16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

BULARNING BARCHASI DUNYONING ASL MANZARASINI BEJAB KO‘RSATAYOTGANDAY…

Saralangan satrlar

Basharti kishi kitobga vaqt o‘tkazish vositasi sifatida qarasa, o‘qish asnosida miya hujayralari zo‘riqishini – fikrlashni istamasa va asardagi g‘oya-mazmunni to‘laligicha anglashga xohish bo‘lmasa, kanadalik adiba Margaret Atvudning “Oqsoch hikoyasi” romanidan uzoqroq yurgani ma’qul. Bu kabi romanlar xos o‘quvchilariga ega va aynan shu kitobxonlar uchun butun mag‘zi-mohiyatini oshkor etadi. Ishonamiz, Siz ayni shu toifaga mansubsiz!

Kitobda totalitar tuzum hukm surgan Gilead mamlakatining chirkin hayoti qalamga olinadi. Bugungi kunimizdan ancha yillar keyingi voqealarga ko‘ra, bir to‘da mutaassiblar dunyoning eng qudratli davlatida hokimiyatni qo‘lga olishadi va o‘ziga xos qonun-qoidalar joriy etishadi. Qoidalarki, aql bovar qilmaydi. Asarga qiziqishingiz so‘nmasligi uchun syujet haqida boshqa narsa aytmaymiz.

Margaret Atvud 1939-yilda tug‘ilgan. Shu vaqtgacha o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari, 18 ta romani, 11 ta hujjatli kitobi, 9 ta qissalar to‘plami, bolalar uchun 8 ta kitobi va ikkita grafik romani nashr etilgan ekan. Binobarin, adiba ko‘plab nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Eng mashhur asari, tabiiyki, “Oqsoch hikoyasi”dir. Roman o‘tgan yili “Musaffo” nashriyotida o‘zbek tilida nashr etildi. Siz ham o‘qib ko‘ring, har holda turfa shov-shuv hamda bahs-munozaralar bekorga emas.

*  *  *

Erishish oson bo‘lgan kichik maqsadlarning bo‘lishi aslida qanchalar yaxshi.

*  *  *

Yangi uy ostonasida o‘zingni doim yolg‘iz sezasan.

*  *  *

Ko‘pincha eng xavfli, uchiga chiqqan mutaassib, qurol ishlatishda eng shafqatsizlar shunday g‘o‘rlardan chiqadi. Hali zamonga qarab qadam tashlashni bilishmaydi. Ular bilan ehtiyot bo‘lib muomala qilgan ma’qul.

*  *  *

Ba’zida gapirmaslik ham xavfli.

*  *  *

O‘tmishni eslasak, uning go‘zal tomonlariga urg‘u beramiz. Hammasi ajoyib bo‘lganiga ishongimiz keladi.

*  *  *

Oddiylik – bu siz ko‘nikib qolgan narsa. Bugun g‘ayrioddiy ko‘ringani bilan ertaga o‘zgaradi. U oddiylashadi.

*  *  *

Tirik jon borki, go‘yo maysa: o‘sadi, soya tashlaydi, so‘nadi…

*  *  *

Loqaydlik bexabarlikdan farq qiladi: uning ustida ishlash kerak.

*  *  *

Unda bizda yo‘q narsa bor: so‘z. Bir paytlar orqa-o‘ngimizga qaramay rosa sovurgan ekanmiz.

*  *  *

Malika Viktoriya qiziga bergan maslahatni eslayman: “Ko‘zlaringni yum va Angliyani o‘yla”.

*  *  *

Qorong‘ilik sahnida yangi chiqqan oy – orzular oyi, qadimiy tosh bo‘lagi, iloha, qisilgan ko‘z suzib yuribdi. Oy bu tosh, osmon esa halokatli jismlarga to‘la. Lekin, o, Xudo, u baribir naqadar go‘zal!

*  *  *

Sevgi yetishmovchiligidan o‘lishimiz mumkin.

*  *  *

Og‘ir damlarda har nimaga ishonishga to‘g‘ri keladi.

*  *  *

Aqli rasolik qimmatli boylik; odamlar qachondir pul g‘amlagani kabi uni zaxirada saqlayman. Vaqt kelganda, zoriqmaslik uchun asrab-avaylayman.

*  *  *

Men bu odamlarning g‘amgin, och, darmoni qurigan, arzimagan ish uchun, masalan, rivojlangan xalqlar allaqachon yechimini topgan quduq qazish yoki yer sug‘orish kabi jo‘n masalalarni deb qora terga botgan paytini emas, baxtiyor damlarini kuzatishni yoqtirardim. Kimdir ularga texnologiya vositalarini bersa-yu, o‘zlashtirib olishsa deb orzu qilardim.

*  *  *

Hatto shunday joyda va sharoitda ham til biriktirish mumkin. Bunga shubha yo‘q: u yoki bu ko‘rinishdagi ittifoq doim mavjud.

