O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor
16–noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan Bag‘rikenglik haftaligi doirasida Qashqadaryoda ham ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Sana tarixiga nazar tashlasak: 1995-yil 16-noyabrda YUNESKO tashkilotiga a’zo mamlakatlar tomonidan Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi qabul qilindi va unda «Bag‘rikenglik – bu dunyomiz madaniyatlarining boy xilma-xilligini, o‘zimizni ifoda etish shakllarimizni va inson shaxsiyatining namoyon bo‘lish usullarini hurmat va qabul qilish va to‘g‘ri tushunish» ekanligi qayd etildi. Oradan bir necha oy o‘tgach, BMT Bosh Assambleyasi o‘z rezolyutsiyasi bilan jahon hamjamiyatiga 16-noyabrda Xalqaro bag‘rikenglik kunini nishonlash va mazkur sana munosabati bilan keng jamoatchilik ishtirokida tegishli tadbirlar o‘tkazishni taklif qildi. Ushbu taklif dunyoning ko‘plab mamlakatlari, shu jumladan, bag‘rikenglik azaliy qadriyati sanalgan O‘zbekiston xalqi tomonidan ham ma’qullandi.
Bir necha yildirki, Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan yurtimizda Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkazilar ekan, uning asosiy maqsadi turli millat va din vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash, yoshlar ongida bag‘rikenglik g‘oyasini chuqur singdirishdir. Shu bois ham viloyatimizda haftalikning ochilishi Qashqadaryoda o‘zaro ahillik va hamjihatlikda yashab, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan turli millatlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Qarshi shahridagi «Do‘stlik va NNTlar uyi»da «Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik» shiori ostida «O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor» mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati hamda qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlari, rassomlarining badiiy asarlari kichik ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbirda uning asosiy tashabbuskorlari – viloyat hokimligi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qashqadaryo bo‘linmasi mutasaddilari, shuningdek, vohamizda faoliyat yuritayotgan arab, rus, tatar-boshqird, tojik, turkman milliy madaniy markazlari va bir qator NNT faollari ishtirokida jamiyatimizda millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida qilinayotgan keng qamrovli ishlar haqida so‘z yuritildi. Milliy madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlash va aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar orasida bag‘rikenglik g‘oyalarini samarali targ‘ib qilish bo‘yicha fikr almashildi.
Haftalikning ikkinchi kunida viloyatimizdagi milliy-madaniy markazlar va boshqa musiqiy jamoalar vakillari «O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor» nomli ajoyib konsert dasturini namoyish etishdi hamda «Yashil makon» loyihasi doirasida «Do‘stlik va NNTlar uyi» hovlisida «Do‘stlik daraxtlari» ko‘chatlarini o‘tqazishdi.
– Konsertda markazimiz huzuridagi «Koyash» ansamblining turli yoshdagi a’zolari aynan Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan va «Biz – har xilmiz, biz – birgamiz» deb nomlangan adabiy-badiiy kompozitsiyani namoyish etishdi, – deydi viloyat tatar-boshqird milliy madaniy markazi faoli, «Do‘stlik» ordeni sohibi Ravil Ixsanov. – Turli millat vakillari tomonidan birgalikda ekilgan «Do‘stlik daraxtlari» esa, menimcha, umumiy uyimiz O‘zbekiston taraqqiyotiga hamkorlikda qo‘shayotgan hissamiz ramzidir.
Shuningdek, 10-16-noyabr kunlari davom etadigan Bag‘rikenglik haftaligi doirasida viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida «Kitobxonlik bizni birlashtiradi» nomli kitoblar ko‘rgazmalari, «Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz» mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, milliy taomlar, liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari namoyishlari va tanlovlari, «O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor» nomli konsertlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
O‘z muxbirimiz

