Saralangan satrlar
Jurnalistlik, so‘z aytish – ulkan mas’uliyat. Jamiyatga haqqoniy, aniq va xolis axborot yetkazish vazifasini zimmasiga olgan kishi e’tirofu maqtovlar barobarida tanqid-u dashnomlarga, hatto ta’qibga ham duch kelishi mumkin. Bu maydonga yurak yutib kiradigan kishi borki, og‘ir-u yengilga, yaxshi-yu yomonga ko‘nib, chidab yashashi, ishlashi darkor.
Yaxshi jurnalist bo‘lmoq uchun nima kerak? Taniqli adib, jurnalistika sohasida uzoq yilar faoliyat ko‘rsatgan Xurshid Do‘stmuhammadning “Jurnalist bo‘lmoqchimisiz?” kitobida bu savolga atroflicha javob topish mumkin. Har holda ushbu kitobni o‘qib, jurnalistika kattalar qatnashadigan tadbirlarda qo‘r to‘kib, qovoq uyib o‘tirish emas, o‘zi ham ishonmaydigan gaplarni yozib, amaldorlarga maddohlik qilish emas, telegramda kanal ochib, bo‘lar-bo‘lmas gaplarni aytish emas, shallaqilik, surbetlik, tamagirlik bilan odamlar sha’niga tegish emas, o‘z manfaati yo‘lida, buyurtma uchun ishlash emas, biror narsa yozmasa-da, qo‘lida telefon ko‘tarib jurnalist degan nom ortiga biqinish ham emas, HAQ SO‘ZNI AYTISH ekanini anglash mumkin. Shu xolos.
* * *
Jurnalist qanchalik ko‘p narsani bilsa shuncha kam, biroq, bu – jurnalist barcha mavzuda birdek mahorat bilan yoza oladi, degani emas. Qiziqishingizni jilovlab olish deganda, o‘zingiz qiziqadigan, ya’ni o‘zingiz QIZIQISH bilan o‘rganadigan, qiziqib yoza oladigan mavzularni aniqlab olishni nazarda tutgan edim. Chunki, birinchidan, odam qiziqqan mavzusi bilan qanchalik ko‘p shug‘ullanmasin sira charchamaydi. Zerikmaydi. O‘zi zerikmaydigan mavzudagina odam boshqalarni QIZIQTIRA oladigan narsa yozadi.
* * *
Yoza boshladingizmi, ijodning mana shu uch xil holatiga ruhan shay turing: olqishlasalar – yutuqlardan esankirab, mag‘rurlikka berilmang, nazarga tushmasangiz – o‘kinmang, tanqidga uchrasangiz – gangib qolmang, balki mardonavor dosh bering!
Ijodni davom ettirishning birdan-bir sinalgan yo‘li, chorasi ham shu!
* * *
Jurnalist birinchi navbatda voqif bo‘lmog‘i shart! Voqiflik esa xabardor bo‘lish demakdir. Xabardorlik esa axborot to‘plash bilan bo‘ladi.
Har qanday ziyoli odam o‘zini qiziqtirgan yangiliklardan boxabar bo‘lib yuradi. Professionallashish orzusidagi jurnalist esa o‘zi uchun axborot yig‘ish tizimini yaratib olgani ma’qul. Kompyuter va internet bu borada eng zamonaviy yordamchi albatta. Lekin qizlarimizga onalarimiz go‘dakligidan bisot to‘plagani singari jurnalist o‘zi uchun o‘zi bisot to‘playdi. Bu bisot – o‘zingiz qiziqqan va yondosh soha va mavzularga doir ma’lumot, fakt va raqamlar jamg‘armasidan tashkil topadi. Bunday jamg‘armani to‘plash uchun esa tinimsiz ishlashga majbursiz. Har kuni radio va TV orqali, gazeta va jurnallar orqali ozmuncha axborot eshitasizmi, o‘qiysizmi?! Ularning o‘zingiz uchun eng muhimlarini, hatto o‘sha daqiqada muhim tuyulmaganlarini ham mumkin qadar qog‘ozga tushiring va “bisot”ga qo‘shib qo‘ying. Vaqti kelganda, shunday asqatadiki!..
