Kun mavzusi
Ramazon – ruhiy poklanish, sabr va ehson oyi. Bu muborak oyda ro‘za inson tanasiga ham, ruhiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Biroq iftor va saharlik dasturxonida noto‘g‘ri ovqatlanish, ayniqsa go‘shtni meyordan ortiq iste’mol qilish sog‘liq uchun qator muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Xalqimizda «iligimiz to‘q» degan ibora bor. Yoshi ulug‘lar «go‘sht yeb katta bo‘lganmiz», deya faxr bilan aytishadi. Albatta, go‘sht quvvat manbai. Ammo har qanday ne’mat kabi uning ham meyori va iste’mol madaniyati bor.
Meyorini bilsang foydali, aksincha…
Go‘sht inson organizmi uchun zarur bo‘lgan almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar, temir, rux va V guruhi vitaminlarining muhim manbaidir. Qizil go‘sht (mol, qo‘y) qon ishlab chiqarish va immunitetni qo‘llab-quvvatlashda ahamiyatli o‘rin tutadi. Oq go‘sht (parranda, quyon, baliq go‘shti) esa nisbatan yengil hazm bo‘ladi.
Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlar qizil go‘shtni muntazam va ortiqcha iste’mol qilish yurak-qon tomir kasalliklari, podagra, buyrak toshlari hamda ayrim onkologik kasalliklar xavfini oshirishini ko‘rsatmoqda. 2015-yilda World Health Organization tarkibidagi International Agency for Research on Cancer (ilmiy-tadqiqot tashkiloti) qayta ishlangan go‘sht mahsulotlarini kanserogen deb baholagan. Ayniqsa dudlangan, tuzlangan va yuqori haroratda qovurilgan go‘shtlarda zararli moddalar hosil bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Oshqozon, yurak va buyrakka yuk
Go‘sht tarkibidagi oqsilni hazm qilish uchun oshqozon ko‘proq kislota ishlab chiqaradi. Agar u meyordan ortiq iste’mol qilinsa, gastrit, oshqozon yarasi va qizilo‘ngachda yonish kabi holatlar kuzatilishi mumkin. Yog‘li go‘sht esa qonda «yomon» xolesterin miqdorini oshirib, ateroskleroz rivojlanishiga zamin yaratadi. Bu esa infarkt va insult xavfini kuchaytiradi.
Qizil go‘sht tarkibidagi purinlar parchalanganda siydik kislotasi hosil bo‘ladi. Uning ortiqcha to‘planishi podagra va buyrak toshlariga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, issiq iqlim sharoitida yetarli suyuqlik qabul qilinmasa, bu xavf yanada ortadi.
Ramazonda qanday yo‘l tutish kerak?
Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra:
iftorni avvalo suv, xurmo va yengil taomlar bilan boshlash;
keyin oz miqdorda go‘sht iste’mol qilish;
qovurilgan va yog‘li taomlardan cheklanish;
sabzavot, ko‘kat va kletchatkaga boy mahsulotlarni ko‘paytirish;
qizil go‘shtni haftasiga 2-3 marta, kuniga 100-150 gramm atrofida iste’mol qilish;
qaynatilgan yoki bug‘da pishirilgan taomlarni afzal ko‘rish.
Muammo – mahsulotda emas
Go‘sht – inson ratsionidagi qimmatli ozuqa. Ammo uning foydasi miqdor va tayyorlash usuliga bog‘liq. Qovurilgan, kuygan va qayta ishlangan mahsulotlar o‘rniga tabiiy va yengil tayyorlangan taomlarni tanlash sog‘liqni asrashga xizmat qiladi.
Sog‘lom turmush tarzi qisqa muddatli parhez emas, balki ongli va doimiy tanlovdir. «Iligimiz to‘q» bo‘lishi uchun dasturxonimizda nafaqat go‘sht, balki meyor, muvozanat va ovqatlanish madaniyati ham bo‘lishi zarur.
Salomatlik – eng katta boylik. Uni asrash esa har birimizning mas’uliyatimizdir.
Mutaxassislar javoblari asosida Shohista BOZOROVA tayyorladi.

