16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Ayol eri sabab ishdan bo‘shatildi

Xitoyda sud ish beruvchi o‘z xodimini uning turmush o‘rtog‘i raqobatchi firmada ishlashi vaji bilan ishdan bo‘shatganini noqonuniy deb topdi va buning uchun kompaniya jabrlanuvchiga 100 ming dollar miqdorida tovon puli to‘laydigan bo‘ldi, deb yozadi South China Morning Post manbasi.

Ko‘chmas mulkni boshqarish kompaniyasida qariyb 20 yildan beri ishlab kelgan ayol ishxonasidan mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida xabarnoma olgan. Ish beruvchi uning turmush o‘rtog‘i raqobatchi firmada bosh direktor lavozimida ishlashini, bu esa biznes uchun «salbiy oqibatlar» keltirib chiqarganini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng xodim ishdan bo‘shatilgani uchun tovon puli talab qilib, kompaniya ustidan sudga murojaat qilgan. Sudda ish beruvchi tomoni operatsion menejer lavozimida ishlagan ayol maxfiy ma’lumotlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lganini ta’kidlagan. Xodimning o‘zi esa bunday imkoniyatga ega bo‘lmagani va faqat yordamchi vazifalarni bajarganini aytgan. Shuningdek, u turmush o‘rtog‘i amalda raqobatchi kompaniyada ishlamasligini, turli tadbirlarda ishtirok etishda qulay bo‘lishi uchun o‘zini shu firma xodimi deb tanishtirishini bildirgan.

Sud ish beruvchi tomonidan ayolning turmush o‘rtog‘i uning lavozimidan kompaniya manfaatlariga zarar yetkazish uchun foydalanganini tasdiqlovchi yetarli dalillar taqdim etilmagani uchun da’voni qanoatlantirgan.