16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

ERKIN MATBUOT SIYOSAT UCHUN NOQULAYLIKDIR

O‘zbek matbuoti va ommaviy axborot vositalari haqida so‘z borarkan, taniqli jurnalist Karim Bahriyevning “So‘z erkinligi haqida so‘z” kitobi to‘g‘risida aytmaslik insofdan bo‘lmaydi. Kitobda insonning fikrlash va so‘zlash, muloqot va muhokama qilish erkinligi mohiyati, taqdiri, ahamiyati va istiqbolidan so‘z yuritiladi. Haqli ta’kidlangani kabi, hokimiyatning jurnalistlarga va ommaviy axborot vositalariga munosabati – bu hokimiyatning o‘z fuqarolariga munosabatini ko‘rsatadi, chunki so‘z erkinligi ana shu fuqarolarning erkinligidir. So‘z erkinligiga imkon berayotgan hokimiyat jurnalistlarning erkinliginigina emas, ommaviy axborot vositalari orqali o‘z fikri, dardu tashvishini oshkor etishi kerak bo‘lgan xalqning erkini ta’minlayotgan bo‘ladi. Mamlakatdagi so‘z erkinligining ahvoli bu mamlakatning demokratik yoki demokratikmasligini yaqqol ko‘rsatadi.

Ayni damda siz mutolaa etadigan satrlar shu kitobdan.

Saralangan satrlar

* * *

Xalqimizning ma’naviy bisotida so‘z erkinligi haqida aytilgan hikmatlar anchagina. Ulardan turlicha xulosalar chiqarish mumkin, albatta. “Boshingga qilich kelsa ham to‘g‘risini so‘zla”, deydilar. O‘ktamlashasan. “To‘g‘ri so‘z tuqqaningga yoqmas”, deydilar. Tarvuzing qo‘ltig‘ingdan tushadi. “Elchiga o‘lim yo‘q”, deydilar. Shoir ham xalqning elchisi ekanini eslab, dadillashasan. “Egilgan boshni qilich kesmas”, deydilar. Ko‘ngling soviydi. Albatta, egilolmaysan. Chunki ahvoling og‘ir: “Aytsam – o‘ldirurlar, aytmasam – o‘lam…” Shunday yaralgansan – eshitsalar ham, eshitmasalar ham qalbing buyurganini aytaverasan. O‘zingga xiyonat qilolmaysan.

* * *

Men uchun to‘g‘riso‘z odam – tayoqdek to‘g‘ri, shubhasiz fikrlarni aytayotgan odam emas, balkim fikrlayotgan va ma’lum xulosalarga kelayotgan hamda shu xulosalarini ochiq-oshkora aytayotgan odamdir.

* * *

Agar odam o‘zi ishongan fikrini aytayotgan bo‘lsa, bu fikrning munozarali ekanidan qat’i nazar, bu odamni hurmat qilish kerak. Volter shuning uchun ham: “Men Sizning fikringizga qo‘shilmasman, ammo Sizda ham fikr bo‘lishi kerak va men Sizning ana shu fikringizni aytish huquqingiz uchun jon berishga tayyorman”, degandi.

* * *

Konfutsiy: “Adolatsiz tuzumda boy bo‘lish – uyat, adolatli tuzumda – kambag‘al bo‘lish uyatdir”, degandi. Zero, adolatli tuzumda shaxsning halol yo‘l bilan boy bo‘lishi uchun imkon bo‘ladi, halol yo‘l bilan yashash mumkin bo‘lganda och o‘tirish sog‘-salomat odam uchun uyatdir. Agar halol yashashning imkoni bo‘lmasa, boy bo‘lish uchun albatta qing‘ir yo‘llardan borish kerak bo‘lsa, xususan, kimgadir xushomad qilish, yolg‘on so‘zlash lozim bo‘lsa, bu tizim – adolatsizlikdir, bu yo‘l bilan boyish – sharmandalikdir.

* * *

Haqiqat baribir oshkor bo‘ladi. Kecha sho‘ro totalitarizmi davrida aytilmagan gaplar bugun aytilmoqda, oshkor etilmoqda. Bugun aytilmayotgan gaplar ertaga aytiladi. Avraam Linkoln aytganiday: “Bir hovuch muayyan odamlarni bir umr aldab yurish mumkin, butun xalqni muayyan vaqt davomida aldab yurish mumkin, ammo butun xalqni hamisha aldab yurishning iloji yo‘q”.

