Qashqadaryoga oid
Jadid ma’rifatparvari Abdurauf Fitrat 1912-yilda Istanbulda nashr etilgan «Hind sayyohining qissasi» asarida Qarshi va Shahrisabz shaharlari, ularning aholisi, odamlarning tutumiga oid tanqidiy qarashlarini bayon etadi.
Gap shundaki, o‘sha paytda Buxoro amirligi hozirgi Qarshi, G‘uzor, Shahrisabz, Hisor tog‘larigacha bo‘lgan hududda hukmronlik qilar, ana shunday keng sarhadlarda ma’rifat va sog‘liqni saqlash, ilm-fan taraqqiyotdan ortda qolgandi. Fitrat buning sababini taxt tepasidagilarning ilm-fandan uzoqligi, mansabu boylikka o‘chligi, poraxo‘rligi tufayli deb biladi va illatlarni fosh etadi. Hind sayyohi tilidan hikoya qilingan lavhalarda yurt taqdiri uchun qayg‘urgan, iztirobga tushgan ma’rifatparvar siymosi bo‘y ko‘rsatadi.
Asarda ko‘p muammolar qatori yurtda tibbiyot xizmatining abgor ahvoli ham tilga olinadi:
«Buxoro do‘xturlar xizmatiga juda muhtoj. Birinchidan, shahardan tashqari joylarda do‘xtur yo‘q. Qarshi, Shahrisabz, Hisor, Ko‘lob kabi tumanlarda hatto do‘xtur nomini eshitmagan odamlar bor. Qaysi tomonga bormang, romchi, alaschi xotin, dori sotuvchi attordan boshqa kishini ko‘ra olmaysiz. Buxoroning ichida ham shunday odamlar borki, bezgak titrog‘ini davolash uchun kasalning egniga eshakning to‘qimini qo‘yib, ustiga o‘tirib olib «ish-sh-sh» deydilar. Keyin, bu yerda ikki-uch do‘xtur ham buxoroliklardan emaslar. Shuning uchun, buxoroliklar do‘xturga ega emaslar, deb qat’iy aytsa bo‘ladi.
Eng avvalo Buxoroda do‘xturlar sonini ko‘paytirish kerak. Bu masalani hal qilishning yo‘li shuki, buxoroliklarning o‘zlari do‘xturlarni tarbiyalab yetishtirishlari kerak. Chunki boshqa mamlakatlarning do‘xturlari donishmand va qudratli bo‘lganlarida, arzimas pul uchun Buxoroga kelmas edilar, Agar ko‘p pul bersalar, keladilar, biroq Buxoro hukumati bunchalik pul berishga rozi bo‘lmaydi. Shuning uchun ham buxoroliklarning o‘zlaridan do‘xturlar tayyorlash lozimdir».
Keyingi lavhalarda esa Qarshi va Shahrisabz shaharlari keng imkoniyatlarga ega bo‘lsa-da, zamondan ancha orqada qolgani va ertangi kun uchun puxta poydevor hozirlanmayotgani tanqid qilinadi:
«Qosh qorayishi bilan do‘konga keldik, choy ichib uxladik. Yarim kechadan keyin uyg‘onib, aravaga minib, yo‘lga tushdik. Qisqasi, to‘rt kechayu kunduz yurgandan keyin Qarshi shahriga yetdik. Yo‘lda diqqatga sazovor biron voqeaga duch kelmadik. Faqat har bir manzilda… Abdulloxonning karvonsaroyi va sardobasi uchrar, ular buzilgan va nuragan ahvolda edi.
Biz Qarshi qozisining uyiga tushdik. Buxorodan olib kelgan xatimizni qozining odamiga topshirdik. Bizni bir uyga olib kirdilar. Kechani shu xonada o‘tkazdik. Ertalab quyosh chiqqanidan so‘ng, qozining ziyoratiga bordik. U kishi iltifot etdilar. Bir oz o‘tirib, keyin aylanishga chiqdik…

Qarshi Buxoroning katta shaharlaridan biridir. Bir vaqtlar bu shaharning tijorati Buxorodagichalik ekan. Biroq, temir yo‘l bo‘lmaganligi sababli, savdo ancha orqada qolibdi. Ilm va maorif ham anqoning urug‘i. Ko‘pchilik hatto xat-savoddan ham mahrum. Sanoati-yu hunarmandchiligi poytaxt sanoatidan yaxshiroq. Xalqi obdasta yasash va gilam to‘qishda o‘ta mohir, ayniqsa, alocha to‘qishda tengi yo‘qdir. Biroq, afsuski, ushbu narsalarning barchasini eski usulda tayyorlaydilar, ya’ni korxonalarning barchasida qo‘l mehnati ustun. Mashina bilan ishlovchi korxonalarga ega emaslar va uni yaratish xayollariga ham kelmaydi.
