16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

1 MARTDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar haqida xabardor qilib borishda davom etamiz. Bu gal 2026–yil 1–martdan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan

Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida:

davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt texnologiyalari asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.

***

2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida:

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslari) uchun «mehrli oila» xizmati tashkil etiladi.

***

Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda – bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi;

bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblamaslik amaliyoti joriy etiladi.

***

Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

davlat organlarida bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda quyidagilarni nazarda tutuvchi yangicha tizim joriy etiladi, unga ko‘ra davlat fuqarolik xizmatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar «vacancy.gov.uz» elektron platformasida e’lon qilinadi;

fuqarolarga o‘zlariga ma’qul keladigan mutaxassislik, lavozim va ish haqiga oid talablarni belgilagan holda «vacancy.gov.uz» elektron platformasida «ish qidiruvchi» maqomida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi;

«vacancy.gov.uz» elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan va davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar ushbu platformada mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘ladi;

tanlovning qo‘shimcha bosqichi sifatida o‘tkaziladigan sohaviy bilimlarni baholash bo‘yicha test sinovlari davlat organlarining buyurtmalariga muvofiq Boshqaruv samaradorligi agentligi huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan shartnoma asosida o‘tkaziladi;

davlat organlari bo‘sh davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga nomzodlarni «vacancy.gov.uz» elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan va qiziqish bildirgan fuqarolar orasidan tanlov asosida saralab oladi.

***

Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini ta’minlashda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan hududlarda qurilish ishlari amalga oshirilayotgan qurilish maydonlari ustidan doimiy kuzatuv olib boriladi.

***

Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

quyidagi arxiv xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari – arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma berish muddati 15 ish kunidan 5 ish kunigacha; yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash muddati 20 ish kunidan 10 ish kunigacha; oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish muddati 5 ish kunidan 2 ish kunigacha; arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) muddati 3 ish kunidan 1 ish kunigacha qisqartiriladi.

***

Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida:

litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanilganda, ularning mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinadi.

***

Seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

bosqichma-bosqich avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari hamda yerosti va yerusti tunnellarining zilzilabardoshligini onlayn monitoring qilish;

bino va inshootlarning zilzilabardoshlik bo‘yicha texnik holatini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish;

respublikada yillar davomida sodir bo‘lgan zilzila yozuvlarini (ochiq katta hajmdagi ma’lumotlarni) sun’iy intellekt yordamida qayta ishlash va tahlil qilish orqali kelajakda zilzila bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlarni aniqlash hamda zilzilaning bino va inshootlarga ta’sirini baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq

2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

«mahalla yettiligi» xulosasiga asosan Ijtimoiy reyestrdagi I-guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarining devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshik hamda quyosh panellari yoki geliokollektor o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi;

 og‘ir toifadagi tumanlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik 12 foiz stavkada ajratib boriladi;

xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi   tuman va shahar hokimi tomonidan lavozimga  tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlashda tasdiqlangan norasmiy bandlik, xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan past oylik ish haqlarining hisoblanishi holatlari ballarni kamaytiruvchi qo‘shimcha mezon sifatida belgilanadi.

***

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

ko‘p kvartirali uylarning texnik ko‘rsatkichlari, holati, tutash yer uchastkalari, elektr va issiqlik energiyasi, ichimlik suvi iste’moli, infratuzilmasini yaxshilash uchun ajratilgan va sarflangan mablag‘larning hisob-kitobini yuritish imkonini beruvchi «Mening uyim» ABTda «Turarjoy» axborot bo‘limi ishga tushiriladi.

***

O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida:

respublika tibbiyot markazlari mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlardan iborat tarkibda o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmat ko‘rsatishni muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

***

Tadbirkorlik subyektlariga davlat, professional, konsalting, moliyaviy, injiniring, marketing, media, IT va operatsion xizmatlarni kompleks ko‘rsatish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

tadbirkorlik faoliyatiga oid davlat xizmatlari va tegishli xususiy xizmatlarni tadbirkorlik subyektlariga «yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatish bo‘yicha «Biznes hamroh» loyihasi amalga oshiriladi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

turistik startaplarni – yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi;

mehmonxonalarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatda nazarda tutilgan xalqaro e’tirof etilgan «yashil» sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;

nufuzli xorijiy kinokompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazgan holda Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan filmlarning bevosita yoki bilvosita O‘zbekiston Respublikasi turistik jozibadorligi, tarixiy-madaniy merosi va boshqa muhim ijobiy jihatlarini namoyish qiluvchi qismini (epizodini) yaratganlik (shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududida, o‘z pavilyonlarida yoki kompyuter grafikasi yordamida) uchun haq to‘lash tartibi joriy etiladi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bog‘liq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega ko‘rsatmalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi hamda ushbu masalada imtiyoz berish faqat qonun orqali amalga oshiriladi.

***

Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

raqamli markirovka tizimi joriy qilingan tovarlarning yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lsa, ularning savdosi ushbu tizim orqali avtomatik ravishda cheklanadi.

***

Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

o‘z faoliyatini notijorat tashkilot shaklida yo‘lga qo‘ymagan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan sud-ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazilishi taqiqlanadi.

***

O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

futbol o‘yinlariga chiptalarni xarid qilish shaxsni identifikatsiya qilish hamda matritsali shtrix-kod (QR kod) texnologiyalarini qo‘llashni nazarda tutuvchi maxsus onlayn axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yashash joyi manzilini hamda ularga tegishli ko‘chmas mulkda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotni tahrirlash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yashash joyi manzilini hamda ularga tegishli ko‘chmas mulkda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan shaxs (shaxslar) to‘g‘risidagi ma’lumotni tahrirlash uchun YAIDXP orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

***

«Faol hayotga qadam» dasturi joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida:

xulq-atvori buzilishlari bo‘lmagan ruhiy kasallik bo‘yicha dispanser nazoratida turuvchi demensiya, Parkinson yoki Alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgan maxsus parvarishga muhtoj shaxslar uchun «Faol hayotga qadam» dasturi doirasidagi kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

***

Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

CEFR mezonlariga muvofiq chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilishning A1, A2 va B1 darajalari bo‘yicha malaka sertifikatini berish uchun imtihonlar joriy etiladi.

***

Dafn etish ishlarini tashkil etish va hisobini yuritish tizimini takomillashtirish hamda sohada samarali nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

vafot etgan shaxsning o‘limi qayd etilgandan so‘ng real vaqt rejimida uning eri (xotini), ota-onasi, farzandlarining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga o‘lim qayd etilgani haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan ma’lumotnoma bepul yuboriladi (hujjatning qog‘oz shakliga qo‘shimcha ravishda);

o‘lim qayd etilgani haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi;

FHDYO organlaridan o‘lim qayd etilgani haqida gerbli guvohnomani olish yuzasidan tibbiyot muassasasida elektron buyurtma, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn ariza berish imkoniyatlari yaratiladi. Bunda gerbli guvohnoma manfaatdor shaxs buyurtma qilgan manzilga pochta aloqasi orqali yetkazib beriladi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.