* * *

Yolg‘on – laganbardorlikning vositasidir. Xushomad – tiz cho‘kib qilingan hujum, egilib qilingan qaroqchilik, deydilar. Bir odam ikkinchi odamni yolg‘ondan maqtar ekan, uning nimadandir tamasi bor. U nimagadir erishmoqchi, nenidir olmoqchidir.

Haqiqat bekorga aytilishi mumkin, ammo yolg‘on bekorga aytilmaydi. Xushomad qilayotgan odam maqtalayotgan odamga muhtojdir, maqtalayotgan odam esa unga muhtoj emas. Shuning uchun xushomad eng avvalo xushomad qilinayotgan odamni haqorat qiladi.

* * *

To‘g‘riso‘zlik – odamning boshqa odam oldidagi, xalqi va millati oldidagi burchidir.

O‘tgan asrda to‘g‘riso‘zligi uchun hukmdorlar “telba” deb e’lon qilgan va mahbusxonaga tashlagan faylasufga qo‘shilib aytish mumkinki, men xalqimga hech qachon yolg‘on so‘zlay olmayman, chunki uning ko‘ziga hamisha uyalmay tik qarashni istayman.

Men xalqimning kamchiliklarini fosh etaman, chunki uni kamchiliklarsiz, barqaror, komil va sobit ko‘rishni istayman.

Men xalqimni tanqid qilaman, chunki uni sevaman.

Men xalqimga rost so‘zlayman, chunki uni hurmat qilaman.

* * *

Benito Mussolinidan dasturxon ustida o‘g‘li so‘ragan ekan: “Ota, sizni hamma fashizm nazariyotchisi, deydi. Ayting-chi, qisqa va lo‘nda aytganda fashizm o‘zi nima?” Kayfiyati yo‘q payti ekanmi, duche javob o‘rniga g‘azab bilan: “Ovqatingni yeginu og‘zingni yum!” debdi. Zero, shuning o‘zi lo‘nda javobdir, fashizmning muxtasar izohidir. Demokratik tuzum esa xalqining og‘zini berkitmaydi, aksincha, undan fikr va quvvat oladi.

* * *

AQSh jurnalistlari o‘zlarini “poyloqchi ko‘ppak” deb ataydilar va, eng qizig‘i, bundan cheksiz faxrlanadilar. Ular tinimsiz yangilik izlaydilar, hamma yerga birinchi bo‘lib ulgurishga intiladilar, g‘ayritabiiy, kutilmagan voqealar sodir bo‘lish ehtimoli bor yerlarda tunu kun uxlamay, poylab yotadilar. Bir latifani aytib yurishadi. Emishki, “Chelinjer” fazo kemasi fojiaviy portlaganda jahonning barcha mamlakatlaridan ta’ziya bildirilgan telegrammalar kelibdi. O‘rislarning “ta’ziya telegrammasi” fojiadan… yarim soat oldin kelgan ekan. Naqadar muxbirona tezlik!

* * *

Missuri shtatida bo‘lganimda Jeferson shaharchasida bir senator ayol menga: “Oydan yerga tushgan jonzot Amerika siyosiy tizimini ko‘rib, hayron qolgan bo‘lardi – biz, senatorlar, Amerika xalqidan ham ko‘proq Amerika jurnalistlaridan qo‘rqamiz. Xalqqa yoqishdan ko‘ra ularga yoqishga ko‘proq harakat qilamiz”, degan edi.

* * *

Sharq matbuoti (“sharqona” va “g‘arbona” ajratishlarimiz shartlidir, albatta) ko‘pincha ezgu ishlarni axtaradi, ijobiy tomonlarni topib, maqtab turadi, ya’ni: “Yaxshilik ko‘proq bo‘lsin!” G‘arb matbuoti asosan negativ izlaydi, illatlarni topib, fosh qiladi, ya’ni: “Yomonlik kamroq bo‘lsin!” Ikkisi ham tamoyil sifatida to‘g‘ridir. Sir-sinoat shundaki, g‘arb matbuoti samaraliroq, chunki ezgulik maqtovga muhtoj emas, yovuzlik esa doimiy nazorat ostida bo‘lishi kerak.

* * *

Chor Rossiyasining senzurasidan bezgan Aleksey Peshexonov 1905-yilda chop etilgan “So‘z himoyasi” maqolasida shunday yozgan edi: “Maqola ustiga tortilgan qizil chiziq yozuvchining to‘kilayotgan qonidir… O‘quvchining qismati undan-da og‘ir. Men har holda bu faktni bilaman, o‘quvchi esa uni bilmaydi, bilolmaydi; men to‘liq bilgan fikr unga uzuq-yuluq tarzda boradi; men bilgan g‘oyalar uni hech qachon ravshan etmaydi, isitmaydi… Senzura bu bilan yozuvchining faqat og‘zini berkitsa, o‘quvchining qalbiga ham chang soladi”.

