16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish: IKKINCHI BOSQICH BOSHLANDI

«Siz ro‘yxatdan o‘tdingizmi?», «Menga ro‘yxatdan o‘tganingiz haqidagi sertifikat nusxasini tashlab berasizmi?», «Shu kungacha ro‘yxatdan o‘tganlar soni qancha bo‘ldi?»…

Ish joyingizda, oliygohda, mahallada bugun ana shu savollar bot-bot berilayapti, javobi aytilayapti. Kimlardir ma’lumotlarni jamlayapti, jadval qilayapti. Xullas, ish qizg‘in. Xo‘sh, natija qanday?

Viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Hasan TO‘YCHIEV ro‘yxatga olish ishlarining borishi haqida quyidagilarni ma’lum qildi:

– Prezidentimizning 2025-yil 19-sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, viloyatimizda ushbu tadbirga tayyorgarlik ishlari o‘z muddatida va talablar asosida amalga oshirildi. Shahar va tumanlardagi mavjud 776 ta mahalla fuqarolar yig‘inida va 4 ming 303 ta hisob uchastkalarida ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Joriy yil 31-yanvar kuni ro‘yxatga olishning birinchi bosqichi yakunlandi. Bunda viloyat bo‘yicha 711 ming 172 ta xonadondan 604 ming 122 tasi (85 foizi) onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Mahallalar kesimida tahlil qilganimizda, 94 ta fuqarolar yig‘inidagi xonadonlar to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazildi. Buning uchun ushbu mahallalar faollariga ishni tashkil etishdagi fidoyiligi, tashabbuskorligi va mas’uliyat bilan faoliyat yuritganlari uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz. Ana shunday fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan rahbarlar va tashkilotchilarni rag‘batlantirish choralari ishlab chiqildi.

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarining samarali kechishi, birinchi navbatda, fuqarolarning bu jarayonning mohiyatini to‘la anglagan bo‘lishlariga ko‘p jihatdan bog‘liq. Shuning uchun ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot ishlari muntazam tashkil etilmoqda.

Yana bir ma’lumot. Viloyatda xorijiy fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadida 65 ta xostel, 288 ta mehmon uyi, 51 ta mehmonxonada «E-Mehmon» elektron dasturiga ulangan holda ishlar amalga oshirildi.

Ma’lumki, farmonga muvofiq qishloq xo‘jaligining ham ro‘yxatga olinayotgani mavjud mol bosh soni, yer resurslari kabi asosiy ko‘rsatkichlarni ham baholash imkoniyatini beradi.

Viloyatning sohil bo‘yi mintaqalarida 7 ming 642 gektar suv fondi yerlari mavjud bo‘lib, shundan  1 ming 908 gektaridan qishloq xo‘jaligida foydalanish mumkin.

Eng muhimi, ro‘yxatga olish natijasida aholi va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha to‘liq, aniq va ishonchli ma’lumotlar shakllanadi.

Ro‘yxatga olish davomida aholi tomonidan foydalanilayotgan jami yer va ekin maydonlari, shu bilan birga chorva va parrandalar bosh soni to‘liq aks ettirilishi ta’minlanmoqda. Bu ma’lumotlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi farovonligini ta’minlashda asosiy manba hisoblanadi. Tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazish viloyatning real demografik holatini aniqlash va kelgusi taraqqiyot strategiyalarini to‘g‘ri belgilash uchun mustahkam asos yaratadi.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tmagan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan aholini joriy yil 4- fevraldan boshlab «mahalla yettiligi» vakillari ishtirokida 14 kungacha bo‘lgan muddatda sifatli va to‘liq qamrab olinishi ta’minlanadi.

Abdurazzoq DAVRON yozib oldi.