Ma’lumki, Qarshi va Shahrisabz vohamizda paydo bo‘lgan ilk shaharlar sifatida e’tirof etiladi. Ularning atrofidagi yodgorliklardan topilayotgan turli qadimiy ashyolar, hunarmandchilik buyumlari haqiqatda ham bu ikki manzilning tarixi qariyb 3 ming yillik davrni qamrab olishini qayta-qayta tasdiqlamoqda.
Yakkabog‘ tumanida ham Amir Temur va undan oldingi davr bilan bog‘liq ko‘plab tarixiy tepaliklar aniqlangan. Ana shunday tepaliklardan biri hozirgi Yangi hayot mahallasidagi Duyul qishlog‘ida joylashgan Duyultepa yodgorligidir.
– Bu tepalik oldinlari baland edi, atrofida paxta ekilar, onalarimiz dalada mehnat qilar, biz bolalar esa tepalik ustida o‘ynab vaqt o‘tkazardik, – deydi shu qishloqlik 72 yoshli Oydin Saodatova. – Keyinchalik odamlar qurilish qilish maqsadida tepalikdan tuproq olib keta boshladi. O‘sha kezlarda bolalar munchoq, ko‘za siniqlari, g‘isht parchalariga o‘xshash narsalarni topib olishardi. Men 9-sinfda o‘qiyotgan paytimda kavlab olingan joyni tekislab, og‘ilxona qurdik. O‘shanda bir kattagina xum chiqdi. Ichiga suv solib qo‘ysa, muzday turardi. Keyinchalik uni qishloqning kayvonilari muzeyga beramiz, deb olib ketishdi.
Ayni paytda tepalikning bir qismi qolgan, xolos. Mahalliy aholi tuproq olinaverib, ochilib qolgan yerlarni o‘zlashtirgan va tekislab, hovli-joy qurib olgan. Tepalikning shundoqqina biqinida Norbuvi Rahimova farzandlari, nevaralari bilan istiqomat qiladi. Uning aytishicha bu yerni hovli-joy qilganiga 40 yillar bo‘lgan. Onaxonning uyida ham bir xum yerga ko‘milgan holatida turibdi.
– Taxminan yigirma yillar bo‘ldi, – deya eslaydi onaxon. – Bir yigit darvozadan chaqirib keldi, chiqib qarasam, ikki ko‘zi tepalikda. Yomg‘ir yuvib, tuprog‘i ko‘chib, uchta katta xumning bir qismi ko‘rinib turibdi. Qishloqning oddiy odamlari bo‘lsak, shoshib qoldik. O‘g‘illarim shartta kavlashga tushib ketdi, keyin ko‘rsak ichi bo‘sh ekan. Bizdan oldingilar aytardi, bu yerlarda oldinlari kulollarning kulbalari bo‘lgan deb. Balki to‘g‘ridir. Uni endi olimlar aniqlasin.
Darvoqe, diqqatimizni tortgan hamda bizni bu qishloqqa yetaklagan xushxabar ayni shu tepalikdan topilib, Zardushtiylik davriga aloqador deya taxmin qilinayotgan va o‘sha davr odamlarining mafkuraviy qarashlarini ifoda etadigan mittigina haykalcha va chiroq bo‘ldi. Chiroq to‘rtburchak shaklda bo‘lib, ikki qavatdan iborat. Yuqorisida olov yoqilgan. Pastida esa to‘rt tomonida ham teshiklar qoldirib yasalgan. Bir tomonida esa haykalcha sig‘adigan joyi bor.
– Biz bu topilma shamchiroq degan to‘xtamga kelib turibmiz, – deydi 44-umumta’lim maktabi tarix fani o‘qituvchisi Sirojiddin Sariqov. – Bu haykalcha ham bevosita shu shamchiroq bilan bog‘liq. O‘sha davrdagi ajdodlarimizning e’tiqodini aks ettirgan. Olov yoqilganiga qaraganda bu Zardo‘shtiylik an’analarini ifodalaydi. Bu haykalcha esa Buddizmga aloqador bo‘lishi mumkin. Bu topilmalar qishlog‘imiz tarixidan so‘zlashini, muhim ahamiyatga ega bo‘lishi ehtimoli borligini his etib, maktab qoshida muzey tashkil etdik. Ayni paytda qishloq faollari, o‘quvchilar, ota-onalar yordamida muzey fondini boyitish ishlarini davom ettirmoqdamiz.
Duyul qishlog‘i Shahrisabz va Qarshi shaharlarini bog‘lovchi avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, vohaning ikki qadimiy shahrini bog‘lovchi karvon yo‘lining ahamiyatli manzillaridan biri aynan shu yer bo‘lgandir, balki. Ehtimol qishloqda hunarmandchilik bilan shug‘ullanish urfga aylanib, ularning savdo rastalari, ustaxonalari uzoq yillar faoliyat yuritgan va aynan duyultepa ostida xarobalarga aylangandir. Balki bu qishloqda miloddan avvalgi davrlarning ham sir-sinoatlari yashirinib yotgandir.
– Yakkabog‘ tumanida 195 ta arxeologik obyekt mavjud, – deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi mutaxassisi Dilbar Turdimurodova. – Ulardan bor yo‘g‘i 10 ga yaqinida o‘rganish ishlari olib borilgan, xolos. Ayni vaqtgacha tumandan topilayotgan qadimiy ashyolar Qarshi va Shahrisabz shahridagi muzeylarga jo‘natilgan. Duyultepa ham o‘rganilmay yotgan yodgorliklardan biridir. Bu yerdan bir necha yillar avval Buddaning 20 santimetrli haykalchasi ham topilgan edi va u hozirda Qarshi shahridagi muzeyda saqlanmoqda. Shundan bilish mumkinki, bu yodgorlikning tarixi ikki ming yillarga borib taqaladi. Qolaversa, bu yerdan faqat kulolchilik buyumlari emas, janglarda qo‘llaniladigan, simob quyiladigan moslamalar, ishlov berilib, to‘p shakliga keltirilgan toshlar, yog‘och buyumlari, tegirmon toshlari topilyapti. Ushbu arxeologik manzilni ilmiy o‘rganish uchun kelajakda arxeologlarni, talabalarni jalb etishni rejalashtirganmiz.
Yurtimizning o‘rganilmay yotgan yodgorliklari bisyor. Duyultepa ham tarixshunos olimlar va arxeologlarning e’tiboriga tushib, o‘rganish ishlari olib borilsa, qadim o‘tmishimizning biz hali bilmagan sir-sinoatlari, tariximizning yangi manbalari ochilishiga sabab bo‘larmidi, ehtimol.
Bahodir HALIMOV
C.NARZIYEV olgan suratlar.

