23 oktabr – Xalqaro qor qoploni kuni
Qor qoploni – baland tog‘larning sirli, mag‘rur va nihoyatda ehtiyotkor jonivori. Ilmiy tilda ilvirs deb ataluvchi hayvonning ochiq tabiiy muhitda kamdan-kam ko‘rinishi, qoyalar orasida sezilmay harakatlanishi va yashash sharoitiga yuksak darajada moslashganligi bois xalq orasida «sirli tog‘ sharpasi», «ko‘rinmas sharpa» va «tog‘lar arvohi» kabi nomlar bilan ham ataladi.
Har yili 23-oktabrda nishonlanadigan Xalqaro qor qoploni kuni ushbu noyob hayvonni asrab-avaylash, uning yashash muhitini muhofaza qilish va tog‘ ekotizimlari ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning baland tog‘lari ham qor qoplonining muhim yashash makonlaridan hisoblanadi. Ayniqsa, Hisor davlat qo‘riqxonasida olib borilayotgan ilmiy kuzatuvlar, muhofaza tadbirlari va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bu noyob jonivor hayotini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
* * *
2025-yilning oktabr-dekabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Buyuk Britaniyaning «Electric Eel Studios» ijodiy studiyasi Bi-Bi-Si (BBC) bilan hamkorlikda tabiatni muhofaza qilish, sayyohlik salohiyati, noyob tabiiy manzillar va bioxilma-xillikni yoritishga qaratilgan videoloyiha ustida ish olib bordi. Loyiha doirasida jamlangan guruh Samarqand, Shahrisabz va Hisor davlat qo‘riqxonasi hududlari, shuningdek, dengiz sathidan 3100 metr balandlikda joylashgan G‘yelon qishlog‘ida bo‘ldi.
Yovvoyi tabiatga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlari bilan tanilgan Janubiy afrikalik jurnalist va teleboshlovchi Mikaella Strakan ham xalqaro ijodiy guruh tarkibida bo‘lgani mamlakatimizning olis tog‘li hududlaridagi tabiiy manzaralarni jahon tomoshabinlariga tanitish, qor qoplonini muhofaza qilish borasidagi tajribani yoritish va tabiatsevarlar e’tiborini ushbu noyob jonivor muhofazasiga qaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
* * *
Qor qoploni (Panthera uncia) Markaziy va Janubiy Osiyoning baland tog‘larida yashaydigan kamyob yirtqichlardan biridir. U O‘zbekistondan tashqari qit’aning yana bir qator mamlakatlari tog‘li hududlarida uchraydi. Uning mavjudligi tog‘ ekotizimlarining holati va tabiiy muvozanatini baholashda muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Qor qoploni, odatda, yolg‘iz hayot kechiradi. U ko‘pincha tong saharda va qorong‘ilik tushgan paytlarda faollashadi. Tik qoyalar, baland tog‘ soyliklari va borish qiyin bo‘lgan hududlar uning tabiiy yashash makonidir. Qalin juni, baquvvat oyoqlari va uzun dumi tog‘ sharoitida harakatlanish hamda muvozanatni saqlashga yordam beradi.
Uning asosiy o‘ljalari qatoriga tog‘ echkilari va boshqa yovvoyi tuyoqli hayvonlar kiradi. Qor qoplonining ovchilik mahorati, o‘ljasini kuzatishi va tog‘ sharoitiga moslashgan hayot tarzi tabiatning murakkab qonuniyatlarini namoyon etadi.
Bu hayvonni tabiiy muhitda ko‘rish nihoyatda qiyin. Shu bois uni o‘rganish katta sabr-toqat, maxsus bilim va zamonaviy tadqiqot usullarini talab etadi. Qor qoplonining ov qilishi, oziqlanishi, harakatlanishi va yashash hududini belgilashi haqidagi har bir yangi kuzatuv olimlar uchun qimmatli ma’lumot manbai hisoblanadi.
* * *
Hisor davlat qo‘riqxonasida qor qoplonini muhofaza qilish va uning populyatsiyasini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilgan. Qo‘riqxona tashkil etilgan dastlabki yillarda hududda ushbu hayvonlar soni 3-7 bosh atrofida bo‘lgani haqida ilmiy manbalarda ma’lumotlar keltirilgan.
Bugungi kunda esa qo‘riqxona hududida qor qoploni sonini aniqlash, uning harakatlanish hududlarini belgilash va yashash sharoitini o‘rganish borasida muntazam kuzatuvlar olib borilmoqda. Ayrim ma’lumotlarda qo‘riqxonada 76 boshga yaqin qor qoploni borligi qayd etilgan. Biroq bu raqamni rasmiy ilmiy hisob-kitoblar, kuzatuv davri va hisoblash metodikasi asosida aniqlashtirish muhim.