* * *
Sarlavhada hikmat ko‘p. Hatto sarlavha maqolaning yarim mazmun-mohiyatini o‘taydi deyishadi. Amaliyotda takrorlanaverib siyqasi chiqib ketgan, osongina ishla-tilaveradigan sarlavhalar shu qadar ko‘pki, ular gazetxonning g‘ashini keltiradi, hatto xabar yo maqola qiziqarli bo‘lgan taqdirda ham sarlavha o‘quvchining hafsalasini pir qiladi. Ra’yini qaytaradi. Ixlosini so‘ndiradi.
* * *
Ba’zan shunday holatlar bo‘ladiki, e’lon qilinganda maqola yoki asarning janri ko‘rsatilmasligi ham mumkin, lekin uni qaysi janrda yoza-yotganingizni ijod jarayonida o‘zingiz uchun aniqlab olmog‘ingiz kerak. Shunda o‘z-o‘zidan ortiqcha tafsilotlarga berilmaysiz, muhimni nomuhimdan ajratib olasiz, yaxlitlikka erishasiz. Shakl va mazmun mutanosibligi jurnalist mahoratining muhim ko‘rsatkichi ekanidan tashqari, bunday mutanosiblik va uyg‘unlik saqlangan maqolaning ta’sir kuchi, o‘qishliligi ortadi.
* * *
Savolning turi ko‘p, bu, Sizning o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadingizdan kelib chiqadi. Ya’ni: axborot olish uchun savol; bahs qo‘zg‘ovchi savol; “hujumkor” savol; qitmir savol; ilmoqli savol va hokazo. Ko‘ryapsizmi, har “qadamda”, turli sharoit va turfa niyatlarda savol berishingizga to‘g‘ri keladi. Ba’zan bemalol, ba’zan o‘ta shoshilinch vaziyatlarga tushasiz. Undan qat’i nazar, Siz savol berishga va javob olishga ulgurishingiz shart!
* * *
Qonunlar jamiyatdagi barcha munosabatlarni uyg‘unlashtiruvchi, muvozanatga soluvchi asosiy vosita ekan, jamiyatga qarata so‘z aytuvchi kasb egasi – jurnalist qonundan tashqarida yasholmaydi ham, ishlolmaydi ham. Teleekran orqali aytilgan ikki og‘iz so‘zni ozmuncha tomoshabin ko‘radimi? Radioni ozmuncha odam eshitadimi! Gazetani qanchadan-qancha mushtariy o‘qiydi.
* * *
Jurnalist kasb taqozosidan kelib chiqib doimo jamiyat “puls”idan boxabar turadi. Uning yozganlaridan (TVda ko‘rsatganlari, radioda eshittirganlaridan) ko‘pchilik bah-ramand bo‘ladi, demak, ta’sirlanadi. Ta’sirlangani, ta’sirga berildi degani. Ko‘rinadiki, jurnalist juda ko‘p sonli fuqaroni ma’lum bir ta’sir doirasiga olib kirish qudratiga ega. Bu – ham sharaf, ham mas’uliyat.
* * *
Jurnalist munosabatlar, holat-vaziyatlar keskin o‘zgaruvchan favqulodda sharoitlarda ishlaydi. Boshi berk ko‘chalarga kirib qolishi, tahlikali holatlarda o‘zini yo‘qotib qo‘yishi ham hech gap emas.
Kasbiy shaxsi-kamoli jurnalistni mana shunday vaziyatlardan xalos etadi. Ya’ni, u o‘z pozisiyasida qaddini g‘oz tutib qoladi.
