16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Ahmad ibn Hanbal maqtagan Keshiy kim?

Qashqadaryoga oid

Qashqadaryo vohasi ko‘plab buyuk zotlar, dunyo tanigan olimu umarolarga beshik bo‘lgan. Ulardan biri Fath ibn Shuhraf Keshiydir. U zot ulug‘ muhaddis, o‘z davrida «zohid», «obid» nomlari bilan shuhrat qozongan, muarrix Shamsiddin Zahabiyning ta’biri bilan aytganda, islom olamidagi ilk so‘fiy shayx bo‘lgan.

«Nasafiylar va Keshiylar» tazkirasida bayon etilishicha, Fath ibn Shuhraf Keshiyning tug‘ilgan vaqti VIII asr oxirlari – IX asr birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. U Abdulhamid Keshiy, Imom Buxoroiy, Imom Ahmad kabi mashhur muhaddislar bilan bir davrda yashab, ulardan hadis rivoyat qilgan.

Ko‘pgina arab manbalarida Fath ibn Shuhraf Keshiyning tug‘ilib-o‘sgan joyi Kesh shahri ekanligi qayd etilgan. Tarixchi xatib Bag‘dodiy «Tarixi Bag‘dod» asarida muhaddisning Samarqand yaqinidagi Kiss, ya’ni Kesh shahridan ekanligi haqida yozgan. Ibn Mullaqanning «Tabaqotul-avliyo» asarida esa quyidagilar keltiriladi: «Fath ibn Shuhraf ibn Dovud Keshiy Muvarounnahrdagi Naxshab (Nasaf)ga yaqin bo‘lgan Kesh shahrida tug‘ilgan. Nihoyatda taqvodor, ibodati chiroyli va zohid bo‘lib, o‘ttiz yil davomida non iste’mol qilmagan edi».

Muhaddis olim hayoti davomida ulug‘larning yuksak  e’tiroflariga sazovor bo‘lgan. Jumladan, Ahmad ibn Hanbal uni «Xurosondan Fath ibn Shuhrafdek biror kishi chiqmadi», deya e’tirof etgan. Mufassir ibn Kasir esa «Fath ibn Shuhraf so‘fiy shayxlardan biri bo‘lib, karomat va hol sohibi edi. Hikmatli va manfaatli gaplarni ko‘p aytardi», deb yozadi.

Fath ibn Shuhraf Keshiy aytadi: «Bir kun tushimda Ali ibn Abu Tolibni ko‘rdim va u kishiga: «Ey mo‘minlarning  amiri, menga nasihat qiling», dedim. Hazrat Ali shunday dedilar: «Qanday ham yaxshi! Boylar Alloh taolo roziligi uchun kambag‘allarning majlislarida tavoze’ bilan o‘tirsalar», dedilar».

Fath ibn Shuhraf Keshiy 887 yilning shavvol (mart) oyida Bag‘dodda vafot etgan. Olimning shogirdi Abu Muhammad Jariyriy: «Fath ibn Shuhrafning  jasadini yuvayotgan chog‘imizda uning o‘ng taraf terisining ostki qismida «La ilaha illallohu, xilqatun lillahi va lillahi va ilayhi» yozuvlarining  paydo bo‘lganini ko‘rdik», deya guvohlik beradi.

Xatib Bag‘dodiy  va boshqa muarrixlar ma’lumotiga ko‘ra, Fath ibn Shuhraf Keshiy Bag‘dod shahrining janubi-g‘arbidagi, muhaddis Ahmad ibn Hanbalning maqbarasi yonida dafn etilgan. Keshiyning janozasi 33 marta o‘qilgan va har bir o‘qilgan janoza namozida kamida 25-30 ming  kishi qatnashgan. Mazkur ma’lumotlardan Fath ibn Shuhraf Keshiyning o‘z davri musulmon olamida yuksak obro‘-e’tibor va shuhrat sohibi bo‘lganligi ko‘rinadi.