Turkiyada sigaret sotib olish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatish talab etiladi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Kamol Memisho‘g‘lu ma’lum qildi, deb yozadi Haberler nashri.
Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, shunga oid qonun loyihasi hozir tayyorlanish bosqichida va bir necha hafta ichida parlamentga kiritiladi. Yangi qoidalar nafaqat sigaret sotish tartibiga, balki savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tamaki mahsulotlari joylashtiriladigan vitrinalar ko‘rinishiga ham taalluqli bo‘ladi. Bunda asosiy e’tibor sotuvdagi sigaretlarning ko‘zga tashlanishini kamaytirishga hamda chekishni oddiy va tabiiy holat sifatida qabul qilishga olib keladigan qarashlarni o‘zgartirishga qaratilgan.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, sotuvchilar xaridorning yoshini shaxsni tasdiqlovchi hujjat orqali tekshirishi shart bo‘ladi. Bu esa amaldagi 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga tamaki mahsulotlari sotishni taqiqlovchi talabga rioya etilishini samaraliroq ta’minlash imkonini beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Turkiyada 160 milliard dona sigaret sotilgan. Bu 8 milliard quti degani. Ushbu bozorning yillik aylanmasi esa 20-30 milliard AQSH dollariga baholanadi.

