Qatralar
Unga davr tegdi. O‘zini ko‘rsatib qo‘yish uchun ishni o‘zining qishlog‘idan boshladi. Har to‘kisdan bir ayb qidirdi. Na kattani bildi, na kichikni. Kibr butun vujudini o‘rgimchak to‘riday o‘rab oldi. Ot ustida turib gapirdi. Pastga tushmadi…
Umr – daryo. Oqdi-yu ketdi…
Mansab – omonat, boshqa ega chiqdi…
U esa… Qishlog‘ini sog‘inadi.
Lekin… Borolmaydi.
Borishga beti yo‘q…
XOMTALASH
O‘zi-ku ketdi, ammo ortidan arining uyasi buzildi. Otadan qolgan mulk bolalar o‘rtasida xomtalash bo‘ldi. Mashina, dang‘illama hovli, qator-qator do‘konlar, pullar. Xullas, hali o‘likni ko‘mmay turib og‘a-inilar o‘rtasida zimdan «kurash» boshlandi. So‘ng sudvozlik…
Ularni kuzatib turganlar ko‘nglidan shunday gap o‘tdi:
«Mol-mulki, puli bor ekan-u, aqli yo‘q ekan. Topganini noqobil bolalariga taqsimlab ketmaydimi?..»
«BILAG‘ON»
Xodima devorda yozilgan matndagi uslubiy xatoni tan olmay uni ko‘rsatganlarga qarab «sakradi». Labi labiga tegmay bidirladi: «Hujjatda shunaqa. Bizga yuqoridan xuddi shunday kelgan. Yuqoridagilar xato yozishmaydi…»
Ular telefondan hujjat aslini topib ko‘rsatishdi. Unda so‘zlar to‘g‘ri yozilgan edi.
Xodimaning ovozi o‘chib, nafasi ichiga tushib ketdi…
KALLA
Ularga salla olib kelish aytilgan edi, kalla olib kelishdi.
Hamma yoqni boshsiz tana bosib ketdi…
NADOMAT
Bolalikdagi beg‘uborlik yillar qa’riga singib ketdi.
Yoshlik asray olmadi uni…
SIYRAT
Uning qo‘lida qalami, tilida so‘zi bor.
Binoyiday yozadi.
Ammo odamgarchiligi yo‘q…
KENJA FARZAND
U kenja farzand bo‘lishning yaxshi va yomon tomonlari haqida esse yozdi. Xulosa shunday bo‘ldi: «Kenja farzand bo‘lishning yaxshi tomoni – o‘zbeklarda ota-ona kichik bolasi bilan yashaydi.
Har erta tong uni duo qilib, ishga kuzatadi. Yomon tomoni esa…. Kenja bola ota-onaning yoshligini ko‘rmaydi… Va eng yomoni… Ota-ona kenja farzand bilan kam yashaydi…»
Qog‘ozga bir tomchi yosh to‘kildi…
«SOVG‘A»
U yangi boshliqning ko‘nglini ovlash uchun «sovg‘a» oldi. Boshliq qabul qilmadi. Oldi-berdi qilib yurishga odatlangan emasmi, ajablandi, hayron qoldi.
Men esa ajablanmadim.
Hayotda halollikni e’tiqod bilgan kishilar ko‘p…
ILM
Unda savlat bor, salobat ham. Hatto siyosat ham bor. Ammo ilm yo‘q.
Kezi kelganda ilmsizligi savlati, salobati, siyosatini bir tiyinga qimmat qilib qo‘yadi…
Lola O‘ROQOVA

