak, hadeb ana undoq yoz, mana bundoq yoz, deb o‘rgataveradi”.

*  *  *

Mustaqillik o‘q otilmay, qon to‘kilmay qo‘lga kiritildi, deguvchilar xato qiladilar. Axir mustaqillik uchun yuz qirq yildan beri asl farzandlarimizning qoni to‘kildi-ku. Mustaqillik qonlar evaziga, jonlar evaziga keldi.

*  *  *

Adabiyotning odamlar shaxsiyatiga tegishga haqqi yo‘q. Adabiyotga jismoniy kamchiliklarni masxara qilish huquqi berilmagan. Odamlarning patologik kamchiligini, befarzandligini, nogironligini, xastaligini, telbaligini masxara qilish o‘taketgan darajada odobsizlik sanaladi.

*  *  *

Bir vaqtlar “Jaloliddin” pyesasi uchun, frontdagi o‘zbek jangchilariga atab yozgan xatlari uchun hukumat rag‘batlantirish niyatida shahar markazidan kichkinagina hovlisi bor uy bergan edi. Shayxzoda oilasini shu uydan mahrum qilish niyati ularga uyqu bermadi. “Xalq dushmani”ning xotini bunday uyda turishga haqqi yo‘q, deb uning ming-minglab noyob kitoblarini, ro‘zg‘or ashyolarini, hatto yuvib dorga yoyilgan kiyim-boshlarini yuk mashinasiga uloqtirdilar. Uyni o‘zlari egallab oldilar.

Shayxzoda besh yil azob-uqubatlarda yashadi. Xrushchev davrida ming-minglab odam qamoqdan ozod qilindi. Shayxzoda ham ozib-to‘zib qaytib keldi. Keldi-yu uyini topolmadi…

*  *  *

Menimcha, baxtli damlarda inson faoliyati bir qadar sust namoyon bo‘ladi. Ayriliq, cheklanish, iztirob damlarida inson bitta maqsad bilan yashaydi. To‘siqlarni buzib o‘tish, cheklanishlarga, tuhmatlarga qarshi kurash jarayonida toblanib boradi. Hayotda o‘z o‘rnini topishga intiladi.

*  *  *

Bilaman, yoshlikda ko‘rgan ranglar, eshitgan tovushlar keyin topilmaydi. Bunga sabab tabiatda biron o‘zgarish bo‘lgandan emas, yoshlik hislarining o‘ta ta’sirchanligidan. Bolalik ko‘zi sof holda ko‘radi, ko‘radi-yu, ko‘nglida, xotirasida umrbod muhrlanib qolganini o‘zi ham sezmaydi. Ko‘nglida tug‘ilib kelayotgan umidlar, istaklar shu ranglarga qorishib ketadi. Va bolalikning uzviy bir bo‘lagiga aylanib qoladi.

*  *  *

Saidaxon ba’zan ezilib ketgan paytlarda, bu dunyoga faqat azob chekish uchun kelgan ekanman, deb o‘kinib qo‘yardi.

Hatto to‘yimiz bo‘lgan kuni u kelinlik libosini motam libosiga almashtirgan edi.

Qirq to‘qqizinchi yilning 28-noyabrida – to‘yimiz kuni Saidaxonning 17 yoshga kirgan bittagina ukasi Nasibjon olamdan o‘tgan edi. Onasi Saboxon aya qizining to‘yida yayrab-yashnamay, Andijonga qaytib ketdi.

O‘sha kuni Saboxon ayaning bir bolasiga Toshkentda nikoh o‘qildi, bir bolasiga Andijonda janoza o‘qildi.

Bundan ortiq dahshat bo‘ladimi?

B.SAYFIYEV tayyorladi.