16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Konstitutsiyani o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaymiz!

Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi «tinchlik» konstitutsiyasi qabul qilinganiga 79 yil to‘lishi munosabati bilan 50 ming kishi Tokio ko‘chalari bo‘ylab mitingga chiqdi, bu so‘nggi yillardagi rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. Bu haqda tadbir tashkilotchilari xabar tarqatgan. 

Ma’lum qilinishicha, bunday tadbirlar uchun noodatiy holat – olomon orasida ko‘plab yoshlar bo‘lgan. Namoyishchilar «Urushga yo‘l yo‘q!», «Konstitutsiyani o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaymiz!», «9-moddani himoya qilamiz!» kabi yozuvlar tushirilgan plakatlarni ko‘tarishgan.

Tokiolik 25 yoshli qiz asosiy qonun qayta ko‘rib chiqilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mitingga qo‘shilishga qaror qilganini aytgan. «Mamlakatning milliy manfaatlari nuqtai nazaridan, menimcha, konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilmasligi kerak», degan uning hamrohi. 

Yaponiya bosh qonuni davlatga xalqaro nizolarni hal qilish uchun urushdan foydalanish va armiya saqlashni taqiqlovchi 9-modda tufayli «tinchlik» konstitutsiyasi deb ataladi. Bosh vazir Sanae Takaiti boshchiligidagi hukumron Liberal-demokratik partiya ushbu moddani eskirgan hisoblab, bir necha bor uni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidlagan.