21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni
Mamlakatimiz hayotida 1989-yil 21-oktabr sanasi “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingani bilan ahamiyatli va esda qolarli kun sifatida tarixda muhrlandi. Mazkur hujjat bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu voqea O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi yo‘lidagi dastlabki va eng dadil siyosiy-huquqiy qadamlardan biri bo‘lganini eslasak, uning qadri naqadar balandligini his etamiz. Bugun davlat ramzlari – gerbimiz, bayrog‘imiz, madhiyamiz, Bosh qomusimiz qatori ona tilimiz bilan ham benihoya faxrlanamiz.
Dunyo miqyosidagi anjumanlarda, g‘oliblik shohsupalarida o‘zbek tilida so‘zlar yangraganida, madhiyamiz kuylanganida g‘ururimizning chek-chegarasi bo‘lmaydi. Hammamizning yodimizda, pandemiya davri edi, 2020-yil 23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tarixiy nutqi videomurojaat shaklida yo‘llanib, o‘zbek tilida yangragan edi.
Garchi, o‘zbek tili BMTning rasmiy 6 ta ishchi tili (ingliz, rus, fransuz, ispan, xitoy, arab) qatoriga kirmasa-da, ushbu nutq tashkilot tarixida ilk bor o‘zbek tilida qabul qilindi va BMTning rasmiy tillariga sinxron tarjima qilindi. Bu xalqaro hamjamiyatda Alisher Navoiy tilining nufuzi va o‘rnini namoyish etgan birinchi, eng katta qadam bo‘ldi. Bu o‘zbek tilining nufuzini dunyoga ko‘rsatdi. Mazkur tarixiy voqeadan so‘ng, Prezident 2023-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Nyu-Yorkdagi bosh shtab-kvartirasining oliy minbaridan turib, ikkinchi bor bevosita o‘zbek tilida nutq so‘zladi va bu an’anani mustahkamladi. Bugun BMT minbaridan turib, O‘zbekistonimiz nomidan o‘zbek tilida nutq so‘zlanmoqda. Joriy yilning 23-sentabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasida dunyoning eng yuqori minbaridan turib, qonun ustuvorligi, inson qadr-qimmati va ayollar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan tarixiy nutqi O‘zbekiston xalqi, ayniqsa, xotin-qizlarimiz uchun katta faxr va iftixor bo‘ldi. O‘zbekistonlikman degan borki, hamma-hamma o‘zbek ayolining bilimi, salohiyatidan g‘ururlandi. Dunyo esa rosti havasini yashira olmadi. Buni oynai jahon orqali muhtasham zalda o‘tirganlarning yuz-ko‘zidan sezdim. Bu nutq bugun O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori naqadar ortib borayotganini va mamlakatning yangi qiyofasini butun dunyoga ko‘rsatdi.
Bugungi kunda o‘zbek tili xuddi Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi kabi Konstitutsiya bilan himoya qilinadigan muqaddas ramzlarimizdan biriga aylangan. Shuning uchun ham tilimizni himoya qilish hammamizning oldimizdagi muhim vazifadir.
Xo‘sh uni qanday asraymiz? Tilni asrash va rivojlantirish faqatgina bayram kunlari she’rlar o‘qish yoki tadbirlar o‘tkazish emas. Birinchi navbatda til sofligini saqlashimiz kerak. Kundalik hayotimizda, nomlashda, e’lonlar va ijtimoiy tarmoqlarda, imloda adabiy til qoidalariga rioya qilish, asossiz xorijiy so‘zlarni ishlatish amaliyotidan voz kechishimiz kerak.
Bugun viloyatimiz, shahrimiz tobora obod bo‘lib, bunyodkorlik ishlari ko‘zni quvontirmoqda. Ammo osmono‘par binolar, chiroyli savdo do‘konlarining nomlanishi nafaqat tushunarsiz, balki ko‘ngilni xijil qilar darajada. Shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan, odamlarga qulaylik tug‘dirayotgan 24/7 ko‘chadagi shunday chiroyli binolarning nomiga qarang: “Zarinka”, “Vivo”, “Pandora”, “Beauty salon”, “Chicken kafe”… E’tibor bering. “Adora” ispan va italyan tillarida “sevimli, ardoqli”, “Yeclair” fransuzchada “chaqmoq”, “Baby” – inglizchada “chaqaloq, go‘dak, bolajon” kabi ma’nolarni bildiradi. Shularni o‘z tilimizda yozsak, qaytaga jarangli ham eshitiladi. Xorijda biror shoxobcha o‘z ixtiyori bilan o‘zbekcha nom tanlashiga ishonish qiyin. Biz nega xorijiy nomlarga buncha ruju qo‘yganmiz? Savdo bo‘lishi, ish yurishi uchun shundan boshqa yo‘l, vosita yoki uslub yo‘qmi?
Ko‘chalardagi bannerlar, do‘konlar nomlari va reklama e’lonlarida oddiy imlo qoidalariga e’tibor berilmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda esa savodxonlik o‘ta past darajada. Telegram, Instagram kabi onlayn platformalarda yoshlar o‘rtasida adabiy til qoidalariga rioya qilmaslik odatga aylanmoqda. Eng achinarlisi va afsuslanarlisi, oliy ma’lumotlilar ham oddiy ma’lumotnomani xatosiz yoza olishmayapti. Yaqinda oliygoh o‘qituvchisi yozgan 40 ta so‘zdagi naq 40 ta xatoni ko‘rib, chuqur o‘yga toldim. Muallimning savodi g‘ovlab ketgan bo‘lsa, ertaga yoshlarimizdan nimani kutamiz?
Savodxonlikka lozim darajada e’tibor bermay qo‘yganimizni tan olishimiz kerak. Maktablarda diktant, insho, bayon yozilmayapti. Holbuki bu tizimni joriy etish lozim.
Yana bir mulohaza: biz o‘qigan vaqtlarda maktablarda sinfdan tashqari o‘qish darsi bo‘lar edi. Ana shu darsda muallima hammamizdan o‘qigan kitobimiz mazmunini aytib berishni talab qilardi. Biz doim yangi kitob o‘qish uchun kutubxonaga yugurardik. Shu yangi kitobni dugonamizdan oldinroq o‘qishni va to‘lib-toshib muallimamizga aytib berishga shoshilar edik. Bu nutqimizning ravon bo‘lishiga yordam bergan. Fikrimizni, tuyg‘ularimizni erkin ifoda etishga o‘rgatgan. Nazarimda sinfdan tashqari o‘qish darslarini yana joriy etish kerak.
Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”, degan. Muhtaram Prezidentimiz kitob o‘qishga o‘rgatayotganliklari zamirida ham kuchli, bilimli avlodni tarbiyalashdek ezgu maqsad bor. Hammamiz kitob o‘qishda, savodli yozishda farzandlarimizga ibrat bo‘lsak, tilimizni asragan bo‘lamiz. Bir mahallar go‘zal an’analarimiz bor edi: oilalarda hamma jam bo‘lib kitob o‘qish, uni muhokama etish odatga aylangandi. Qo‘limizdagi telefonlarni bir kunga chetga qo‘yib, oilaviy kitobxonlikka qaytsak, nafaqat kitobga, balki bir-birimizga ham mehr qo‘yamiz. Shunday ekan, farzandlarimizga ona tilini o‘rgatish va uni asrashni birinchi navbatda uyda kitob javoni tashkil qilishdan hamda birgalikda mutolaa qilish an’anasini tiklashdan boshlashimiz kerak.
Komila KAROMOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator

