An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar haqida xabardor qilib borishda davom etamiz. Bu gal 2026-yil 1-sentabrdan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.
Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan
Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
Ijtimoiy himoya milliy agentligining «1146» qisqa raqamli ishonch telefoni orqali odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida qabul qilish, mutaxassislar tomonidan ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatlari ko‘rsatiladi;
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari hamda konsullik muassasalarida odam savdosidan jabrlanganlik holati bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish, ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va moddiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatlari ko‘rsatiladigan ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
tashqi mehnat migratsiyasiga ketayotgan shaxslar uchun borayotgan davlatidagi diplomatik vakolatxona va Migratsiya agentligining hududiy vakilining aloqa ma’lumotlari bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
* * *
Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida:
budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi; mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 360 000 so‘m; bazaviy hisoblash miqdori – 440 000 so‘m bo‘ladi.
* * *
Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida:
2036-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish bo‘lgan subyektlar, nodavlat teatr va teatr-studiyalar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mol-mulk solig‘idan, ularda ishlovchi xodimlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari g‘olib va sovrindorlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorlarda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:
Gran-pri va 1-o‘rin g‘olibi – xalqaro tanlov bo‘yicha 300 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha 100 million so‘m miqdorida;
2-o‘rin sohibi – xalqaro tanlov bo‘yicha 200 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha – 50 million so‘m miqdorida;
3-o‘rin sohibi – xalqaro tanlov bo‘yicha 100 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha 25 million so‘m miqdorida.
Tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster)ning oylik maoshiga bir yil davomida 100 foizgacha ustama Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;
nufuzli xalqaro tanlovlarning g‘olib (sovrindor)lari va ularning o‘qituvchi (konsertmeyster)larining tanlovlarda ishtirok etishi xarajatlari to‘liq Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
ushbu qo‘llab-quvvatlash choralari xususiy sektorda faoliyat yurituvchi shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Nodavlat teatr va teatr-studiyalarning har yili 50 ta sahna asari yaratish xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
davlat madaniyat obyektlari ularning bo‘sh vaqtlarida nodavlat teatr va teatr-studiyalarga spektakl namoyish etish uchun ijara to‘lovisiz foydalanish uchun beriladi.
* * *
Ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
18 va undan katta yoshdagi chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan shaxslarning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdorida har oyda parvarishlash nafaqasi beriladi.
* * *
Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida:
nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltirish tartibi joriy etiladi.
* * *
2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida:
zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga va zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga ular tegishli protsessual xatti-harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi;
bolalarga nisbatan ularning qonuniy vakillari yoki boshqa qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ishni sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlaridagi barcha protsessual harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organi vakili majburiy tartibda ishtirok etadi;
zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi;
mulkchilik shaklidan qat’i nazar ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq aniqlangan faktlar haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
* * *
Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
fuqarolarning oilaviy shajaralari bo‘yicha ma’lumotlarni onlayn tarzda taqdim etish imkoniyatini beruvchi «Shajara» axborot tizimi joriy etiladi.
* * *
Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
respublikadagi mavjud pedagogika texnikumlarining o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq
Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
2030-yil 1-yanvarga qadar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan Davlat budjeti hisobidan naslchilik xo‘jaliklariga o‘stirishga qoldirilgan identifikatsiya qilingan urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplashga har bir davr uchun alohida quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratiladi: birinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda – 1,5 million so‘m; ikkinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda – 2 million so‘m; olingan buzoq 12 oylikkacha saqlanganda – 1 million so‘m; olingan buzoq 12 oydan 18 oylikkacha saqlanganda – 1 million so‘m.
* * *
Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha «oilabay» ishlash tizimi joriy etiladi.
Korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy o‘rta ta’lim xizmatini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga ushbu sinfda ta’lim oladigan har bir o‘quvchi uchun: Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 11 baravari; viloyatlar markazi va Nukus shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 9,5 baravari; boshqa tuman (shahar)larda bazaviy hisoblash miqdorining 8,5 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi;
har yili kamida 50 ta davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun shart-sharoitlar yaratish va ta’lim sifatini yaxshilash, shuningdek, ta’limga jalb etilmagan bolalarning maktabga borishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha «Inklyuziv ta’lim muhiti» granti ajratiladi.
* * *
Parrandachilik sohasini ko‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
parrandachilik xo‘jaliklari, parranda omixta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari hamda «tayyor biznes» loyihalarini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan «Mikrokreditbank» ATBga yo‘naltirilgan mablag‘lar hisobidan kreditlar 10 foiz stavkada ajratiladi.
* * *
Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda eksport salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
davlat xaridlarida ishtirok etadigan korxonalarga mahsulot ishlab chiqarishda kooperatsiya asosida mahalliy charm xomashyosi va butlovchilardan foydalanish darajasi, yaratilgan ish o‘rinlari soni, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazgan savdo belgisi va brendiga ko‘ra qo‘shimcha ball berish va 15 foizgacha narx preferensiyasi taqdim etish tartibi joriy etiladi.
* * *
Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
AT «Xalq banki» va «Mikrokreditbank» ATB chorvachilikni rivojlantirish yo‘nalishida kreditlarni elektron platforma orqali raqamlashtirgan holda ajratishni yo‘lga qo‘yadi.
* * *
Ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
talabalar yotoqxonasiga joylashish bo‘yicha shartnoma tuzish bilan bir vaqtda talabalarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi;
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilish; fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun ariza yuborish; mulkdor yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining murojaati asosida uning turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligini bekor qilish uchun ariza yuborish davlat xizmatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
* * *
Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
texnikumlarni saqlash xarajatlari Davlat budjeti va to‘lov-kontrakt hisobidan shakllangan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan
Yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida avariya va noxush hodisalarning oldini olish va inson hayotiga xavf soluvchi omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
barcha turdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida, shu jumladan, yoqilg‘idan o‘z ehtiyoji uchun foydalanadigan obyektlarda belgilangan xizmat muddati tugagan yoki ishlab chiqarilgan sanasi aniq bo‘lmagan ortiqcha bosim ostida ishlaydigan uskunalardan foydalanish cheklanadi.
* * *
Ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat korxonalarida autsorsing xizmatlarini tashkil etish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
davlat xaridlari elektron tizimlarida autsorsing xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha maxsus sahifa ishga tushiriladi.
* * *
Shahar yo‘lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
brutto-shartnoma asosida tashkil etilgan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchi tomonidan yo‘lkira haqi avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi terminallari (validatorlar) bilan jihozlangan avtobusga chiqish vaqtida quyidagi usullar orqali to‘lanadi:
transport kartasini validatorga tekkizgan holda uni validatsiya qilish;
bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov turlaridan foydalanish (NFC, QR, Biometric, BLE, UWB va boshqa joriy etilayotgan texnologiyalar yordamida to‘lash);
ijtimoiy/transport kartasini validatorga tekkizgan holda imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlash.
Yo‘lkira haqi mazkur bandda nazarda tutilgan usullar orqali avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmaganda (tasdiqlanmaganda), yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.
lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

