Qaror mohiyati
Kitob o‘qiydiganlar va asar yozadiganlar uchun zo‘r qaror chiqdi: shu yilning 15-yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.
Bilasiz, davlat rahbari tomonidan kitob mutolaasi muhimligi, yoshlar va rahbarlar orasida buni keng targ‘ib qilish lozimligi ko‘p marotaba ta’kidlangan. Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning bittasi aynan kitobxonlikka qaratilgani e’tiborga molik. 2025-yil 26-dekabr kuni Prezidentning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ham kitobxonlikning ahamiyati haqida aytildi.
Yangi qarorga muvofiq, quyidagi xayrli ishlarga qo‘l uriladi:
1. «Kitob – ma’rifat manbai» dasturi doirasida aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish va yiliga o‘rtacha 10 ta kitob o‘qish maqsadi joriy etiladi (2026-yildan);
2. «Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi» tashkil etiladi;
3. Yoshlar ishlari agentligiga kitoblarni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlari uchun har yili ajratiladigan mablag‘ miqdori 20 milliardga yetkaziladi;
4. «Jadidlar izidan» kitobxonlik klubi loyihasi asosida maktab o‘quvchilari yiliga kamida 20 ta kitob o‘qishi ta’minlanadi, eng faol klub a’zolari taqdirlanadi;
5. Tanlov orqali iste’dodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun sharoit yaratish maqsadida bir yilgacha BHMning 50 baravari (20 million 600 ming so‘m) miqdorida haq to‘lanadi;
6. Eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizi jamg‘arma tomonidan qoplanadi;
7. Kitobxonlik reytingi shakllantiriladi;
8. «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomini olgan hududlarda 330 ta mahalla kutubxonasi tashkil qilinadi;
9. Top 100 kitobxon dasturi doirasida o‘quvchi va talabalar orasida eng ko‘p kitob o‘qiganlar taqdirlanadi, har biriga BHMning 25 baravari miqdorida (10 million 300 ming so‘m) pul mukofoti beriladi (2026-yildan);
10. «Mutolaa» loyihasi orqali jamoat transporti va infratuzilma obyektlarida elektron va audiokitoblardan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.
11. Vazirlik va idoralarda kasbiy faoliyatga oid adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi, «Kitob burchagi» tashkil etilib, har oyda «Kitob o‘qish soati» yo‘lga qo‘yiladi, bunda eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi (2026-yildan).
Kitobxonlikka qaratilayotgan yuksak e’tibor bejiz emas albatta. «Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda», degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, rivojlangan davlatlar aholisi ko‘p kitob o‘qishi bilan ajralib turadi. «World Population Review» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili AQSH, Hindiston, Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya eng ko‘p kitob o‘qish bo‘yicha kuchli beshlikdan joy olgan. O‘rtacha hisobda bir yilda 1 nafar amerikalik 17 ta, hind 16 ta, britaniyalik 15 ta, fransuz 14 ta, bir nafar italyan 13 ta kitobni o‘qib tugatadi.
Demak, 2030-yilgacha har bir o‘zbekistonlik yiliga o‘rtacha 10 ta kitob o‘qishiga erishsak, biz ham yuqori pog‘onalarda qayd etilamiz. Buning uchun esa yaxshi kitoblar nashri ko‘payishi, kutubxonalar fondi boy bo‘lishi zarur.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda har yili 11 ming nomdagi kitoblar 40 million nusxada nashr qilinmoqda. Bu bir qarashda ko‘pdek. Ammo aholi sonidan kelib chiqsak, qolaversa, boshqa davlatlar bilan solishtirsak, ahvol u qadar maqtanarli emasligi oydinlashadi.
Misol uchun, bizda yiliga 11 ming nomda kitob chop etilsa, Amerika Qo‘shma Shtatlarida bu raqam 275 ming 232 tani tashkil etadi. Amerika kitob sanoati yangi nashrlar hamda qayta chop etilgan kitoblar orqali yiliga 30 milliard AQSH dollaridan ortiq daromad ko‘radi.
Xitoyda yiliga 200 mingdan ziyod nomda, Buyuk Britaniyada 188 ming nomda 200 million nusxada bosma kitoblar chop etiladi. Yaponiyada har yili 139 ming nomda yangi kitob chiqsa, Indoneziyada 135 mingdan ortiq nomda yangi kitob chop etilib, buning uchun o‘rtacha 1,5 milliard AQSH dollari yo‘naltiriladi. Indoneziyada har bir kitob o‘rtacha 4 ming nusxada chiqishini hisobga olsak, umumiy tiraj yiliga 500 milliondan oshib ketadi.
Rossiya nashriyot sanoati 2-3 milliard AQSH dollari miqdorida baholanib, har yili taxminan 115 ming nomda yangi kitob chiqadi. Fransiyada har yili 106 ming 800 nomdagi kitoblar o‘quvchilar qo‘liga yetib boradi. Germaniyada har yili 71 ming 500 nomdagi yangi va qayta nashr qilingan kitob chiqadi, ulardan 8 mingdan ziyodi nemis tilidan boshqa tillardagi kitoblardir.
Ko‘rinib turibdiki, qator davlatlar kitob nashrini mamlakatning yetakchi madaniy sanoati deb hisoblaydi. Garchi ijtimoiy tarmoqlar, elektron kitoblar ommalashgan bo‘lishiga qaramay, rivojlangan davlatlar aholisi bosma kitoblar mutolaasini ma’qul ko‘rishi bor gap.
Binobarin, millatni savodxon, mamlakatni mutaraqqiy davlatlar qatorida ko‘rishni istar ekanmiz, kitoblar nashriga har qancha mablag‘ sarflasak arziydi.
Yana bir ma’lumot. Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida mavjud axborot-kutubxona markazlaridagi adabiyotlarning umumiy soni 700 mingga yetmaydi va ularning ham aksariyati 50-60 yil avval nashr qilingan, ayrimlari bugungi kun ruhiga mos kelmaydigan kitoblardir. Dunyo standartiga ko‘ra, bir kishiga 7 ta kitob to‘g‘ri kelishi kerak, bizda mavjud kutubxonalardagi kitoblar soni bir kishiga 0,2 tani tashkil qiladi, xolos. Demak, kutubxonalar fondini yangi va zamonaviy kitoblar bilan boyitish fursati ham keldi.
Qarorda ko‘zda tutilgan loyihalar samarali bajarilsa, kitobxon millatlar qatoridan joy olishga erishamiz. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
B.SAYFIYEV

