16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Ichmasa ham mast bo‘lish – kam uchraydigan kasallik

AQShning Florida shtatida yashovchi Mark Mongiardo bundan sakkiz yil avval alkogoldan butkul voz kechganiga qaramay, bir qultum ham spirtli ichimlik ichmasdan muntazam mastlik holatini boshdan kechiradi, deb yozadi New York Post.

Bunga sabab auto-brewery syndrome kasalligi bo‘lib, alkogol to‘g‘ridan-to‘g‘ri organizmda ishlab chiqariladi. Shifokorlar ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha yuzga yaqin shunday holat ro‘yxatga olingan.

Sindrom oshqozonda achitqi haddan ko‘p to‘planishi bilan izohlanadi. U iste’mol qilingan ovqat tarkibidagi uglevodlar va shakarni bijg‘itib, etanolga aylantiradi. Natijada non yoki shirinliklar kabi odatiy taomlar ham qondagi alkogol miqdori ortishiga olib kelishi mumkin.

Mark Mongiardo o‘zi chalingan kasallik tabiatini uzoq vaqt tushunmagan. U o‘zidagi charchoq, tormozlanish va «miya tumani»ni o‘qituvchilik ishidagi toliqish bilan bog‘lagan. Biroq, vaqt o‘tishi bilan bu alomatlar kuchayib borgan: nutq buzilishi, mo‘ljalni unutish va chalkashlik holatlari kelib chiqqan. Ba’zida qondagi alkogol miqdori ikki kungacha yuqoriligicha qolgan.

Vaziyat jiddiy oqibatlarga olib kelgan. Erkak ishidan ayrilgan, ikki marta mast holatda mashina boshqarish ayblovini olgan. U holatini nazorat qilish uchun qattiq parhez ushlagan va organizmining har xil mahsulotlarga javobini kuzatib borgan. Har doim yonida alkotester olib yurishiga to‘g‘ri kelgan. 

Kasalliik alomatlari haftada bir necha marta qo‘zg‘alishiga qaramay, Mark Mongiardo mutaxassislar kuzatuvi va majmuaviy davolanish tufayli ahvoli yaxshilanib borayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aniq tashxis hayotini nazorat qilish hissini qaytargan.