16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

Joriy yilning birinchi choragida Qashqadaryoga xorijdan 62 ming sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘pmi yo kam?

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning birinchi choragida Qashqadaryo viloyatiga 202 ming mahalliy va 62,4 ming xorijiy turistlar tashrif buyurgan hamda turizm eksporti 12,3 million AQSH dollarini tashkil etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan Qashqadaryo viloyatining turizm infratuzilmasini yaxshilash choralari va turizm dasturlari bajarilishi holatini o‘rganish  davomida shu kabi raqamlar tahlil qilindi.

Senatorlar va xalq deputatlari viloyat Kengashi doimiy komissiyalari a’zolari o‘rganish davomida ko‘plab turizm obyektlarida bo‘lib,  tuman va shaharlardagi turizm salohiyati, joylardagi turizm infratuzilmasi holati, yangi rekreatsion majmualari va turizm zonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Hozirgi vaqtda viloyatning turizm salohiyatini xorijiy davlatlarda targ‘ibot qilish uchun mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlikda 70 ga yaqin turpaketlar o‘zbek, ingliz, rus tilida ishlab chiqilgan bo‘lib, u o‘z ichiga ziyorat, ekoturizm, etnoturizm, gastroturizm va ekstremal turizm yo‘nalishlarini qamrab olgan.

Bundan tashqari, joylashtirish vositalari, ya’ni  mehmonxona, xostel, uy mehmonxonalar 2017-yilda 34 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib ularning soni 365 taga yetgan. Yangi 13 ta turoperator faoliyati yo‘lga qo‘yilib, shu tariqa viloyatda ularning soni 48 taga yetgan.

2024-yilda viloyatga 2,1 million (2023-yilda 1,8 million) mahalliy va 570 ming (2023-yil 222,3 ming) xorijiy turistlar jalb qilinib, turizm xizmatlari eksporti 115 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Senatorlar tomonidan hududlarda xorijlik sayyohlar, turoperatorlar va joylashtirish vositalari vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar o‘tkazilib, hudud miqyosida ularni qiynayotgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalarga aniqliklar kiritildi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha Senatning xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi va xalq deputatlari viloyat Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ishchi guruh tomonidan aniqlangan muammolar soha mutaxassislari va ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida muhokamadan o‘tkazildi.

Qayd etilgan muammo va kamchiliklar, xususan, turizm obyektlarida dam olish uchun qulay shart-sharoit yaratish va infratuzilmani takomillashtirish maqsadida yoritish tizimlarini o‘rnatish va suv ta’minotini yaxshilash, shuningdek, sanitariya-gigiyena shoxobchalarini barpo etish va rekonstruksiya qilish yuzasidan zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi hamda mas’ullarga taqdim etildi.

NASRIDDIN