16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

Grigoriy Muxa kim bo‘lgan?

Bu nomni yoshi kattalar yaxshi biladi. Yoshlar deyarli eshitmagan chiqar.   1912-yilda Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatida tug‘ilgan Muxa bir muddat Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatgan.

Qashqadaryoga oid

Gap shundaki, avval o‘rta maktabni, so‘ng Ukrainaning Nijin shahridagi qurilish va huquq texnikumini tugatgan Grigoriy Nikiforovich Muxa Qarshi shahridagi temir yo‘l bo‘limi prokuraturasiga ishga yuborilgan. U bir necha yil davomida shu yerda yashab, mehnat qilgan.

Grigoriy Nikiforovich 1933-1936-yillarda Sovet armiyasi safida harbiy xizmatni o‘tagan. Urush boshlanganidan so‘ng u yana birinchilardan bo‘lib ro‘yxatga olinib, 1941-yilning iyul oyida frontga jo‘natiladi.

U bir muddat harbiy tayyorgarlikka jalb etiladi. 1942-yilning may oyida qo‘mondonlik tarkibining malaka oshirish kurslarini tamomlab, olovli jang maydoniga kiradi. Ko‘plab og‘ir janglarda jasorat va qahramonlik ko‘rsatib, e’tirof etiladi.

1944-yilga kelib kapitan Grigoriy Muxa 4-Ukraina fronti 51-armiyasining o‘qchi diviziyasi o‘qchi polki rotasiga qo‘mondonlik qila boshlaydi. Shu yilning 7 may sanasida o‘z qo‘l ostidagi askarlar bilan dushmanning katta bo‘linmasiga hujum qildi. Dahshatli jangda kapitan Muxa va safdoshlari misli ko‘rilmagan jasorat ko‘rsatib, dushmanning 7 ta harbiy texnikasi, ellikdan ortiq askar va zobitlarini yo‘q qiladi, 12 nafar fashistni asirga olishadi.

Kapitan Grigoriy Muxaning ushbu jasorati Sovet hukumati tomonidan ham yuksak e’tirof etilib, shu yili unga «Sovet Ittifoqi Qahramoni» unvoni hamda «Qizil yulduz» ordeni beriladi.

Urushdan so‘ng Grigoriy Muxa Ukrainada qolib, lak-bo‘yoq ishlab chiqaradigan zavodda direktor bo‘lib ishlagan.

Grigoriy Muxa 1959-yil 1-iyunda Ukrainada vafot etgan.