Saralangan satrlar
Said Ahmad o‘zbekning katta adiblaridan. Hukumat e’tirofi bilan «O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga loyiq ko‘rilgan. «Ufq» trilogiyasi, «Jimjitlik» romani, hikoyalari, «Yo‘qotganlarim va topganlarim» xotiranomasi, 14 mamlakat sahnalarida qo‘yilgan «Kelinlar qo‘zg‘oloni» komediyasini bilmagan kishini topish qiyin yurtimizda. Said Ahmadni nihoyatda sodda, samimiy, oilasiga sadoqatli, hazilkash odam deb ta’riflashadi. Shunday odam «xalq dushmani» sifatida qamoqqa hukm qilingani, umrining gullagan davrlarini panjara ortida nohaq o‘tkazishiga to‘g‘ri kelganini hammayam bilavermaydi yoki shunchaki e’tibordan chetda qoldiradi. Hayotda ko‘p mashaqqatlarni boshdan kechirish va insoniyligini saqlab qolish hammagayam nasib qilavermagan.
Adibning «Qorako‘z Majnun» hikoyalar to‘plamidan o‘rin olgan «Borsa kelmas darvozasi», «Oftob oyim», «Azroyil o‘tgan yo‘llarda», «Uchinchi minora», «Qishda qolgan qarg‘alar» kabi hikoyalarida mustabid tuzumga nisbatan cheksiz nafrat va qalbiga gard yuqtirmagan insonlar siymosini ko‘ramiz. To‘plamni o‘qib chiqing va boshqalarga ham aytib bering: har holda biz uchun odatiy kunlar bir vaqtlar kimlar uchundir eng ulug‘ orzu, maslak bo‘lgan…
* * *
Ota qarg‘ishi misoli o‘q – u oxiratda emas, shu dunyoning o‘zida nishonga tegadi.
* * *
Fuzuliy shunday deb yozadi: «G‘amlarim shuncha ko‘pki, tuyaning ustiga ortsam, zindonga tashlangan kofirlar ozod bo‘ladi». Xo‘sh, nima uchun ozod bo‘ladi? Tushunmadim.
Domla o‘ylanib qoldi. Darhaqiqat, tuyaning ustiga g‘am yukini ortsa, nega kofirlar ozod bo‘ladi? Domla ko‘p o‘yladi. Keyin boshini ko‘tarib mehmonlarga qaradi.
– Gap bundoq. Bu sirning ma’nisiga yetish uchun Fuzuliy yashagan davrga murojaat qilish kerak. O‘sha davrdagi rivoyatlarni, maqolu matallarni, hatto qo‘shiqlarni ham bilmoq kerak. Bir rivoyatda odamlar Allohdan, ey tangrim, zindonda yotgan kofirlar qachon ozod qilinadi, deb so‘rabdilar. Alloh, tuya ignaning teshigidan o‘tgandagina kofirlar ozod qilinadi, deb javob qilgan ekan. Fuzuliy ana shu rivoyatni g‘azaliga asos qilib olgan. Ya’ni: «Mening g‘amlarim shunchalik ko‘pki, tuyaning ustiga ortsam, ko‘tarolmay, ozib, ipdek bo‘lib qoladi». Ipdek ozib qolgan tuya ignaning teshigidan bemalol o‘tishi mumkin.
* * *
«Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui bugun-erta tantanali vaziyatda ochiladi. Har bir terilgan g‘ishtga, har bir chekilgan naqshga ziyoratchilarning ko‘z yoshlari tomadi. Odamlar bu yerga shodon qo‘shiqlar kuylash uchun emas, o‘ynab-kulish uchun emas, azob-uqubatlarda zor-zor qaqshab jon bergan jigarlarining ruhlari bilan yuzma-yuz bo‘lgani keladilar. O‘yga toladilar, sog‘inchdan pora-pora bo‘lgan yuraklarini bo‘shatgani keladilar. Bunda buyuk bir sukunat hukmron. Bu yerda xotira, bu yerda xayollar, o‘ksiklik, yetimlik iztiroblari, sog‘inch hukmron…
* * *
Xayollar, xayollar, intihosiz, so‘ngsiz xayollar, siz meni qay manzillarga boshladingiz? Endi bu yo‘llarga meni boshlamang. Bu manzillarda umrim gullari to‘kilgan. Yoshlik tug‘yonlari shu joylarda so‘ngan. Hur bo‘lib yaratilgan insonning qanchalik xor bo‘lishini, ota-onasi yaxshi niyat bilan qo‘ygan ismining raqamlarga almashtirilganini nainki ko‘rdim, qolaversa, o‘z boshimdan kechirdim. Insonga bir marta beriladigan umrning yaxlit bir parchasini yulib qolgan bu manzillarni qayta ko‘rmoq naqadar og‘ir va ko‘ngilsiz.