Qor qoplonini o‘rganishda jahon amaliyotida bir qator zamonaviy ilmiy usullardan foydalaniladi. Ular orasida yashirin videokameralar – videoqopqonlar alohida o‘rin tutadi. Bu qurilmalar hayvonlarning harakatini, faollik davrlarini va yashash hududlarini insonning bevosita aralashuvisiz kuzatish imkonini beradi.
Genetik tadqiqotlarda esa biologik namunalardan foydalaniladi. Masalan, axlat namunalarini tahlil qilish orqali hayvonning oziqlanish tarkibi, genetik xususiyatlari va populyatsiyalar o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini o‘rganish mumkin.
Ayrim hollarda maxsus elektron datchiklar bilan jihozlangan bo‘yinbog‘lar yordamida qor qoplonlarining harakat yo‘nalishlari, hududiy faolligi va yashash areallari aniqlanadi. Bunday usullar ilmiy ma’lumotlarni to‘plash, ularni taqqoslash va muhofaza choralarini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.
* * *
Hisor davlat qo‘riqxonasi ilmiy xodimlari hamda qo‘riqlash xizmati mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan kuzatuvlar qor qoplonining hayotini chuqurroq o‘rganishga, uning yashash muhitini asrashga va populyatsiya barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tog‘larning tik, toshloq va borish qiyin bo‘lgan yo‘laklaridan o‘tish, jonivorlar yashaydigan hududlarni o‘rganish xalqaro ijodiy guruh uchun ham katta tajriba bo‘ldi. Bunday safarlar tabiatni muhofaza qilish faqat ilmiy bilimni emas, balki jismoniy chidam, mas’uliyat va fidoyilikni ham talab etishini ko‘rsatadi.
Mikaella Strakan va uning hamrohlari uchun Hisor tog‘laridagi noyob tabiiy manzaralar, ilmiy xodimlarning faoliyati va videoqopqonlar orqali olingan tasvirlar alohida qiziqish uyg‘otdi.
* * *
Bugungi kunda dunyoda yovvoyi tabiatni muhofaza qilish, ayniqsa, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi hayvonlarni asrab qolishga qaratilgan tashabbuslar kengayib bormoqda. Bu jarayonda olimlar, tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari, jamoatchilik va homiylarning hissasi katta.
Mikaella Strakan oilasining qor qoplonini muhofaza qilishga qaratilgan homiylik tashabbusi ham ana shunday ezgu sa’y-harakatlardan biri sifatida e’tiborga loyiq. Kamyob hayvonlarni asrashga qaratilgan bunday tashabbuslar jamiyatda tabiatga mehr-muhabbatni kuchaytirish, bioxilma-xillikni saqlash va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatni anglashga yordam beradi.
Qor qoplonini muhofaza qilish faqat bir mamlakat yoki bir qo‘riqxonaning vazifasi emas. Bu xalqaro hamkorlikni, ilmiy izlanishlarni va jamoatchilikning doimiy e’tiborini talab qiladigan umuminsoniy mas’uliyatdir. Chunki tog‘lardagi tabiiy muvozanatning buzilishi nafaqat hayvonot dunyosiga, balki suv resurslari, o‘simliklar qoplami va insonlar hayotiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
* * *
Hisor davlat qo‘riqxonasida olib borilayotgan ilmiy kuzatuvlar va xalqaro hamkorlik doirasida tayyorlangan videomateriallar O‘zbekistonning tabiiy boyliklarini dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi. Hisor tog‘larining maftunkor manzaralari, muzliklar, sersuv daryo va soylar, yashil archazorlar, noyob o‘simliklar hamda hayvonot dunyosi jahon tabiatsevarlarida katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz. Ayniqsa, qor qoploni kabi kamyob hayvonlarning hayotini tabiiy muhitda aks ettiruvchi videotasvirlar ularni muhofaza qilish zaruratini yanada teranroq anglashga yordam beradi.
Bunday loyihalar orqali xalqaro auditoriya O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, mamlakatimizning ekologik salohiyati, tabiiy manzillari va ilmiy hamkorlik imkoniyatlari xalqaro miqyosda kengroq namoyon bo‘ladi.
Zero, tabiatni asrash – kelajakni asrashdir. «Sirli tog‘ sharpasi» – qor qoplonining tog‘lar bag‘ridagi hayotini o‘rganish, uning yashash muhitini muhofaza qilish va bu haqda jahon jamoatchiligiga hikoya qilish orqali biz nafaqat noyob jonivorni, balki butun tog‘ ekotizimini asrab qolishga hissa qo‘shamiz.
K. YAKUBOV,
Q. NORMUHAMMEDOV,
A. ABDUSALOMOV,
Hisor davlat qo‘riqxonasi davlat tabiatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot muassasasi xodimlari

