Germaniyaning Leypsig shahar Hunarmandchilik palatasi Ta’lim va texnologiyalar markazida ikki oylik malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunlagan Qashqadaryo viloyatining politexnikumlari o‘qituvchilariga sertifikatlar topshirildi.
Qashqadaryo va dunyo
Viloyatda amalga oshirilayotgan Germaniya standartlari bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitish pilot loyihasi doirasida Leypsig Hunarmandchilik palatasi «AVESTOS GmbH» kompaniyasi bilan hamkorlikda hududning tanlab olingan oltita politexnikumidan 24 nafar o‘qituvchini ikki oylik malaka oshirish kursiga jalb etgan edi. Ushbu kursni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilar nemis standartlari bo‘yicha o‘qitish huquqini beradigan xalqaro malaka sertifikatini qo‘lga kiritishdi. Endilikda ular joriy o‘quv yilidan boshlab mahalliy yoshlarga qurilish va metall texnologiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beradilar. Shu asosda tayyorlangan mutaxassislar Germaniyaning kasb malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirsa, ushbu mamlakatda ishlash huquqini beradigan diplomga ega bo‘lishadi, deb yozadi dunyo.info sayti.
– Germaniya standartlari bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitishni O‘zbekistondagi tanlangan ta’lim tashkilotlarida joriy etish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirish jarayonida biz muhim bosqichga yetdik, – degan sertifikat topshirish tadbirida «AVESTOS GmbH» kompaniyasi rahbari Klaus Mixel. – Saralab olingan mahalliy o‘qituvchilarni malaka oshirtirishga erishganimizdan mamnunmiz. Ular endi tegishli yo‘nalishdagi kasblar bo‘yicha sinflarda yoshlarga nemis standartlari asosida amaliy ta’lim berishni boshlashlari mumkin.
Ma’lumki, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab Qashqadaryo viloyati politexnikumlarida qurilish va metallar texnologiyasi bo‘yicha to‘liq nemis standartlariga asoslangan kasb-hunarga o‘qitish tizimi pilot loyiha sifatida muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.
– Dastlab loyiha uchun ikkita politexnikum tanlab olingan edi, joriy yilda ularning soni yana to‘rttaga kengaytirildi, – deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Mavlonov. – Joriy o‘quv yilidan boshlab ularda «Ausbildung» tizimi bo‘yicha o‘quvchilarni qabul qilayapmiz. Loyiha doirasidagi ta’lim jarayoni to‘liq Germaniya standartlari asosida yo‘lga qo‘yiladi va nemis ekspertlari tomonidan monitoring qilib boriladi.
Aytilishicha, xorijlik hamkorlar tomonidan buning uchun zarur o‘quv adabiyotlari allaqachon yetkazib berilgan. Oraliq va yakuniy imtihonlar ham Leypsig Hunarmandchilik palatasi tomonidan qabul qilinadi. Maqsad – mahalliy yoshlarni jahon standarti talablariga javob beradigan mutaxassislar etib tayyorlash.
– Men ikki oy davomida metallar texnologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirdim, – deydi G‘uzor tumanidagi 1-son politexnikumining ishlab chiqarish ta’lim ustasi G‘anisher Xolmatov. – Nemis standarti asosida o‘zimga kerakli yangi bilim va ko‘nikmalarni oldim. Endi uni yurtimizdagi yoshlarga o‘rgatib, o‘z kasbining yetuklari bo‘lgan mutaxassislar tayyorlashga bor kuch-g‘ayratimni sarflayman. O‘ylaymanki, ular kelajakda Germaniyaning yirik korxonalarida ishlaydi.
– Kurs doirasidagi o‘quv seminarlari laboratoriyalarda olib borildi, – deydi Qarshi shahridagi 2-son politexnikum o‘qituvchisi O‘ktam Rajabov. – Qurilish yo‘nalishida beshta mutaxassislik bo‘yicha to‘rtinchi darajali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha malaka oshirdim. Germaniyalik ustalar nemis qurilish tizimi standartlari asosida g‘isht terishdan tortib, suvoq qilish, qoplamalar yotqizishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni nazariy va amaliy jihatdan ko‘rsatib berishdi. Kurs yakunida tegishli yo‘nalishda to‘rtinchi darajali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘qitish sertifikatiga ega bo‘ldim.
O‘z muxbirimiz