Shu topda bir vaqtlar «Alvasti ko‘prik» deb atalgan joyda olislarga, Sibir yoqlarga cho‘zilib ketgan temir izlarga qarab, ana shunday iztirobli xayollarga berildim.
* * *
Mahbuslar yashaydigan o‘n bir barakdan to oshxonagacha o‘n bitta temir arqon tortiladi. Mahbuslar oshxonaga shu arqonni ushlab boradilar. Agar arqondan qo‘llari chiqib ketsa, to tuman tarqaguncha yo‘l topolmay sarson bo‘lib yuraveradilar. Mahbuslar o‘n bir barakdan tortilgan arqonlarni quyosh nuriga o‘xshatishardi. Ba’zilar chumolilardek o‘n bir joydan oshxona tomon o‘rmalayotganlarga qarab: bu yerda hamma yo‘llar kommunizmga olib boradi, deb piching qilishardi.
* * *
Qabristonga kelganimizda generalning iti ko‘milgan joyga qaradim. Juda chiroyli qilib gumbaz ko‘tarilibdi. Befarzand general o‘limi oldidan, «Mendan qolgan pullarni sarf qilib sodiq itimga yodgorlik o‘rnatinglar», deb vasiyat qilgan ekan. Yodgorlik yaqiniga bordim. Qora marmar toshga shunday so‘zlar o‘yib yozilgan:
«Mening sodiq va vafodor do‘stim, o‘ttiz yetti qochoq mahbusni tutib bergan va o‘zi yovuz mahbus qo‘lida halok bo‘lgan Jek nomli itga minnatdor do‘sti general-mayor Maksim Mixaylovich Rechnikovdan».
Atrofga qarayman. Bu qabristonga akademik Tupolevning iste’dodli shogirdi, Mehnat qahramoni Dudinsov ko‘milgan. Xalq artisti Vera Kvitko, Valeriy Chkalovning samolyotini hamisha uchishga sinchkovlik bilan tayyorlaydigan aviatsiya mayori Stepanov, Buxoroda rishta kasalini tugatishda katta xizmat ko‘rsatgan Rustam Azimzoda shonsiz-sharafsiz ko‘milgan. Ularning qabri qani? Allaqachon tep-tekis bo‘lib ketgan. Birgina shu Jek deb atalgan itga qo‘yilgan savlatli yodgorlik qabristonni «obod» qilib turibdi.
Taqdir, taqdir, muncha qahring qattiq! Muncha shafqatsizsan! Shu buyuk zotlarni bitta it qatori ko‘rmading-a!
* * *
Yong‘in paytida barak eshiklarini ochmagan starshina Demyanov vaxtada po‘stinga o‘ralib, qorovullar bilan qaynoq choy ichib o‘tiribdi. Uning basharasiga tuflagim keldi. Afsuski, buning sira iloji yo‘q edi. U ozod grajdanin, men esa hamma huquqlardan mahrum qilingan mahbusman.
Bir pastkash, insonlik qiyofasini yo‘qotgan, shafqatsiz, hissiz to‘nka oldida ojizu notavon qolish naqadar alamli, naqadar o‘kinchli!
* * *
Qanchalar rahmsiz bo‘lib ket-ganmiz-a, deyman o‘zimga o‘zim. Dinga qarshi tinimsiz tashviqotlar o‘z ishini qilmyotganmikan? Dilimizda imon ko‘tarilmayotganmikan? Nahotki, Xudoni unutayozdik? Yo‘qsa, bu shafqatsizlik bizda qaydan paydo bo‘ldi?
Qamoq lagerlarida umrini o‘tkazayotgan mahbuslar uyini, bola-chaqalarini sog‘inib mushuk boqishardi. O‘zlari to‘ymagan ovqatdan yulib, mushuklarga berishardi. Lager siyosiy rahbari shu mushuklarni qopga solib, olov gurillab yonayotgan novvoyxona pechiga tashlaganini ko‘rganman. U alangada jizg‘anak bo‘lib yonayotgan mushuklarni zavq bilan tomosha qilgandi. Bu shafqatsiz odam ibodat qilayotgan nasroniylarni, namoz o‘qiyotgan musulmonlarni ayamasdan kaltaklardi. Bu xil shafqatsizliklar o‘shanaqa imonsizlardan o‘tmaganmikan?
