Alyaska (AQSH) gaz inqirozi yoqasida turibdi, uning eng yirik shahri Ankorij esa yaqin yillarda elektr energiyasisiz qolishi mumkin, deb yozadi The New York Times nashri.
Manbaning qayd etishicha, avvallari shtatda gaz shunchalik ko‘p bo‘lganki, undan nafaqat uylarni isitish va elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalanilgan, balki yoqilg‘i tankerlar bilan xorijga jo‘natilgan. Ammo hozir burg‘ilash kompaniyalarining aksariyati ketdi, Kuka qo‘ltig‘ida esa gaz shiddat bilan kamayib borayapti.
«Rasmiylar yaqin bir necha yil ichida shtatning eng yirik shahri Ankorijni to‘liq yoritishda davom etish uchun yoqilg‘i yetishmasligi mumkinligini taxmin qilmoqda», deyiladi maqolada.
Nashrning ma’lum qilishicha, neft va gaz asosiga qurilgan Alyaska iqtisodiyoti hozir «gaz inqirozi yoqasida». Zaxiralarning tugashi muammosi 15 yildan ko‘proq vaqtdan buyon ma’lum, biroq hukumatda bu vaziyatni hal qilish bo‘yicha hech qanday yechim rejasi yo‘q. Mahalliy kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari ular taxminan 2028 yilga kelib xorijdan gaz sotib olishni boshlashiga to‘g‘ri kelishini istisno qilmayapti. Bu, o‘z o‘rnida, elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti uchun xarajatlar 10-40 foizga o‘sishiga olib keladi.

