16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

1 NOYABRDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bu gal 2025-yil 1-noyabrdan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatiga raqamlashtirishni keng joriy etish hisobiga boshqaruv shtat birliklari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, tizim tashkilotlari inobatga olingan holda, 2 ming 141 ta shtat birligi qisqartiriladi. Shundan 1 ming 863 tasi budjet, 278 tasi budjetdan tashqari jamg‘armaga taalluqli.

* * *

Tadbirkorlik subyektlarini yangicha yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida:

«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi:

tadbirkorlik subyektlarini «chempion» tadbirkor toifasiga olib chiqishga ko‘maklashish uchun ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalariga tijorat banklari orqali 10 milliard so‘mgacha milliy va xorijiy valyutada kreditlar ajratish uchun resurs joylashtirish;

kichik tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va «yashil» iqtisodiyot yo‘nalishidagi mikroloyihalariga tijorat banklari tomonidan 500 million so‘mgacha ajratilgan kreditlarni quyidagi shart va hollarda qayta moliyalashtirish:

ajratilgan kreditning foiz stavkasini 6 foizgacha, biroq Markaziy bank asosiy stavkasidan  4 foizlik punkt yuqori stavkagacha kamaytirish;

kamida bir yil faoliyat yuritgan va ikki nafar xodimi bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining beshta va undan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutgan loyihalariga taqdim etish.

*  *  *

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jismoniy shaxslarning ushbu farmon 2-ilovasiga muvofiq 30 turdagi shaxsga doir ma’lumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi.

Bunda: jismoniy shaxsning Yagona portaldagi shaxsga doir ma’lumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi;

ushbu ma’lumotlar Yagona portalning mobil ilovasidan foydalangan holda ko‘rsatilganda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur ma’lumotlarning qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlanadi;

davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat qilinganda pensionerlarga, homilador ayollarga va uch yoshga to‘lmagan bolasi bilan kelgan fuqaroga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyoz beriladi;

jismoniy shaxslarni yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) ro‘yxatdan o‘tkazishda muqobil tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) tartibi yo‘lga qo‘yiladi;

avtomototransport vositasi mulkdorining ma’lumotlari o‘zgarganda mulkdorning xohishiga ko‘ra avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha ariza kompozit tarzda FHDYO organi yoki davlat xizmatlari markazi tomonidan ichki ishlar organlariga yuboriladi;

davlat xizmatlari markazlariga Yagona portal orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi;

Yagona portal, davlat xizmatlari markazlari va «Litsenziya» axborot tizimi orqali berilgan arizalar asossiz rad etilganda fuqarolarning murojaatlari va adliya organlarining tegishli xulosasiga asosan davlat xizmati uchun undirilgan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning vakolatli organlarga yo‘naltirilgan qismi ular tomonidan fuqarolarga qaytarib beriladi.

*  *  *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

umumiy ovqatlanish korxonalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar uchun belgilangan jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari naqd pulga xarid qilinganda, ushbu tovarlar uchun kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi barcha tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etiladi.

*  *  *

«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

o‘rmon fondi yer maydonlari alohida muhofaza etiladi va ularning toifasini o‘zgartirish O‘zbekiston  Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

*  *  *

Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

o‘tkazish punktlari orqali harakatlanayotgan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining mobil ilovasi amaliyotga joriy etiladi.

*  *  *

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa pulini to‘lash «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali yo‘lga qo‘yilganligini inobatga olib, Qoraqalpog‘iston  Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish markazlari faoliyati tugatiladi.

*  *  *

Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

xo‘jalik yurituvchi subyektlar faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar, Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning a’zolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi. Bunda majburiy zaxiralash: xodimlar umumiy sonining uch foizidan oshmasligi zarur; xodimlari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.

Budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar, Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning a’zolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi. Bunda majburiy zaxiralash: xodimlar umumiy sonining yetti foizidan oshmasligi zarur; xodimlari soni 20 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi.

Malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha ta’lim olish uchun «kasb vaucheri» berish tartibi joriy etiladi.

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq

Elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, sohaning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida:

elektrotexnika sanoati korxonalariga Savdoga ko‘maklashish  jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan banklarning faktoring xizmatlari bo‘yicha diskont yoki hisoblangan foiz summasining 50 foizi, biroq yillik 4 foiz stavkadan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.

*  *  *

Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirish maqsadida davlat sanitariya nazorati organi tizimidagi akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarda o‘tkaziladigan barcha sinovlar bayonnomalari elektron ko‘rinishda «E-akkreditatsiya» axborot tizimining «E-laboratoriya» moduli orqali rasmiylashtiriladi hamda ushbu organning rasmiy veb-saytida xulosasi rasmiylashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining yagona onlayn reyestri yuritiladi.

*  *  *

Hududlarda sanoatni jadal rivojlantirish va sanoat korxonalarini eksportga jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida:

Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasidan belgilangan tartibda qoplab beriladigan yo‘nalishlardagi xarajatlarni Savdo-sanoat palatasining Tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunda Tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tejab qolinadigan mablag‘lari quyidagi xarajatlarni qoplab berishga yo‘naltiriladi:

tanlov asosida har yili 4 ta hududning ixtisoslashuvi bo‘yicha sanoatni rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqishga xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini, biroq bir hudud bo‘yicha 250 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdordagi qismini;

xususiy sanoat korxonalarida energiya tejamkorlik bo‘yicha o‘tkazilgan energiya auditi xarajatlarining 50 foizini, biroq bir korxona uchun 100 million so‘mdan oshmagan miqdordagi qismini;

zamonaviy boshqaruv mexanizmlari, jumladan, zaxiralarni to‘g‘ri baholash va samaradorlikni oshirish metodologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘quv-amaliy kurslarni tashkil etish xarajatlarining 100 foizini, biroq bir korxona uchun 20 million so‘mdan oshmagan miqdordagi qismini.

*  *  *

Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

kiberxavfsizlik talablariga rioya etgan holda mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi pulli elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Mahallalarning markazlashgan reyestri davlat organlari va tashkilotlarining «Raqamli hukumat» tizimi bilan integratsiyalashgan axborot tizimlari va resurslarida majburiy   tarzda qo‘llaniladi.

Davlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

Fermer va dehqon xo‘jaligi hamda tadbirkorlik subyektlariga suv taqsimlash bilan bog‘liq barcha ma’muriy tartib-taomillar «Suv hisobi» suv resurslarini boshqarish yagona tizimi orqali faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.

Transport vositasiga gaz baloni o‘rnatilganligiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish orqali transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.

«Raqamli startaplar» dasturi va (yoki) Markaziy bankning «tartibga solish qumdoni»da ishtirok etuvchi startap loyihalarga «Raqamli hukumat» tizimining Raqamli ma’lumotlar platformasidan axborot xavfsizligi talablari va belgilangan tartibga rioya qilgan holda bir yil muddatga qadar bepul foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari (konsullik muassasalari) orqali jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini olgan IT-park rezidentlarining xorijiy mutaxassislari uchun masofadan turib bank hisobvaraqlari hamda virtual bank kartalarini ochishga ruxsat beriladi.

*  *  *

Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha shartnoma asosida advokat so‘roviga ko‘ra sud-ekspertiza tashkilotlarida ekspertiza o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

*  *  *

Korporativ munosabatlarni tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

korporativ nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish, sudlardagi yuklamani kamaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi tarkibida Korporativ etika bo‘yicha komissiya tashkil etiladi.

*  *  *

Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

raqamli platformalar orqali masofaviy biometriya vositasi yordamida identifikatsiya qilish va mobil telefon raqamiga SMS-xabar yuborish yo‘li bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga binoan

O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga vaucher asosida yangi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

«Faol hayotga qadam» dasturi doirasida yo‘lga qo‘yiladigan ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatuvchi shaxslar uchun Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.