16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

1-AVGUSTDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar haqida xabardor qilib borishda davom etamiz. Bu gal 2026–yil 1–avgustdan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan

Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

2030-yil 1-avgustga qadar baliqchilik xo‘jaliklariga Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tizimli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rsatiladi.

Misol uchun, sun’iy suv havzalarida intensiv usulda baliq yetishtiruvchi baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan o‘z xo‘jaliklarini muqobil energiya manbalari bilan ta’minlash maqsadida quyosh panellarini xarid qilish va o‘rnatish uchun tijorat banklari tomonidan milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 14 foizlik punktidan yuqori, biroq 10 foizlik punktidan oshmagan qismi;

50 kilovattgacha quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlarning 25 foizi, biroq har bir kilovattga 1 million so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya sifatida qoplab beriladi.

Yana, yopiq suv aylanma tizimi texnologiyasini o‘rnatib, baliqchilik mahsulotlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘yganda ushbu texnologiya umumiy xarajatining 10 foizi, biroq 5 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda bir martalik kompensatsiya ajratiladi;

intensiv usulda baliq yetishtirishda qo‘llanadigan balanslashgan omuxta yem ishlab chiqarish bo‘yicha yillik quvvati 20 ming tonnadan kam bo‘lmagan yangi ishga tushiriladigan loyihalar doirasida texnika va asbob-uskunalarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarning 20 foizi, biroq 2 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.

*  *  *

Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida:

zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan sanoatlashgan bog‘larda burg‘ilangan quduqlardan olingan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi besh yil muddatga 1 so‘m miqdorida belgilanadi.

*  *  *

Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

nazorat qiluvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslari va xodimlari hamda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotni «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida hisobga olish tartibi;

«Yagona davlat nazorati» axborot tizimida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlarni, shu jumladan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini ro‘yxatga olishni va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarni hisobga olishni ta’minlovchi «Biznes himoya» QR-kodi joriy etiladi.

Davlat xizmatchilari «Biznes himoya» QR-kodi orqali tekshirish yoki muloqot haqidagi ma’lumotni belgilangan tartibda «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga kiritmasa, tadbirkorlik subyektlari davlat xizmatchisini tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik va muloqotga kirishmaslik huquqiga ega.

*  *  *

Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida «trade-in» dasturi doirasida eskirgan avtotransport vositalarini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismini qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq

Tashabbusli budjet jarayonlari doirasida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda xalq vakillari va jamoatchilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish to‘g‘risida:

tashabbusli budjet jarayonida har bir deputat tomonidan «Ochiq budjet» axborot portalida bir mavsum uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihalar tanlanib, qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilinadi;

deputat vakolati muddatidan ilgari tugatilgan hollarda Tashabbusli budjet jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra  boshqa deputatlar tomonidan tashabbusli budjet jarayonlarining tegishli saylov okrugidagi qo‘shimcha g‘oliblari aniqlanadi.

*  *  *

Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish hamda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish jarayonlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan karantin ostidagi mahsulotlar fitosanitariya nazoratini amalga oshirishda   xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi joriy qilinadi.

*  *  *

Madaniyat va san’at sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

teatr, sirk, musiqa, raqs, nomoddiy madaniy meros, kino va animatsiya hamda madaniyat ta’limi sohasidagi loyihalar;

adabiy asarlar yaratish, madaniyat sohasida inklyuzivlik va ijtimoiy yo‘nalishlar;

startap va ijodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;

innovatsiyalar, sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishlarida grantlar ajratish tizimi joriy etiladi.

 «Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030» strategiyasini 2026-2027-yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

tuman fermerlari kengashlari huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan boshlig‘i yoshlar bo‘lgan yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga a’zolik badallari to‘langanligi hamda paxta va g‘alla yetishtirishidan qat’i nazar 2 yil davomida bepul xizmat ko‘rsatiladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan

Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida:

transport vositalarini saqlash joylaridan chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnomani faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) va ijro organi tomonidan «Jarima maydonchasi» axborot tizimida QR-kod bilan tasdiqlash va elektron tarzda yuborish tartibi joriy etiladi.

*  *  *

Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini elektron shaklda saqlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

davlat organlari va tashkilotlarining arxiv ishiga oid barcha ma’lumotlari va hujjatlari Arxiv axborot tizimida shakllantiriladi va yuritiladi (davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bundan mustasno);

elektron shakldagi arxiv hujjatlarini, shu jumladan, xizmat doirasida foydalanish uchun grifli hujjatlar Arxiv axborot tizimi orqali topshiriladi va qabul qilinadi;

davlat organlari va tashkilotlari Arxiv axborot tizimini yuritish bo‘yicha sarf-xarajatlarni o‘zlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiradi.

*  *  *

Hayvonot dunyosi yo‘qotishlarining o‘rnini qoplash hamda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

2028-yil 1-yanvarga qadar 66 turdagi (qushlar, sut emizuvchilar, baliqlar,  sudralib yuruvchilar, umurtqasizlar) O‘zbekiston Respublikasida kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish taqiqlanadi. Bunda:

ushbu cheklov fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xo‘jaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtirilayotgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish, shuningdek, ilmiy va tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun ov qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi;

yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni shakllantirish va taqsimlashda ov qilish taqiqlangan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlar turlariga nisbatan kvota ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

2030-yil 1-yanvarga qadar respublikaning markaziy shaharlaridan oqib o‘tuvchi daryo va soylar har yili jami 15 tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Fanlar akademiyasi tomonidan tuziladigan ro‘yxat asosida chavoqlantiriladi.

*  *  *

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

 xavfli ishlab chiqarish obyektlari va texnik qurilmalaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqidagi xabarlarni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga uning axborot tizimi orqali foto va (yoki) videomateriallar ko‘rinishida taqdim qilish, ularni ko‘rib chiqish hamda taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.