16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Gazlangan ichimlikka qaramlik jiddiy oqibatga olib keldi

Braziliyada kuniga uch litr kola ichishga odatlangan erkak siydik qopidan 35 ta tosh olib tashlandi, deb yozadi Daily Mail manbasi.

Urolog Tales Andrade ushbu bemor kasallik tarixini ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday patologiyaga olib keluvchi sabablardan biri meyoridan ortiq gazlangan ichimliklar iste’moli hisoblanadi.

Shifokorning tushuntirishicha, muntazam katta miqdorda gazlangan shirin ichimliklar ichish siydik ajratish tizimi uchun jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Kola tarkibida ko‘p miqdorda shakar va fosfor kislotasi mavjud bo‘lib, ular siydik kislotaliligini oshiradi va tosh hosil bo‘lishiga imkon tug‘diradi. Shuning natijasida bemorda siydik tosh kasalligining og‘ir formasi shakllangan.

Buyraklarda hosil bo‘lgan toshlar siydik qopiga o‘tib, kuchli og‘riq chaqirishi, suyuqlik chiqarish funksiyasi buzilishi, qon ajralishi va boshqa noxush simptomlarga olib kelishi mumkin.  Agar bemor vaqtida davolanmasa, bu siydik yo‘lida tiqin yuzaga kelishi, yallig‘lanish va hatto buyrak yetishmovchiligiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.