16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

IYMONNING ASOSIY BELGILARI HAMMA JOYDA VA HAMISHA BIR XIL

Saralangan satrlar

Jahon adabiyotining nodir namunalaridan biri sanaluvchi, rus adibi Lev Tolstoy qalamiga mansub ushbu asarning o‘zbek tiliga o‘girilishi 2002-2011- yillarda Qashqadaryo viloyatiga hokimlik qilgan Nuriddin Zayniyev bilan bog‘liq.

Gap shundaki, bir guruh ijodkorlar Muborak gazni qayta ishlash zavodiga kelishgan. O‘shanda zavod direktori Nuriddin Zayniyev bo‘lgan. Atoqli adabiyotshunos, tarjimon Ozod Sharafiddinov o‘sha suhbatni eslab, shunday yozadi: “Bu gurungda men Nuriddin Zayniyevni batamom boshqa jihatdan kashf etib, lol qoldim – endi u shunchaki o‘z kasbini mukammal bilgan zamonaviy injener sifatidagina emas, juda ko‘p o‘qigan, olamshumul falsafiy muammolar haqida o‘ylaydigan mutafakkir, donishmand odam sifatida ko‘rindi. U ayniqsa, ulug‘ adib L.N.Tolstoy haqida hayajonlanib gapirardi. Uning bir asari ichki dunyosini ag‘dar-to‘ntar qilib yuboribdi. Unda inson hayotining ma’nosi haqida ibratli gaplar o‘rtaga tashlangan ekan:

– O‘shandan beri o‘ylayman, – dedi Nuriddin. – Haqiqatan ham inson hayotining ma’nosi nima? Inson tug‘iladi, ulg‘ayadi, berilgan muddatni yashab bo‘lib, olamdan o‘tib ketadi. Xo‘sh, uning vafoti bilan hayotining ma’nosi ham yo‘qolib ketadimi?

– Siz Tolstoyning “Iqrornoma”sini aytyapsiz-da? – deb luqma tashladim men.

– Ha, ha, o‘qigan ekansiz, – Nuriddin tilini va balki dilini tushunadigan suhbatdosh topilganidan mamnun bo‘ldi. – Shu kitobni bir zamonlar o‘qigan edim, shundan beri izlayman. Topib bo‘larmikin-a?”

Ayni shu suhbatdan keyin Ozod Sharafiddinov “Iqrornoma”ni o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Unda rusning olamga mashhur adibi hayotdagi xatoyu gunohlari, unga olib kelgan omillar, poklanish va hayot ma’nosini anglash yo‘lidagi izlanishu ruhiy tebranishlari haqida so‘z yuritadi. Shunisi aniqki, bu kabi iqroriy asarlar dunyo adabiyotida ko‘p emas. 

“Iqrornoma”ni muallif 1879-yilda, ya’ni 51 yoshida yoza boshlagan, lekin uning mazmuni haqida, asarda qo‘yilgan axloqiy-ma’naviy va falsafiy masalalar to‘g‘risida kamida 20 yoshidan o‘ylay boshlagan. Demak, asar daf’atan tug‘ilgan, birdan esga tushib qolgan, fikr mulohazalarga asoslangan emas. Ehtimol, shuning uchundirki, u bugungi kitobxon uchun ham g‘oyatda ardoqli, uning ma’naviy yangilanishida g‘oyatda sezilarli tirgak bo‘ladigan asardir”, deya qayd etadi tarjimon.

Odamning hayotiga qarab, ishlariga qarab, uning Xudoga ishonish-ishonmasligini bilib bo‘lmaydi.

***

Yozuvchilik borasidagi bu sheriklarimning hayotga qarashi shundan iborat edi: umuman hayot o‘z yo‘lida rivojlanib boradi va uning bu rivojida biz, ya’ni fikrlovchi odamlar asosiy ishtirokchilar sifatida ko‘rinamiz; fikrlovchi odamlar orasida esa biz – san’atkorlar, shoirlar asosiy ta’sir kuchiga egamiz. Zimmamizdagi burchimiz – odamlarni o‘rgatish. Ammo bunda o‘z-o‘zingga beriladigan savol ko‘ndalang bo‘lishi mumkin – xo‘sh, men o‘zim nimani bilamanu, odamlarga nimani o‘rgataman? Shu savol ko‘ndalang bo‘lmasin uchun yuqoridagi nazariyamizda bir gap aytildi – san’atkor birovga bir narsa o‘rgatmog‘i uchun o‘zi biron narsa bilishi shart emas, san’atkor bilan shoir g‘ayrishuuriy tarzda o‘rgatishadi.

