Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi avtomobillar ishlab chiqarishda to‘liq yashirin eshik tutqichlaridan foydalanishni taqiqlashni taklif qilayapti. Bu transport vositalari xavfsizligiga oid yangi talablar loyihasida ko‘zda tutilgan.
Ushbu tashabbus avariyalar vaqtida eshiklarni ochib bo‘lmay qolishi xavfi bilan bog‘liq. Bunday vaziyatlarda yo‘lovchilar salondan mustaqil ravishda chiqa olmasligi, qutqaruvchilar esa avtomobil ichiga tezkorlik bilan kirishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Odatda, kuzov sathi bilan bir tekis joylashadigan va zarurat tug‘ilgandagina tashqariga chiqadigan yashirin eshik tutqichlari, ayniqsa, elektromobillarda keng qo‘llaniladi. Ishlab chiqaruvchilar ulardan aerodinamik xususiyatlarni yaxshilash va avtomobillarga zamonaviy ko‘rinish berish maqsadida foydalanadi.
Biroq bunday mexanizmlar favqulodda vaziyatlarda pand berishi amalda kuzatilgan. Ularning ko‘pi elektr yuritmasi bilan jihozlangan. Shu sababli jiddiy yo‘l-transport hodisasi yuz berganda, akkumulyator shikastlanganda yoki avtomobilning bort elektr ta’minoti uzilganda tutqichlar tashqariga chiqmay qoladi.