*  *  *

Har qanday yangi narsani yo‘lga qo‘yish vaqt talab qiladi.

*  *  *

Kechirimlilik ham aslida bir kuch ekanligini unutmang. Yolvorib uzr so‘rash bu kuch, rad etish yoki tortiq qilish esa eng buyuk qudrat bo‘lsa kerak.

*  *  *

Muhit hamma narsani belgilaydi.

*  *  *

To‘g‘ri kelgan kishiga insoniy xislatlarni yopishtirish qanchalar oson. Qanday yengil aldov.

*  *  *

Ovozi o‘chirilganlar sassiz qichqirig‘i bilan bo‘lsa-da, sizni eshitishga majbur qilajak.

*  *  *

Olomon qo‘lida xavf tug‘dirgan narsa kimdir uchun xavfsiz sanaladi, agar u tutgan yo‘l tanqiddan yuqori tursa.

*  *  *

Sen faqat o‘zing yetisholmagan narsaga egalik qilgan kishiga hasad qilishing mumkin.

*  *  *

Quyosh bepul, undan hali ham avvalgiday bahra olish mumkin.

*  *  *

Ifloslar seni oyoqosti qilishiga yo‘l qo‘yma.

*  *  *

Sotqinlik qurboni bo‘lganingdagi eng og‘ir holat – seni sotishganiga, boshqa bir odam senga shu yovuzlikni ravo ko‘rganiga to‘la-to‘kis ishonch hosil qilishingdir.

*  *  *

Maxfiy so‘zlar, oshkor qilib bo‘lmas narsalar, shaxsi sir tutiluvchi odamlar, mavhum aloqalar – bularning barchasi dunyoning asl manzarasini bejab ko‘rsatayotganday.

*  *  *

“Yaxshiroq” hammaga birday manfaatli ekanini anglatmaydi. Kim uchundir doim yomonroq bo‘ladi.

*  *  *

Odamlar hayotida ma’no yo‘qligini tan olmaslik uchun hamma narsaga tayyor. Ya’ni befoydaligini. Syujet yo‘qligini.

*  *  *

Tashna aqlni qondirish uchun doim nimadir topiladi.

*  *  *

Sevgiga shunchalik yengil qarash mumkinmi? Hatto masxaraomuz. Xuddi biz uchun ahamiyatsiz, bachkana tantiqlikday. Aksincha, u og‘ir dard edi-ku. Uni hamma birinchi o‘ringa qo‘yardi; inson muhabbat orqali o‘zini anglardi; aqlingni taniganingdan beri hech kimni sevmagan bo‘lsang, allaqanday mutant, koinotdan tushib qolgan mavjudot sanalarding. Buni hamma bilardi.

*  *  *

Hayotingda yuz berayotgan barcha voqealar aslida miyangdan taralayotgan yaxshi yoki yomon quvvat hosilasi.

*  *  *

Erkinlik ham boshqa har qanday narsa kabi nisbiy.

*  *  *

Tarix haqida olingan film tarixning o‘zidan farq qiladi.

*  *  *

Erkaklar boshqalardan sir tutgan narsasini ba’zan ayol kishiga gullab qo‘yadi.

*  *  *

Ayrolik qalbni yuksaltiradi.

*  *  *

Sevgi qanday his etilishini hech qachon to‘liq anglab bo‘lmaydi.

*  *  *

Odamzod hamma narsaga ko‘nikadi, derdi onam. Bu chindan juda qiziq, odam o‘ziga jimitday tasalli topsa nimalarga ko‘nib ketavermaydi-a?

*  *  *

Bizga ma’lumki, ayrim tarixiy davrlar boshqa jamiyatlar uchun ham, keyingi avlodlar uchun ham uncha maqtashga arzimaydigan afsonalarga va o‘zini ikkiyuzlamachilik bilan oqlash vositasiga aylanadi.

*  *  *

Tarixdan bilamizki, hech bir yangi tizim eskisidagi ko‘plab unsurlarni o‘zlashtirmay turib, uning o‘rnini egallay olmaydi, o‘rta asr nasroniyligidagi butparastlik unsurlari va Rossiya “KGB”si sobiq podsholik davridagi maxfiy qo‘riqlash bo‘limidan o‘sib chiqqani fikrimizga yaqqol misol bo‘la oladi.

*  *  *

Kuch-qudrat tanqis bo‘lgan joyda, uning bir chimdimi ham o‘ziga tortadi.

*  *  *

Har qanday tarixchi yaxshi biladiki, o‘tmish bu faqat aks-sadolar bilan to‘lgan buyuk zulmatdir. Ovozlar bizgacha yetib kelishi mumkin, ammo so‘zlari ularning o‘zi chiqib kelgan makon mavhumoti bilan to‘yingan. Qancha urinmaylik, bugungi nurafshon kunlarda ularning mazmunini har doim ham aniq chaqolmaymiz.

B.SAYFIYEV tayyorladi.