* * *
«Maskopda besh-o‘nta palid odam to‘planib, Palidbo‘yra tuzdilar. Qiladigan ishlarini o‘zaro taxsimlashdi. Istalinga – odam qamashni, Beriyo deganga – odam otishni, Kallelin bobomizga – orden tarqatishni, hamyurtimiz Kaganovichga – ja’mi poyizlarni yurgizishni topshiripti.
Shu desangiz, Maskopdan Palidbo‘yraning suvrati palokat bo‘lib keldi. Hammamizga besh-o‘ntadan berib, devorlarga yopishtiringlar, deb buyurishipti. Men melisa boshlig‘iga, bu palokatni qayga uray, deb so‘radimu baloga qoldim. Mana shu zindonga uch kun bandi qildi. Nechukkim, sen plakatni palokat deysan, deb rosa kaltakladi».
* * *
Odam bolasi tug‘ilgan yurtiga o‘xshaydimi? Bilmadim, men negadir shunaqa deb o‘ylayman. Dyunning suvratiga qarayman. U menga har kuni bitta oftob tug‘adigan Yaponiyaga o‘xshab ko‘rinadi. Unga qaraganimda buyuk Yaponiyani ko‘rib turganga o‘xshayman.
Bodroqdek g‘uj-g‘uj gullagan sakura soyasida Dyun orom uyqusida yotibdi. Dengiz tomondan shamol esganda sakura gullari duv to‘kiladi. Go‘yo qabr ustiga pushti ko‘rpa yopib ketgandek bo‘ladi. Dyun okean dovullarining dolg‘ali tovushlarini, chag‘alaylarning qiyqiriqlarini eshitib yotibdi.
Dunyoning ishlari shunaqa ekan-da…
* * *
Odam o‘z qilmishi uchun o‘zini o‘zi jazolay olsa, o‘ziga o‘zi azob bera olsa, u odamga ishonsa bo‘ladi.
* * *
Xotin kishi qattiq o‘ch oladi. Siz erkaklar ayol zotining irodasi bo‘sh bo‘ladi, har qanday xo‘rlikka chidayveradi, deb o‘ylaysiz. Yo‘q, aslo unaqa emas.
* * *
Men eng avval vafodor odamni, nomusli odamni baxtli deyman. Baxt tushunchasini o‘ylaganimda dastavval nomus, vafo ko‘rinadi. Mana shu ikki narsa bo‘lmasa, do‘st do‘stning, er xotinning, xotin erning ko‘zini o’yadi. Agar men shoir bo‘lsam, yozuvchi bo‘lsam, vafo haqida, inson nomusi haqida kitob yozib charchamasdim.
* * *
– Bolam, shoh Mashrab sal devonaroq bo‘lgan ekanlar. Ba’zan og‘izlaridan kufr so‘zlar ham chiqib ketadi. Hatto Makkayi mukarramani pisand qilmagan paytlari bo‘lgan. Bir g‘azallarida: «Ibrohimdan qolgan u eski do‘konni na qilay», deydilar. Yoki «Etagimning gardidan yuz ming Xizr paydo bo‘lur», deydilar. Shunaqa baytlarni o‘qisam, oxiratim kuymasin, iymonim susaymasin deb, Allohga tavba qilaman.
Oyim tasavvuf falsafasini bilmaydi. Uchala kitobdagi may to‘g‘risidagi g‘azallar bor bo‘lgan sahifalarga xatcho‘p tashlab qo‘ygan. Shu sahifalarni menga ham o‘qib bermaydi. O‘qing, desam, qo‘ying, bolam, oxiratimiz kuymasin, deydilar.
Bundan tashqari, oyim bu qama-qamalarni Stalin bilmaydi deb o‘ylaydi. «Stalin bilsa, hamma mahbuslarni qo‘yib yuboradi», deb umid qiladi.
* * *
– Uyimizga kelgan mehmonlar Ahmad Yassaviy degan reaksion dindor shoirni ko‘klarga ko‘tarib maqtashdi. Xalqni asoratga soluvchi she’rlarini o‘qishdi, deb yozish kerak. Alisher Navoiy «Xamsa»ni, «Chor devon»ni yozganda Pushkinning habash bobosi O‘rta Yer dengizining janubiy qirg‘oqlarida chig‘anoq terib yurardi. Mirzo Ulug‘bek Samarqandda rasadxona barpo etgan paytlarda o‘rislar xoxollarning malayi edi, chipta kovush kiyib yurishardi, degan gaplarni aytishdi, deb yozgin!
– Bunaqa gaplarni endi sizdan eshitib turibman… Qandoq qilib yolg‘onni yozaman?!
Birdan Mansurovning jahli chiqib ketdi.
– Yozavermaysanmi, tirrancha! Aytmagan bo‘lishsa, endi aytishadi!
B.SAYFIYEV tayyorladi.

