16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Kameralar oy yuzingni bir ko‘rsin!

Olma otada bir nechta ayol jamoat joyida niqob – yuzning ko‘zdan tashqari qismini to‘liq yopib turuvchi mato taqib yurgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda shahar politsiya boshqarmasi ma’lum qilgan.

Idora xodimlari ijtimoiy tarmoqlardagi video materiallarni ko‘zdan kechirish jarayonida mazkur qoidabuzarlikka duch kelishgan. Tasvirda jamoat joyida yuzlari berkitilgan bir nechta ayol hamrohligida turgan erkak ko‘ringan. Aniqlanishicha, videorolik atay sahnalashtirib olingan bo‘lib, tijorat loyihasi doirasida tayyorlangan.

Uning ayrim ishtirokchilari harakatlarida huquqbuzarlik – jamoat joylarida yuzni tanishga xalal beradigan libosda yurish alomatlari ko‘ringan. «Aybdorlar ma’muriy javobgarlikka tortildi», deyiladi xabarda.

Qozog‘istonda jamoat joylarida yuzni yashiruvchi libosda yurishga taqiq 2025- yilning yozidan buyon amal qiladi. Unga oid hujjatni prezident Qosim-Jomart Toqayev o‘tgan yili 30-iyunda imzolagan.