Oltinchi avlod mobil aloqa texnologiyasi (6G) devor ortida turgan odamni aniqlash, shuningdek, uning nafas olishi va yurak urishini o‘lchay olish qudratiga ega bo‘ladi. Bu haqda Heute nashri yozgan.
Ta’riflarga ko‘ra, bunday imkoniyatni ma’lumot uzatish va radiolokatsiya vazifalarini birlashtiruvchi ISAC (Integrated Sensing and Communication) texnologiyasi ta’minlaydi. 6G aloqani qo‘llab-quvvatlovchi antenna va qurilmalar ushbu texnologiya asosida bir vaqtning o‘zida ham muloqotni ta’minlaydi, ham obyektlarning masofasi, tezligi va harakat xususiyatlarini aniqlay oladi.
Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasi mutaxassislarining ogohlantirishicha, bunday tizim signal ta’sir doirasida bo‘lgan barcha odamlarni, ular mobil qurilmadan foydalanishi yoki yo‘qligidan qat’i nazar, qayd etish xususiyatiga ega bo‘ladi. Ma’lumotlarni bu tarzda yig‘ish uchun esa har bir shaxsning roziligini olish amalda deyarli mumkin emas.
Keyingi oyda Germaniyaning Drezden shahrida 6G standartini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro mutaxassislar yig‘ini bo‘lib o‘tishi belgilangan. Nemislar mazkur texnologiyani rivojlantirishga hozirga qadar qariyb 700 million yevro sarmoya kiritgan. Oltinchi avlod mobil tarmoqlarini tijorat maqsadida ishga tushirish esa taxminan 2030-yilga mo‘ljallanmoqda.