* * *
Jurnalistning tafakkuri axborot oqimlari kesishgan, to‘qnashgan nuqtalarda “yashashi”, shakl-lanishidan kelib chiqilsa, bunday axborot “izdihom”ida o‘zligini saqlab qolish uchun ham jurnalistning shaxsi mustahkam bo‘lmog‘i zarur. Aks holda u har maqomga yo‘rg‘alayotganini o‘zi sezmay qoladi. So‘zidan putur ketadi, chiqishlari o‘z ta’sirini yo‘qotadi. Omma esa juda ziyrak va hushyor, zero, u jurnalistdagi bunday o‘zgarishlarni darhol payqaydi. Matbuotda boy berilgan nufuzni tiklash juda-juda qiyin kechadi.
* * *
Har qanday mavzuni yozayotganda masalaga dunyo nuqtai nazarlaridan qarashga odatlanish zarur, aks holda qarashlar, mezonlar torayib ketadi, jurnalist mayda maqsadlar, g‘oyalar atrofida o‘ralashib qoladi. Maydalashgan jurnalistning ijodi ham maydalashadi. Vaholanki, mayda va “arzimas” mavzuda ham jiddiy va “arzirli” maqolalar yozish mumkin, axir siz globallashuv asri jurnalisti bo‘lmoq-chisiz!
* * *
Internet bamisoli jungli, junglidan yo‘l topib, undan o‘zimizga, jamiyatimizga “axborot” deya atalmish eng zarur dorivor giyohlarni yig‘ib-terish uchun ham tajribali sayyohning kompasi, malakali jurnalistning nigohi bo‘lishi zarur.
* * *
“15-noyabrdan 16-noyabrga o‘tar kechasi” qabilidagi iboralar ko‘p quloqqa chalinadi, ko‘zga tashlanadi. Bunda “15-noyabrdan” degan jumlaga hojat yo‘q. Chunki hech qachon 14-noyabrdan 16-noyabrga sakrab o‘tilmaydi, “16-noyabrga o‘tar kechasi” deyilsa ham 15-noyabrdan o‘tilayotgani anglashilaveradi.
* * *
Bir narsani unutmang – ustozdan o‘zish, loaqal ustozdan o‘zgacharoq, yangicharoq yozishga urinmagan jurnalist uzoqqa bormaydi. Davr tinimsiz o‘zgaradi, kechagi kun jurnalistikasi – kechagi kunniki, bugun – kechagidan, ertaga – bugungidan o‘zgacha jurnalistika jamoatchilikka ma’qul keladi. Siz esa mana shu o‘zgaruvchanlikka shay turmog‘ingiz shart. Zero, jurnalistika faqat bugungi kun nafasi bilan yashaydi!
* * *
Sensatsiyabozlikka, to‘rtta maqola yozmay turib, keng jamoatchilikning, el-yurtning nazariga tushishga shoshilmang. Jurnalistlik mehnatingiz uchun avvaldan manfaat kutmang, tamagirlikdan o‘zingizni asrang. Jurnalist shuhrat qozonishi qiyin, lekin nazardan qolishi juda oson.
* * *
Kishilar orasidagi kelishmov-chiliklarga shaxsan daxldor bo‘lsangiz, yaxshisi, yozmang.
* * *
Bahs-munozaraga kirishayapsizmi, avvalo, nuqtai nazaringizda qat’iyatli bo‘ling, so‘ng bahs madaniyatini unutmagan holda o‘zgalar fikriga ham toqatli bo‘ling.
* * *
Odamlarni tanqid qilishingiz mumkin, lekin shaxsiga, izzat-nafsiga tegishga haqqingiz yo‘q.
* * *
Yumor tuyg‘usi ko‘p holatlarda mushkulingizni oson qiladi.
* * *
Hamkasblarning ijodiy yutug‘idan quvonish doimiy fazilatingizga aylansin.
B.SAYFIYEV tayyorladi.

