Qarshi shahrida «Kinderwelt» nomli o‘zbek va nemis tillarida faoliyat yurituvchi ilk bolalar bog‘chasi ochildi. Ushbu loyiha Germaniyaning Yevropada o‘quv va o‘qitish vositalari, ta’lim xizmatlarining keng tanlovini taklif etuvchi Ernst Klett AG kompaniyasi hamda uning Klett Kita & Schule GmbH shu’ba korxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgani ahamiyatli.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov, Ernst Klett AG boshqaruvi raisi Filipp Xaufmann, Klett Kita & Schule GmbH bosh direktori Ann-Kristin Verner O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ta’lim sohasidagi hamkorlikni yuqori baholab, Qarshida yangidan faoliyat boshlagan o‘zbek-nemis bog‘chasi buning yana bir ifodasi bo‘lganini ta’kidlashdi. U mamlakatimizda tashkil etilgan ilk nemis metodologiyasiga asoslangan maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lganligini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

«Umid qilamanki, bugun «Kinderwelt» bog‘chasiga qabul qilingan bolajonlar oradan muayyan vaqt o‘tib, Germaniyaning eng yaxshi universitetlarida tahsil oladilar», deydi Filipp Xaufmann.
Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotida xorijlik hamkorlar ko‘magida o‘quv dasturlari va o‘qituvchilarni tayyorlash, dars metodikasi va tarbiyaviy yondashuvlar bo‘yicha Germaniya tajribasi to‘liq joriy etilgani diqqatga sazovor.
Ayni vaqtda bog‘chada ish boshlagan to‘rt nafar mahalliy pedagog Germaniyada malaka oshirib, Klett Kita & Schule GmbH metodologiyasi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan. Shuningdek, yaqin kunlarda nemis pedagoglarining ham Qarshiga kelib, amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishi rejalashtirilgan.

Ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun zamonaviy talablar asosida hozirlangan binoda bolalar uchun qulay, xavfsiz va ijodiy muhit yaratilgan bo‘lib, sog‘lom ovqatlanish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ham e’tirofga loyiq.
O‘z muxbirimiz