***

Yozuvchilik iymonining chinligiga shubha paydo bo‘lgandan keyin men uning muhiblari hayotini sinchiklab kuzata boshladim va amin bo‘ldimki, bu iymonning deyarli hamma muhiblari – yozuvchilar vijdonsiz odamlar ekan, ularning ko‘pchiligi yaramas odamlar ekan, ularni ikki pulga arzimaydigan kaslar desa ham bo‘ladi; ular avvalgi bebosh hayotimda, harbiy hayotimda uchratgan odamlarning ko‘pidan tuban turadi, lekin ular juda ham o‘zlariga bino qo‘igan va o‘z-o‘zlaridan benihoya mamnun odamlar. Faqat avliyolargina o‘z-o‘zlaridan shunaqa mamnun bo‘lishlari mumkin yoki avliyolik nimaligini bilmaydiganlargina shunaqa bo‘lsalar, ehtimol. Men odamlarni yomon ko‘rib qoldim, o‘zimdan ham ko‘nglim qoldi. Shunda angladimki, bu iymon – yolg‘on!

***

Mendagi e’tiqod bizning davrimizdagi o‘qimishli odamlarning ko‘pchiligida bo‘lgani kabi odatiy bir shaklga kirdi. Bu e’tiqod “taraqqiy” degan so‘z bilan ifodalanar edi. U paytlarda menga bu so‘z allaqanday ma’no anglatadiganday tuyular edi. U paytlarda hali tushunmas edimki, men “qanday qilib yaxshiroq yashamog‘im kerak?” deganga o‘xshash savollar girdobida iztirob chekayotgan har qanday odam kabi “taraqqiyga muvofiq yashamoq kerak”, deb javob berar ekanman, to‘lqinlar yuzida shamol har tomonga sudrayotgan qayiqqa tushib qolgan odam “yo‘l bo‘lsin?” degan uning uchun yagona va asosiy savolga javob berish o‘rniga “allaqayoqqa yelib ketib boryapmiz” degandek bo‘lgan ekanman.

***

Odamzod dardi bedavo bir dardga chalinadigan bo‘lsa, odatda shunday bo‘ladi. Avvaliga xastalikning arzimas belgilari namoyon bo‘ladi. Bemor ularga e’tibor bermaydi. Keyin bu belgilar takror-takror uchrayveradi va bora-bora bo‘linmaydigan, bitta yaxlit dardga aylanadi. Dard kuchaygandan kuchayadi va bemor biror tadorikni ko‘rib ulgurmay anglaydiki, u oddiy xastalik deb qabul qilgan narsa uning uchun dunyodagi eng muhim narsa ekan. Bu – ajal ekan!

***

Avvallari yolg‘on hayot quvonchlari ajdahodan taraladigan dahshatni bosib turardi, endi bu meni ortiq alday olmaydi. Menga “sen hayotning ma’nosini tushuna olmaysan, bu haqda hadeb o‘ylayverma, yashayver” deb har qancha uqtirishmasin, men buni qilolmayman, chunki avvallari buni ancha uzoq muddat davomida qilganman. Endilikda qarshimda yugurib ketayotgan va meni o‘lim sari eltayotgan kun bilan tunni ko‘rmasligimning iloji yo‘q. Men faqat shuni ko‘raman, negaki faqat shugina haqiqatdir. Qolgan narsalarning hammasi – yolg‘on!

***

Ilm ohanglari juda sipo va o‘ta jiddiy, uning ko‘pgina qonun-qoidalarining inson hayotiga daxli yo‘q – ilm ularni tasdiqlash bilan ovora.

***

Tajribaga asoslangan ilmlar sohasida “qanday yashamog‘im kerak?” deb chin yurakdan so‘raydigan odam “cheksiz makonda cheksiz zamonda cheksiz murakkablik bilan sodir bo‘ladigan cheksiz zarralar o‘zgarishini o‘rgan, shunda sen o‘z hayotingni anglaysan”, degan javobga qanoat hosil qilolmaydi. Xuddi shunga o‘xshash samimiy odam “biz insoniyatning na ibtidosini, na intihosini bilamiz, biz uning kichik bir qismini ham bila olmaymiz. Lekin sen ana shu insoniyatni yaxlit olib, uning nimaligini angla. Shunda o‘zingning kimligingni anglab olasan” degan javobga ham qanoat qila olmaydi. Xuddi tajribaga asoslangan chala ilmlarda bo‘lgani kabi bu chala ilmlar ham o‘z vazifalaridan nechog‘lik chalg‘ib ketsalar, ulardagi mujmalliklar, chalkashliklar, bema’niliklar va ziddiyatlar shunchalik ko‘payib boraveradi.

***

Bu yorug‘ dunyoda hech qanaqa yangi narsa yo‘q. Ba’zan biron narsa tilga tushadi – “qara, bu yangilik” deyishadi. Ammo bu bizdan avval necha asrlar muqaddam ro‘y bergan bo‘ladi.