* * *

Erkin matbuot siyosat uchun noqulaylikdir. Ammo uning ana shu noqulayligi, kutilmaganda rostini yozib turishi siyosatga buyuk xizmatidir. Demokratik jamiyatda ijro etuvchi hokimiyat, ya’ni hukumat ishga, ijroga ta’zim qiladi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat – demokratiyaga, sud hokimiyati qonunga tayanadi. Bu uch hokimiyat bir-biriga nazoratchidir, ayni paytda ular “to‘rtinchi hokimiyat”ga – haqiqat hokimiyatiga muhtojdir, zero haqiqat yo‘q yerda ish ham, demokratiya ham, qonun ham bo‘lmaydi.

“To‘rtinchi hokimiyat” – muxbirlarning, muharrirlarning yoki demokratik institutlarning hokimiyati emas, haqiqatning hokimiyatidir. Hokimiyat haqiqatga muxolifatda bo‘lmaydi va bo‘lmasligi kerak.

* * *

Odatda to‘g‘ri fikrlar quvg‘in qilinadi. Biroq, agar quvg‘indagi fikr noto‘g‘ri bo‘lsa ham, u bilan oshkora, gazeta va jurnallar sahifasida, radio va televideniye efirida kurashish osonroqdir. Yolg‘onni pana-pastqamlarda yengib bo‘lmaydi. Yolg‘on oshkoralikdan fosh bo‘ladi. Axir sovet zamonining yetmish yillik yolg‘oni Gorbachyovning bir-ikki yillik oshkoraligi bilan ado bo‘ldi-ku. Karl Lyudvig Berne aytganiday: “Faqat man qilingan so‘zgina xavflidir…”

* * *

Tomas Jeferson: “Bizning erkimiz matbuot erkinligiga bog‘liq va u yo‘qotilmasdan chegaralanishi mumkin emas…”, degan edi. Cheklangan (qisman bo‘lsa-da) erkinlik bo‘lishi mumkin emas. Bu “quruq suv” yoki “qaynoq qor” kabi mumkin bo‘lmagan narsadir. “Cheklangan erkinlik” degani “nasldan naslga o‘tgan pushtsizlik” deganday eshitiladi. Pushtsizdan nasl qolmagani kabi cheklansa, erkinlik yo‘qdir. Cheklanganmi – demak, erksizdir.

* * *

Aslini olganda, jurnalistlik axloqi va qonunchilik o‘zaro bog‘liqdir. Soddaroq qilib aytganda, qonunchilik “nimani yozish”ning chegaralarini belgilasa, etika “buni qanday yozish” kerakligini belgilab beradi. Shuning uchun axloq jurnalistikaning o‘zini-o‘zi boshqaradigan sohasidir. Maxsus xizmatlar yordamida “nimani yozish mumkin va nimani yozish mumkin emas” ekani izchil nazorat qilinadigan mamlakatda kamdan-kam odam “qanday yozish” ustida bosh qotiradi.

* * *

“Vatanni sevadigan” mansabdorlar amal kursisida o‘tirib, milliy puldagi maoshlariga “Mersedes” oladilar, italyan vannalari va fin saunalari bor uch qavatli hashamatli uyda istiqomat qiladilar. Qaysi hisobdan? Albatta, pora hisobidan! Nima uchundir, Vatanga bo‘lgan muhabbatni unutib, porani ham xorijiy valyutada oladilar. Ular Vatanni sevishar ekan-u, kimdir ularning xalqni o‘marib pora olishi haqida yozsa,   “xalq dushmani”, “mustaqillikni ko‘rolmaydigan”, “Vatanni sotayotgan” bo‘lib chiqar ekan. Vatan bilan uning mansabdorini ajratish lozim.

* * *

O‘rmonda eshakka va jirafaga qat’iy hayfsan e’lon qilishibdi, qamab qo‘yishlariga ozgina qolibdi. Eshakka – qaysarligi uchun, uzun bo‘yinli jirafaga hadeb boshini cho‘zavergani uchun hayfsan e’lon qilishibdi. Kun kelib o‘rmonda davlat to‘ntarishi yuz beribdi va hukumat o‘zgaribdi. Shunda eshak va jirafani orden bilan taqdirlashibdi. Eshakni – o‘z so‘zida qat’iy turganligi, prinsipialligi uchun, jirafani – uzoqni ko‘ra olganligi uchun…

B.SAYFIYEV tayyorladi.