Kunlardan birida qozi mulozimlarining biri bilan mashhur bir alocha to‘quvchi ustaning uyiga bordik. Ustaxona egasi meni juda e’zozladi. Bir soatcha suhbatlashdik. Shunda so‘radim:
– Sizning korxonangiz Qarshi shahrining boshqa korxonalaridan katta va sizning alochangiz boshqa alochalardan nafis va nozukroqdir. O‘ruslarning ipak matohlari nozik va chiroyli, ammo pishiqlik va chidamlilikdan mahrum. Sizning alochalaringiz esa ham nozik, ham chidamli ekan. Bu borada ajib bir hikoya ham eshitgan edim. Uni so‘zlab bersam. Buxoro hojilaridan biri bir kiyimlik alochangizni hadya etish uchun Madinai munavvaraga olib borgan. Ammo (bilmadim, nima sabab ekan) alochani qaytarib Buxoroga olib kelmoqchi bo‘lgan. Hajdan qaytib, Odessa shahriga yetishi bilan Rossiya bojxonasining ma’murlari o‘sha sizning alochangizni Farangiston moli gumon etib, undan boj talab etganlar. Bechora hoji bor tovushi bilan «bu alocha Buxoroning mahsulidir», deb faryod cheksa ham, bojxonadagilar «hali Buxoroda bu darajadagi molni to‘qiydigan fabrika qurilgan emas. Bu Farangiston molidir. Sen buni Istanbuldan sotib olgansan», deb ayta berganlar. Bechora hoji, noiloj, bir necha so‘m boj puli berib, o‘zining alochasini qaytarib olgan ekan.
E’tibor bering-a, bunda gunoh Rossiya bojxonasining xizmatchilarida emas, balki sizning tayyorlagan alochangizda. U bir qaraganda Farangiston molining o‘zi, balki chidamlilikda undan ham ustundir.
Do‘konning egasi ushbu so‘zlardan mamnun bo‘ldi. Shu payt dasturxon yozdilar, choy ichdik va yana suhbatga kirishib ketdik:
– Haqiqatan ham Qarshi ahli alocha to‘qishda juda hunarmanddirlar. Bugungi kunda bu muborak hunarlari tufayli ancha foyda ham ko‘radilar. Biroq, ushbu kasbning kelajagi haqida siz janoblarining fikrlari qanday?
To‘quv dastgohining egasi so‘zlarimni tushunmay, menga hayrat bilan qaradi. Fikrimni ochiqroq bayon qildim:
– Qarshi hunarmandlarining ushbu ishlari yana o‘n-o‘n ikki yil shu tariqa rivojlangan holda qoladimi yoki yo‘qmi?
Usta bu safar mening fikrimni tushundi, biroq bugunga qadar bunday savol uning xayoliga ham kelmagan edi, yanada hayratlanib, hech nima demadi. So‘zimni tag‘in qaytardim:
– Hurmatli usta, Ovro‘po xalqlari, agar biron ishga qo‘l ursalar, shu ishlarining o‘n yil, yigirma yil, hattoki yuz-ikki yuz yil keyingi rivojini ko‘zda tutadilar. Siz – Qarshi xalqi ham yuksak hunarga egasizlar. Ana shu hunarlaringning kelgusi taqdirini hech o‘ylaysizlarmi?
Usta: Bizning bu hunarimiz bundan bir necha yillar oldin yaxshi edi. Hozir ham yomon emas. Biroq kelgusida nima bo‘lishini xudo biladi.
Men: To‘g‘ri, ammo siz ana shu hunaringizning yana o‘n yil davom etishi uchun biron bir harakat qilyapsizmi?
Usta: Hozir ishimiz yaxshi, o‘n yildan keyin kim tirig-u kim o‘lik?
Men: Xo‘p, hozir tirik qolish ehtimoli ham bor ekan, nega endi o‘sha kunning g‘amini yemaysiz? Faraz etaylik, umringiz oxiriga yetmoqda, biroq, farzandlaringiz va nabiralaringiz nima bilan shug‘ullanishadi?»
Fitrat «Qarshining tamoku, arpa va bug‘doyi bisyor, ayniqsa tamokusi mashhur va ko‘pdir», deya qayd etarkan, Qarshi xalqi yerlarining imkoniyaticha hosil ololmasligini ta’kidlaydi va buning uchta sababini keltiradi.
Birinchisi – amlokdorlarning hukumat haqini hosilga qarab taxminan chamalashi va o‘zi istagan miqdorda undirishi. YA’ni soliq tizimining adolatsiz ekani va mansabdorlarga bu borada cheksiz imkoniyat berilgani.
Ikkinchisi – dehqonchilik asboblari va ekin-tikin ishlari ibtidoiy davrdagidan farq qilmasligi.
Uchinchisi – qozilarning xalq hisobidan yashashi va barcha xarajatlarni boshqalar cho‘ntagidan qoplashga o‘rganib qolishgani.
«Hind sayyohi»da, shuningdek, Shahrisabz tasvirlari ham e’tiborga molik:
«Bir kuni qozining huzurida bo‘lib, Shahrisabzning ahvoli haqida suhbat qildik.

Qozi: Janobi musofir bu viloyatni qay ahvolda ko‘rdilar?
Men: Juda ma’qul mulkdir, muvofiq havosi va aholisining komil iste’dodi bor, biroq ne choraki, boshqa islom mamlakatlari qatori bu shahar ham xarobaga aylangan.
Qozi: To‘g‘ri, biz musulmonlar hech vaqt mamlakat obodligi haqida bosh qotirmaymiz.
Men: Sizning bu viloyatingiz Samarqand bilan qo‘shnidir. Havosi va boshqa fazilatlarining Samarqanddan kam joyi yo‘q. Shahringizning Samarqandchalik obod emasligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisizlar? Qozi janoblari, ma’lumki, bugun butun islom olami hunarsizlik va ilmsizlik tufayli abadiy falokat tomon ketmoqda. Siz ham musulmonlarning mamlakat obodligiga e’tiborsiz ekanligini ta’kidladingiz. Ajabo, Muhammad ummatlari nega faqir va nodon ekanlar? Islom mamlakatlari nega vayrona va xarobazor bo‘lib qolishi kerak? Masalan, Qarshi va Kitobning biron bir alocha to‘quvchisi Farangistonda yashasa, boshdan-oyoq zar-zevarlarga botar edi. Bu bechoralarning esa, yeyishga noni yo‘q. Agar shu Shahrisabz yerlari Yopon elida bo‘lganida edi, zar ekib, zar undirardilar. Bu yerlar nega sho‘razorga aylangan?
…Har bir hokim o‘zini uch tomonning vakillari tanishini istaydi: birinchi – mamlakat, ikkinchi – raiyat, uchinchi – podshoh. Chunki, hokimiyat vatan va millat vujudi bilan bog‘liqdir. Agar millat mahv etilib, vatan xarob bo‘lsa, na biz hokim bo‘lamiz, na podshoh. To‘g‘ri, bizni amir hazratlari hokim etib tayinlaganlar. Lekin qayerda? Shahrisabzda. Agar Shahrisabz va bu joyning xalqi bo‘lmasa, bizning hokimligimiz xuddi go‘ristonga oqsoqol bo‘lishdek ma’nosiz va kulgili bo‘lar edi».
Yuz yil avval millat ziyolisi ko‘targan bu kabi muammolar sovet arboblariga yoqmagani, shuning oqibatida Fitrat 1938-yilda jismonan mahv etilganidan boxabarsiz. Yurt mustaqillikka erishgach, jadidlar jasorati keng e’tirof etilishi barobarida boshqa hududlar qatori Qarshi va Shahrisabz shaharlari ham rivojlanish sari yuz tutdi.
BEKZOD tayyorladi.