***

Hamma narsaning va hammaning qismati bir. Batavfiq odamning ham, betavfiqning ham, yaxshi-yomonning ham, pokiza va iflosning ham, qurbonlik qilgan va qilmaganning ham, sersaxovat va gunohkorning ham, qasam ichuvchi va qasamxo‘rning ham qismati bitta. Yorug‘ dunyodagi hamma ishlarda qismatning bitta ekani yomon, shu tufayli bani odamning yuragi yomonlikka to‘la, ularning yuragidan aql qochgan, hayotlaridan ham aql ketgan. Shundan keyin ular o‘tganlar safidan o‘rin oladi. Tiriklar orasida qolganlar hali nimalardandir umidvor bo‘lsa bo‘ladi, negaki, o‘lik arslon bo‘lgandan ko‘ra tirik kuchuk bo‘lgan yaxshi.

***

Tevarak-atrofimdagi odamlarga, butun insoniyatga o‘girilib qarab turdimki, odamlar yashayapti va hayotning ma’nosini bilamiz deyishyapti. O‘zimga o‘girilib qaradim: men hayot ma’nosini bilganim darajada yashagan ekanman. Boshqa odamlarga o‘xshab menga ham hayotning ma’nosini va yashash imkonini iymon bergan ekan.

Undan nariga o‘girilib, boshqa mamlakatlarning menga zamondosh va o‘tib ketgan odamlariga qarab ham yana o‘sha ahvolning o‘zini ko‘rdim. Qayerdaki hayot bo‘lsa, o‘sha joyda insoniyat paydo bo‘lgandan beri unga yashash imkonini beradigan iymon bor. Va iymonning asosiy belgilari hamma joyda va hamisha bir xil.

***

Mabodo butun umrini qiynoqlarda odamlarning boshini olish bilan o‘tkazgan bir jallod yoki butun umrini bir qorong‘i xonada o‘tkazgan, bu xonasini najosatga to‘latib, iflos qilib tashlagan va “shu xonadan chiqsam muqarrar halok bo‘laman” degan fikrni singdirib olgan biror uchiga chiqqan piyonista yoxud jinni o‘z-o‘ziga “Hayot nima?” deb savol bersa nima bo‘lardi? O‘z-o‘zidan ayonki, “Hayot nima?” degan savolga ular “Hayot eng katta yovuzlikdir” degan javobdan boshqa javob ola bilmas edilar. Bunda jinnining javobi mutlaqo to‘g‘ri bo‘lardi, biroq faqat uning o‘zi uchun to‘g‘ri bo‘lardi. Unda qandoq bo‘ladi – men ham o‘shanga o‘xshagan bir telbamanmi? Nahotki, bizning hammamiz – badavlat, o‘qimishli odamlar shunga o‘xshash telba bo‘lsak?

***

Men faqat uni his qilgan chog‘larimda, uni izlagan chog‘larimdagina chindan ham yashayman. “Xo‘sh, men yana nimani izlayapman? – deb sado beradi dilimdagi ovoz. – Mana u. Usiz yashab bo‘lmaydi. Xudoni tanimoq va yashamoq – aynan bir narsa. Xudo – hayotdir”.

“Yasha, Xudoni izlab top, shunda hayoting Xudosiz bo‘lmaydi”. Shunda dilimdagi va atrofimdagi narsalarning hammasi har qachongidan kuchliroq nurlanib ketdi va bu nur meni ortiq tark etmadi.

Shu tarzda men jonimga suiqasd qilishdan qutulib qoldim.

***

Hayotni anglamoq uchun men istisnolar hayotini, o‘zimizning, ya’ni hayot daraxtiga yopishib olgan tekinxo‘rlar hayotini emas, oddiy mehnatkash xalq hayotini anglamog‘im, shu xalq hayotga beradigan ma’noni tushunmog‘im lozim edi.

***

Odamning hayotdagi vazifasi – o‘z jonini saqlab qolishdir. O‘z jonini saqlab qolish uchun Xudoning buyurganlariga amal qilib yashamoq lozim.

***

Odamlar chinakamiga ishongan nimaiki bo‘lsa, u haqiqat bo‘lmog‘i kerak; u har xil yo‘sinda ifodalanmog‘i mumkin, biroq u yolg‘on bo‘lmog‘i mumkin emas, shuning uchun ham mabodo u menga yolg‘on bo‘lib tuyulsa, buning ma’nosy shundan iboratki, uni men anglamabman. Bunday tashqari yana o‘zimga dedim: har qanday iymonning mohiyati shundan iboratki, u hayotga o‘lim mahv etolmaydigan ma’no beradi.

B.SAYFIYЕV tayyorladi.