16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

G‘ayrioddiy kolleksiya jahon rekordini o‘rnatdi

Vengriyalik Gergo Borbey turli xil energetik ichimliklarga tegishli 2000 ta idishdan iborat kolleksiya to‘plab, jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda UPI manbasi xabar tarqatgan.

Kolleksionerning aytishicha, uning energetik ichimliklarga bo‘lgan qiziqishi 2008- yilda, hali talaba bo‘lgan paytida kutilmaganda boshlangan. Yoz kunlarining birida u yotoqxonasi yaqinidagi do‘konga yaxna gazli ichimlik xarid qilish uchun kirgan. Biroq rastalarda unga ma’qul keladigan mahsulotlar turidan faqat energetik bor edi. Yigitga bu ichimlik yoqib qolgach, boshqa ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini ham sinab ko‘ra boshlagan.

Vaqt o‘tishi bilan uning xonasida ichimlikdan bo‘shagan idishlar tobora ko‘payib borgach, ularni qayta ishlashga topshirishga qaror qilgan. Ammo har bir dizayndagi idishdan bittadan nusxani saqlab qo‘ygan. O‘sha paytda Gergo Borbeyning kolleksiyasida bor-yo‘g‘i 15 ga yaqin idish bor edi.

Keyingi yillar davomida u Yaponiya, AQSH va Yevropaning turli mamlakatlaridan yangi namunalar olib kelib, kolleksiyasini boyitib borgan. Undagi eng g‘ayrioddiy eksponatlar qatorida 1990-yillarga tegishli Michael Jackson Mystery energetik ichimligi hamda Yugoslaviya hali mavjud bo‘lgan davrda ishlab chiqarilgan eski Guarana idishlari ham bor. Endi esa Gergo Borbeyning kolleksiyasi Guinness World Records tomonidan dunyodagi eng yirik energetik ichimliklar idishlari kolleksiyasi sifatida rasman tan olingan.

«Agar 2008-yilda kimdir menga shu idishlar bir kuni jahon rekordiga olib kelishini aytganida, men kulgan bo‘lardim», degan kolleksioner.

U shu bilan to‘xtab qolmoqchi emas, hali ham energetik ichimlik idishlarining nodir va noyob namunalarni izlashda davom etmoqda ekan.